Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Voleybol. «Bosh vazir kubogi»ni temiryo‘lchilar jamoasi qo‘lga kiritdi

Voleybol. «Bosh vazir kubogi»ni temiryo‘lchilar jamoasi qo‘lga kiritdi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari o‘rtasida «Bosh vazir kubogi»ning voleybol musobaqalari yakunlandi.

Dastlab 3-o‘rin uchun kechgan bahsda O‘zbekiston milliy axborot agentligi hamda Maktabgacha ta’lim vazirligi jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Maktabgacha ta’lim vazirligi jamoasi birinchi partiyani o‘z foydalariga hal qilib, hisobda oldinga chiqib olgan bo‘lsa-da, O‘zA qizlari bo‘shashmadi va oxirigacha kurashdi. Ikkinchi partiyani yutgan jurnalistlar jamoasi hal qiluvchi 3-partiyada ham o‘z ustunligini namoyish qildi hamda musobaqaning bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Finalda «O‘zbekiston temir yo‘llari» hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi voleybolchi xotin-qizlari ro‘baro‘ kelishdi. Ochig‘ini aytish kerak, temiryo‘lchilar jamoasi musobaqaga har jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rib kelishgan ekan va buni ular turnir davomida isbot qilishdi. Musobaqa boshida Respublika «Mahalla» fondi jamoasidan texnik mag‘lubiyatni qabul qilib olgan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning voleybolchi xotin-qizlari qolgan barcha o‘yinlarda raqiblaridan yaqqol ustunligi ko‘rinib qoldi.

Finalda ham ular jiddiy qarshilikka uchramadi va birinchi marotaba tashkil etilgan «Bosh vazir kubogi»ni boshi uzra baland ko‘taradigan bo‘lishdi. Faqat bu jarayon biroz keyinroqqa qoldirildi. Negaki tashkilotchilar «Bosh vazir kubogi»ning futbol va voleybol musobaqalari g‘oliblarini bir vaqtda, ya’ni 27-oktyabr kuni «Milliy» stadionda taqdirlashga qaror qildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring