Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tanishingiz yoki «ko‘ki»dan bo‘lmasa, ishingiz bitmaydi...mi?

Tanishingiz yoki «ko‘ki»dan bo‘lmasa, ishingiz bitmaydi...mi?

Foto: «Xabar.uz»

9-dekabr — Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro kuni. 2003-yil 21-noyabrda Meksikada BMT Bosh Assambleyasi tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi imzolangan bo‘lib, 9-dekabr - Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro kuni deb e’lon qilingan. Ushbu kun 2004-yildan boshlab xalqaro miqyosida har yili nishonlanadi.

Korrupsiya – jamiyat rivojlanishining eng katta to‘sig‘i

Noyabr oyining boshlarida ko‘pchilikning diqqat-e’tibori kunning eng dolzarb mavzusi – korrupsiyaga qaratildi. Korrupsiya tufayli Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori ishdan olingani to‘g‘risidagi xabar deyarli barcha ijtimoiy tarmoqlarni oyoqqa turg‘azdi.

– Oddiy qoida: korrupsiya bor joyda taraqqiyot bo‘lmaydi. Endi bu poraxo‘rlik oliy ta’lim tizimida avj olsa-chi? Birinchi navbatda, iste’dodli yoshlar talaba bo‘la olmaydi, yurtdan chiqib ketib qoladi. Oxir-oqibatda mamlakatni, xalqni savodsizlar, uquvsizlar boshqara boshlaydi. Yana o‘g‘rilik, yana korrupsiya avj oladi! – deb yozadi jurnalist Fozil Farhod Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi guruhida.

Lobar Xayrullayeva esa, avvalo, islohotni hamma o‘zidan boshlasin, hech kim pora bermasin, pora olmasin. Birovning haqidan, Ollohdan qo‘rqsin, deydi. Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi nomidan kiruvchi muxlis, korrupsiya jamiyat rivojlanishining eng katta to‘sig‘i, dushmani. U bor ekan rivojlanish bo‘lmaydi, u bor ekan kelajagimiz porlamaydi, deya fikr bildiradi.

«Tanishingiz bo‘lmasa ishingiz bitmaydi»

Korrupsiya bizning qon-qonimizga singib ketgan illat ekanini men tez-tez u bilan ro‘baro‘ bo‘lganimda his etaman. Ikki-uch yildan buyon mana shu holatga qarshi mamlakatimizda kurash olib borilyapti, bundan keyin ham olib borilishi shart. Bunga esa katta korrupsiyalarga yo‘l ochib berayotgan mayda korrupsiyaga misollarimiz yetarlicha.

Joriy yilning avgust oyida Xalq ta’limi vazirining farzandini doimiy yashash joyidan boshqa hududdagi maktablarga berishni istovchi ota-onalar tomonidan maktabga mablag‘ to‘lanishini joriy qilish haqidagi taklifi tarqaldi. Yaxshiki, bu reja amalga oshmadi. Ammo, ko‘plab maktablarda tanish-bilishchilik qilish uchun mana shu amalga oshmagan yangilik ham qo‘l keldi.

– Jiyanimni birinchi sinfga joylashtirish uchun singlim o‘zi yashaydigan hududdagi maktabga olib boribdi, – deya hikoya qiladi amaldor dugonalarimdan biri. – Qayta-qayta borishiga qaramay, direktor «joy yo‘q» deb qaytarib yuboribdi. Maktabdagi kotiba singlimni bir chetga chaqirib: «Opa, kattaroq tanishingizni o‘rtaga qo‘ysangiz, darrov ishingiz bitadi», deb maslahat beribdi. Mansabdor shaxs ekanligim shu payt juda qo‘l keldi. Singlimning iltimosiga ko‘ra, direktor qabuliga kirdim. Shu... shunaqa tashkilotda rahbar bo‘lib ishlayman, xizmat bo‘lsa tayyorman, deb o‘zimni tanishtirdim. Direktor meni iliq qarshi oldi va qo‘limdagi hujjatlarni olib qoldi. Qaranga, oddiy fuqaro bir iltimos bilan borsa joy yo‘q, deb bahona qilishadi, shu kichkinagina ishga ham mabodo «katta odam» e’tibor qaratsa, darrov  bitadi, joy ham topiladi.

Yo‘q bo‘lsa izlaymiz, surishtirib topamiz

Yana bir tanishim korrupsiya bilan bog‘liq holatga yaqinda duch kelgani haqida so‘zlab berdi.

Uning vodiyda yashovchi jiyani velosipeddan yiqilib, o‘ng qo‘lini sindirib olibdi. Tumandagi travmatolog-shifokor zudlik bilan poytaxtga olib borib, operatsiya qildirish zarurligini aytibdi. Tanishim jiyanini shifoxonaga olib borgan, tekshiruvdan o‘tkazgach, shifoxonaga yotish uchun oldindan 3 million so‘m pulni kassaga to‘lash zarurligini aytishibdi. Bolakayning otasida uncha pul yo‘q. Noiloj qolgach, u tanish-bilishlaridan yordam so‘rashga majbur bo‘lgan. Va «yaxshi insonlar»ning ko‘magi bilan bolakay shifoxonada bepul davolanish uchun orderni qo‘lga kiritgan.

Bu katta-katta korrupsiyaga yo‘l ochib beruvchi mayda korrupsiyaning bir ko‘rinishi. Tanish-bilishchilik, o‘rtaga odam qo‘yib ish bitirish kabi illatlarga deyarli barchamiz o‘rganib qolganmiz. Biror joyga yumush bilan borishdan oldin eng avvalo o‘sha sohada tanishlarimiz bormikan, degan savolga javob izlab ko‘ramiz. Yo‘q bo‘lsa izlaymiz, surishtiramiz, topamiz. Boshqachasiga yo‘l tutishga ilojimiz ham yo‘q. Chunki busiz ishimiz bitmaydi.

Nega aynan maktablarda?

Bu holat, ayniqsa, maktablarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Chunki nafaqaga chiqishni rejalashtirayotgan direktor o‘z o‘rniga qizi, kelini, juda bo‘lmasa jiyanini tayinlab ketadi. Endi uyog‘i siz menga tegmang, men esa sizga, degan maqol ish beradi. Xullas, bir-biriga qarindosh, istarasi issiq, ko‘zi-ko‘ziga tushsa uyaladigan tanishlar makon qurgan tashkilotdagi ahvolni ko‘z oldingizga keltirib ko‘ravering. Shifoxonalarda ham xuddi shunday ahvol. Ayniqsa, xalq ta’limi sohasida bu borada tanish-bilishchilik juda kuchli. Ayrim o‘qituvchilar o‘quvchilarni baholayotganda ularning bilimiga emas, ota-onasining mansabiga qarab muomala qilishadi. O‘quvchining otasi yoki onasi  amaldormi, demak, o‘sha bola hamma fanlardan «5» baho olishi shart. Sinfdoshiga nisbatan bo‘layotgan bunday muomala atrofdagi o‘quvchilarni ham tanish-bilishchilikka e’tibor qaratishga o‘rgatishi, tabiiy.

– «Mayda» korrupsiya, asosan, shifoxonalar, ta’lim muassasalari, soliq idoralari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda sodir etilib, yuridik va jismoniy shaxslarga qonunda belgilangan talablarni chetlab o‘tishga yordam beradi, – deydi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi Adiba Safarova. – Asta-sekin ushbu korrupsiya turi yuqori darajadagi keng miqyosli korrupsiyaning yanada xavfli shakllariga aylanib boradi. Korrupsiyaning ushbu turi mamlakatda korrupsiyaning barcha darajalari mavjudligidan dalolat beradi. «Mayda» korrupsiya qayerda tugashi va yirik korrupsiya nimadan boshlanishi chegarasi o‘rtasida aniq to‘xtamlar mavjud emas. Yirik korrupsiyaga qaratilgan e’tibor «mayda» korrupsiyalarga qarshi kurashni bir muncha pasaytirishi mumkin.

Loqaydlik sabab bo‘lyapti

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Botir Daminov O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida chop etilgan maqolasida jumladan shunday fikr bildiradi:

– Xalqimizning tom ma’nodagi adolat qaror topgan jamiyatda yashashi uchun nafaqat mas’ul idoralar, balki har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi zarur, deb hisoblaydi. Buning uchun yurtdoshlarimizda korrupsiyaga, umuman, har qanday qonunbuzarlikka nisbatan murosasizlik kayfiyati shakllanishi talab qilinadi. Chunki qonunbuzarliklar sodir etilishiga ko‘pincha odamlardagi loqaydlik, ayniqsa, o‘z haq-huquqini bilmaslik ham sabab bo‘lyapti. Barchaning yakdilligi, yurt taqdiriga daxldorlikni his etgan holda hamjihatlikda ish olib borishi illatlarning batamom barham topishiga xizmat qiladi. Bunga erishish uchun ta’limda «tozalash» bo‘lishi kerak.

Nigora Rahmonova, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring