Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qizamiq: kasallik butun dunyoda ortib bormoqda, O‘zbekiston ham endi undan xoli hudud emas

Qizamiq: kasallik butun dunyoda ortib bormoqda, O‘zbekiston ham endi undan xoli hudud emas

Nima bo‘ldi?

Shu yilning aprel oyi boshida qo‘shni Qozog‘istonda bolalarning qizamiq bilan kasallanish holatlari keskin ko‘paygani xabar qilingan edi.  Olmaota shahrining o‘zida 70 dan ortiq kasallik holati qayd etilgan. Biroz vaqt o‘tib, Rossiyaning 44 hududida qizamiq bilan kasallanish holati uchragani haqida rasman xabar berildi. Qizamiq tarqalgan hududlar asosan qishloq joylarga to‘g‘ri kelgani bois, vaqtida shifokorga murojaat qilish va o‘z vaqtida tashxis qo‘yish murakkab kechayotgani ham aytildi. Bundan ko‘rinadiki, vaziyat rasmiy statistikadan ko‘ra murakkabroq bo‘lishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa davlatlari ham qizamiq tarqalishiga qarshi faol kurashayotgani, chunki 2023 yildagi ko‘rsatkichlar 2022 yildagi barcha kasallanishlar sonidan ortib ketganidan ogohlantirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham O‘zbekistonda qizamiq bilan kasallanganlar soni ortayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Telegram va Facebook’dagi ota-onalar guruhlarida ham bu mavzu doimiy muhokamada bo‘lib turibdi.

Ushbu holat bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rasmiy munosabat bildirib, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekistonda 37 nafar bemorda qizamiq kasalligi tasdiqlangani haqida xabar berdi.

Qizamiq nega ko‘paymoqda?

COVID-19 pandemiyasi butun dunyo bo‘ylab emlash jarayonlarini keskin susaytirib yubordi. Bu faqat qizamiq emas, boshqa yuqumli kasalliklarga ham tegishli. Ayniqsa, qat’iy karantin cheklovlari, koronavirus vahimasi, tibbiyot muassasalarining haddan ziyod bosim bilan ishlashi tufayli millionlab bolalar yuqumli kasalliklarga qarshi o‘z vaqtida emlanmay qolib ketgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra,  2021 yilda dunyo bo‘yicha 40 million bola qizamiqning oldini olishga qaratilgan rejali emlashdan chetda qolgan: 25 million bola birinchi dozani olmagan bo‘lsa, 14,7 million nafari esa ikkinchi dozada emlanmagan.

O‘zbekiston qizamiqdan xoli hudud deb tan olingan edimi?

Haqiqatdan ham, 2017 yilda O‘zbekiston «Qizamiq va qizilchaning 36 oylik eliminatsiyasiga erishgan hudud» nomli xalqaro sertifikatlarni olishga muvaffaq bo‘lgan edi. YuNISEFning Toshkentdagi vakolatxonasi mamlakat 2014 yil yanvardan 2016 yil dekabriga qadar mazkur kasalliklarni yo‘q qilishga erishdi, deya xabar ham bergan. Chunki o‘sha yillarda emlash darajasi birinchi vaksinatsiyada 99,5 foiz, takroriy vaksinatsiyada esa 99,7 foizni tashkil etgan. Hozirda esa bu raqam 98,4 foiz deya ma’lumot berilmoqda.  


Kimlar xavf guruhiga kiradi?

Qizamiq virusli kasallik bo‘lib, odamdan-odamga juda tez yuqadi. Ko‘pchilik o‘ylaganidek, qizamiq faqat bolalar kasalligi emas. U har qanday yoshdagi odamga yuqishi mumkin. Ko‘p hollarda esa emlanmagan chaqaloqlar, bog‘cha va maktab bolalarida uchraydi. Kattalarning yuqori xavf guruhiga talabalar, chet ellik sayohatchilar va tibbiyot xodimlari kiradi. Qizamiq havo orqali, kasallangan odamning burun yoki so‘lak ajralmalaridan yuqadi. Qizamiq virusi xona havosida 2 soatgacha saqlanishi mumkin.

Belgilari qanday?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, qizamiqning birinchi alomati virus yuqqandan keyin 10-12 kun o‘tgach paydo bo‘ladigan yuqori isitma hisoblanadi. Harorat ko‘tarilishi 4-7 kun davom etadi. Dastlabki bosqichda burun oqishi, yo‘tal, ko‘z qizarishi va yoshlanishi, shuningdek, yonoqlarning ichki qismida kichik oq dog‘lar paydo bo‘lishi mumkin. Bir necha kundan so‘ng, odatda yuz va bo‘yinning yuqori qismida toshma paydo bo‘ladi. Taxminan 3 kundan keyin toshma butun tanaga toshadi va 5-6 kun davom etadi.

Kimlar uchun xavfli?

Qizamiq besh yoshgacha bo‘lgan bolalar va 30 yoshdan oshgan kattalarda ko‘proq og‘ir kechadi. Shuningdek, to‘yib ovqatlanmaydigan yosh bolalar, ayniqsa A vitamini yetishmaydigan yoki immuniteti past bolalarda asoratlari ko‘p uchraydi.

Qizamiqning og‘ir asoratlari orasida o‘rta quloq infeksiyasi, pnevmoniya, tomoq bo‘g‘ilishi, diareya, hatto ensefalit (miya yallig‘lanishi) ham kuzatilishi mumkin.

Oldini olish va davolash

Qizamiqning oldini olishda samarali, ishonchli va arzon chora – emlash. Qizamiqqa qarshi vaksina 50 yildan ortiq vaqt ichida o‘zini oqlab kelmoqda.

Bolalar qizamiqqa qarshi ikki bosqichda emlanadi. O‘zbekiston milliy emlash kalendariga asosan, qizilchaga qarshi vaksina 1 va 6 yoshda o‘tkaziladi.

JSST ko‘magida aprel oyi oxirida dunyo bo‘ylab jahon immunizatsiya haftaligi o‘tkazildi. O‘zbekistonda ham bu tadbir davom etmoqda. Ya’ni joylarda oldini olish mumkin bo‘lgan 13 turdagi yuqumli kasallikka qarshi immunizatsiya tadbirlari milliy emlash kalendariga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Qizamiq virusiga qarshi maxsus preparat mavjud emas. Davolash qizamiq alomatlarini kamaytirish va asoratlarining oldini olishga qaratilgan bo‘ladi. 

Dilroz Abrayeva tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring