Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vazirlik jamoasi Ravshan Ermatovning o‘yini evaziga g‘olib chiqdi

Vazirlik jamoasi Ravshan Ermatovning o‘yini evaziga g‘olib chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-martdagi «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–5368-sonli Farmonida Jismoniy tarbiya va sport vazirligining asosiy vazifalaridan biri etib jismoniy tarbiya va sport sohasida aholining keng qatlamlarini sport bilan shug‘ullanishga va sog‘lom turmush tarzini yuritishga jalb etish belgilangan.

Ayni paytda mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga vazirlik jamoasi sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bilan cheklanib qolmasdan o‘zlari ham bu jarayonda faol ishtirok etishga harakat qilishyapti.

Shu maqsadda kecha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga qarashli sun’iy qoplamali maydonda futbol bo‘yicha o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etildi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda «O‘zAtom» agentligi jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahsda avvaliga vazirlik jamoasi 3-0 hisobida oldinga chiqib olgandi. Biroq, keyinchalik «O‘zAtom» agentligi xodimlari muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Shundan so‘ng Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatovning sa’y-harakatlari bilan vazirlik jamoasi yana tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va yakunda 6:3 hisobi bilan g‘alabaga erishdi.

Muhimi bu emas, eng asosiysi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati va xodimlari mamlakatimiz aholisi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish asnosida o‘zlari ham bu jarayonda faol bo‘lishga intilishmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring