Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Low coster» qatnovi, musofirchilikdagi qiyinchiliklar – Londondagi o‘zbek yigiti bilan suhbat

«Low coster» qatnovi, musofirchilikdagi qiyinchiliklar – Londondagi o‘zbek yigiti bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasining navbatdagi suhbatdoshi – Buyuk Britaniyadagi London Janubiy Bank universiteti «Xalqaro biznes boshqaruvi» yo‘nalishi magistranti Islombek G‘ayratov.

Qahramonimiz 1996 yil Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. Bakalavr bosqichini Toshkentdagi Xalqaro Vestminstr universitetida o‘qigan.

Men uchun eng yaxshi tanlov bo‘lgan

2011-2014 yillar oralig‘idi Toshkent shahridagi Sirojiddinov nomli akademik litseyda o‘qiganman. Ochig‘i u vaqtlar Toshkentdagi Xalqaro Vestminstr universiteti haqida unchalik ham ko‘p ma’lumotga ega emas edim. O‘sha vaqtlari litsey, undan so‘ng esa qo‘shimcha xorijiy til darslariga borganman. Meni Vestminstr universitetida kirib, u yerda tahsil olishimga litsey va qo‘shimcha darslarda menga ingliz tilidan dars bergan ustozlarim sababchi bo‘lishgan. Ushbu universitet haqida bilganim sari, unga bo‘lgan qiziqishim ham ortib boravergan. Hatto, universitetga qabul qilinishimdan oldin, universitetda tashkil qilingan «Open Doors»ga ro‘yixatdan o‘tib, oliygoh shart-sharoitlari, imkoniyatlari haqida yanada ko‘proq ma’lumot olish uchun borganim yodimda.

Mazkur ta’lim muassasasida o‘qish men uchun eng yaxshi tanlov bo‘lgan va bu borada meni qo‘llab-quvvatlagan, sharoit yaratib bergan dadamdan har doim minnatdorman. Bu universitetdagi tahsil dunyoqarishim kengayishi va men uchun tom ma’noda dunyo eshiklarini ochgan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ularning yashash tarzini o‘rganishni xohlaganman

Magistr darajasini olish uchun Qo‘shma Shtatlar, Avstraliya va Buyuk Britaniyadan boshqa variantlar haqida qiziqib ham ko‘rmaganman. Ushbu davlatlar men o‘zim uchun maqsad qilgan asosiy uchlik deb aytishim mumkin. Bunga asosiy sabab, bu davlatlarda talabalar uchun imkoniyatlarning kengligi, o‘qish davomida ishlash orqali harajatlarni qoplash imkoniyati va ingliz tili davlat tili hisoblanganligi bo‘lgan. Sababi men faqat universitet hududida emas, balki jamiyatdagi qolgan insonlarni ham ingliz tilida suhbatlashishini, ularning yashash tarzini o‘rganishni juda ham qattiq xohlaganman.

Nega aynan Buyuk Britaniyada to‘xtaldim?

Sodda qilib aytganda, Buyuk Britaniya ta’lim tizimi men uchun tanish ekanligi (Toshkentdagi Xalqaro Vestminstr universiteti) asosiy turtki bo‘lgan. Bundan tashqari, AQSh vizasini avval ikki marta qo‘lga kiritgan bo‘lsam ham, davomli berilishi kafolatlanmasligi, Avstraliyani esa vizagacha harajatlari nisbatan qimmatroq ekanligi sabab bo‘lgan.

Endilikda, Buyuk Britaniya talabalari ham, universitetni tamomlagandan so‘ng, ikki yillik qo‘shimcha ish vizasiga ega bo‘lishlari ham, tanlovimda katta o‘rin tutgan.

Monopoliyasiz hamma sohada rivojlanishga erishamiz

Savolingizdan kelib chiqib ayta olamanki, birinchi navbatda monopoliya sabab, rivojlanishdan to‘xtab qolayotgan barcha sohalarni qaytadan isloh qilinishini xohlagan bo‘lardim. Eng avvalo, milliy aviakompaniyamiz va aeroport bojlari masalasida o‘zgarishlar qilinishi tarafdoriman. To‘g‘ri, ba’zi ishlar qilindi, lekin hali qilinishi kerak bo‘lgan masalalar ko‘p. Masalan, O‘zbekistonni turizm orqali ancha dunyoga tanitishimiz mumkin. O‘zbekiston, Yevropa mamlakatlari va Sharqiy Osiyo davlatlari o‘rtasida joylashgan, chuqur tarixga ega davlat. Shuning uchun O‘zbekistonga kirishga vizasiz rejim tizimini yanada ko‘proq davlatlarga qo‘llash kerak.

Ikkinchisi, yanada ko‘proq aviakompaniyalarga O‘zbekiston orqali uchishga ruxsat berilishi kerak, shu jumladan, «low coster» samalyotlar qatnoviga ham. Bu narsa qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistonda allaqachon amalda.

Uchinchidan, aeroport stavkalarini xorijiy aviakompaniyalar uchun ham arzonroq qilish lozim. Sababi, shu tufayli ularni ham aviabilet narxlarini sun’iy ravishda oshirib qo‘yyapmiz. Agar visasiz rejim bo‘lsa, uchishlar soni ko‘p bo‘lsa, bilet narxlari arzon bo‘lsa, g‘arbdan sharqqa, sharqdan g‘arbga yo‘l olayotgan insonlar, O‘zbekiston orqali uchib o‘tishlari keskin ko‘tariladi. Yurtimizda o‘tkazgan har bir kunlari esa, turizm rivojlanishi uchun asosiy poydevor bo‘lgan bo‘lar edi. Biz tariximiz zo‘r deb maqtansagu, kelib ko‘rish uchun yetarlicha imkoniyat yaratib berolmasak, so‘zlarimiz isbotini topmagan bo‘ladi.

Asosiysi, ishlab chiqaruvchilar, xizmat ko‘rastuvchilar va istemolchilar uchun yetarlicha tanlov imkoniyati berilsin. Monopoliyasiz hamma sohada rivojlanishga erishamiz.

Musofirchilikda ona yurtingiz, ota-ona va yaqinlarni sog‘inasiz

Bu borada mendan ko‘p so‘rashadi. Albatta begona muhitga moslashish oson emas. Shu ma’noda, Buyuk Britaniyaga ishlash uchun kelayotganlarga avvalo ingliz tilini mustahkamroq o‘rganib kelish, talabalar uchun esa mustaqil hayot kechirishga moslasha olish uchun o‘zlarida yetarlicha kuch topib kelishlarini tavsiya qilaman. Chunki, musofirchilikda ona yurtingiz, ota-ona va yaqinlarni qattiq sog‘inasiz, ular bilan birga bo‘lgingiz, bir dasturxon atrofida o‘tirib, o‘zimizning shirin taomlarimizni iste’mol qilgingiz keladi. Shuning uchun kelishdan oldin sabr va qat’iyatli bo‘lib kelish zarur.

Jamiyat va o‘zgalar uchun foydam tegishini istayman

Bo‘sh vaqtim juda ham kam bo‘ladi. Asosan, uydagilar va yaqinlarim bilan video orqali suhbatlashaman. Bu yerdagi do‘stlarim bilan dam olish kunlari shahar aylanamiz, muzey yoki ko‘rgazmalarga tashrif buyuramiz, ba’zan, boshqa yon atrofdagi shaharlarga kichik sayohatlar uyushtiramiz. Karonavirusdan oldin, universitetdagi talaba do‘stlarimiz bilan stol tennisi ham o‘ynab turar edik. Bu meni O‘zbekistonda ham sevimli mashg‘ulotlarimdan biri bo‘lgan.

Kejakdan umidlarim katta. Bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar va erishishim zarur bo‘lgan maqsadlarim juda ham ko‘p. Lekin ularni amalga oshmasidan oldin barcha bilan o‘rtoqlashishni unchalik ham xohlamayman. Biroq shuni aniq ayta olamanki, qayerda bo‘lmay amalga oshirajak rejalarim orqali albatta jamiyat va o‘zgalar uchun foydam tegishini istayman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring