Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«60 yevrolik jarima, haqiqiy tadbirkor qanday bo‘lishi va nemislar haqida» – DAAD dasturi stipendiyasi g‘olibi bilan suhbat

«60 yevrolik jarima, haqiqiy tadbirkor qanday bo‘lishi va nemislar haqida» – DAAD dasturi stipendiyasi g‘olibi bilan suhbat

Foto: Xabar.uz

«Xorijdagi vatandoshlar»ning navbatdagi suhbatdoshi Temur Umarov. Qahramonimiz 2018-yili Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti bakalavr bosqichini tamomlagan.

Hozirda Germaniyaning nufuzli DAAD dasturi stipendiyasi g‘olibi sifatida magistratura bosqichida tahsil olmoqda.

«Ehtiyojlar cheksiz, resurslarning esa chegarasi borligini tushunishimiz kerak...»

Hayotdagi ko‘plab qarorlar bolalikdagi orzulardan kelib chiqadi. Onam 30 yildan beri tibbiyot yo‘nalishi talabalariga iqtisodiy nazariya asoslaridan dars beradi. Bolaligimda men hazillashib nima uchun shifokorlar iqtisodni o‘rganishi kerak, agar ularning vazifasi bizni davolash bo‘lsa deb so‘rardim. Onam aytardilar: «har qanday o‘zini hurmat qiladigan inson, odamlarning istaklari va ehtiyojlari cheksiz, resurslarning esa chegarasi borligini tushunishi kerak».

Har bir savodli odam bozorda talab va taklif asoslarini, yalpi ichki mahsulot nima ekanligini, samaradorlikni bilishi lozim. Vaqt o‘tishi bilan men ushbu mavzu haqida hazillashishni to‘xtatdim.

Men iqtisod va moliya sohasini tanladim. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida grant asosida o‘qish baxtiga muyassar bo‘ldim. IELTS 7.5 chiqqan, matematika va mantiq esa 88 foiz. Ushbu universitetda aqliy va ilmiy jihatdan ancha o‘sdim. O‘qish juda qiyin, ammo nihoyatda qiziqarli edi. Magistraturadagi yo‘nalishimni boshqaruv va tadbirkorlikka o‘zgartirdim, ammo ko‘plab iqtisodiy tamoyillar mening kundalik faoliyatimda aks etadi. Mening ko‘p kuchim, boshqalar singari, qaror qabul qilishga sarf qilinadi. Chunki vaqt va energiya cheklangan, siz nima qilish mumkinligini va nima qilishni xohlasangiz, minglab variantlar mavjud. Bir so‘z bilan aytganda, hayotiy imkoniyatlar juda ko‘p. Hamma narsa insonning ustuvorliklari va qadriyatlariga bog‘liq.

Qarorlar qabul qilayotib, imkoniyatning narxini tahlil qilaman, ya’ni buning o‘rniga yana nima qilishim mumkin edi... Bundan tashqari, xatarlarni tahlil qilaman: masalan, u yoki bu yechim maksimal zararni keltirib chiqarishi me’yorini yoki minimal yutuq qanchaga teng bo‘lishini. «Utility» tushunchasini hisobga olaman: sodda qilib aytganda, ma’lum bir qarorga olib keladigan zavq yoki quvonch darajasi. Bularning barchasi iqtisodiyot bilan bog‘liq.

«Tibbiy sug‘urta, sayohat va viza xarajatlarini qoplaydi...»

Mening ikki nafar opam bor. Ulardan biri Buyuk Britaniyada, ikkinchisi AQShda grant asosida o‘qigan. Men ularning yo‘lini takrorlashni xohlamayman deb o‘ylardim va boshqa davlatni izlash niyati bilan yurar edim. Tilga kelsak, mening tanishlarim xitoy, fransuz va nemis tillarini o‘rganishgan. Men esa, Germaniyada ta’lim bepul ekanligini bilib, 2016 yili nemis tilini o‘rganishga va dasturlar bilan tanishishga qaror qildim. Tez orada DAAD stipendiyasi haqida bildim. Dastur har oy stipendiya beradi, shuningdek tibbiy sug‘urta, sayohat va viza xarajatlarini qoplaydi.

2016 yildan boshlab Germaniyaga borishni niyat qilgan bo‘lsam-da, 2018 yili grant ololmaganman. 2019 yilda ikkinchi urinish muvaffaqiyatli bo‘lgan.

«O‘zimda ba’zi o‘zgarishlarni sezyapman...»

Germaniyada 1,5 yil yashab, o‘zimda ba’zi o‘zgarishlarni sezyapman. Masalan, doimiy ehtiyoj tug‘dirmaydigan buyumlardan voz kecha boshladim. Ko‘proq jismoniy harakat qilib, parklarda sayr qilish kundalik odatga aylanmoqda. Chunki bu mamlakatda insonlar ertalab va ishdan keyin yugurishadi, velosipedda yurishadi.

Birgina ryukzak bilan sayohat qilishga o‘rgandim. Kechki ovqatga, qo‘shnilarga o‘xshab, mevalarni va salatlarni iste’mol qilaman. Natijada, ozgina ozib, yengil bo‘lib qoldim. Ozroq go‘sht, ko‘proq baliq. Xonadan chiqqanimda, chiroqni o‘chirish odat bo‘lib qoldi, chiqindini yaxshilab saralayman. Shirinliklar o‘rniga, tabiiy pishirilgan mahsulotlarni qadrlayapman. Mazali palov damlashni o‘rgandim. O‘zbekistonda ovqat odatda uyda tayyor bo‘lardi, shu boisdan buning qadriga to‘lalicha yetmas edim.

Chiroyli bo‘lsa-da, mahalliy ko‘cha san’atini hali tushunib yetganim yo‘q.

Nemislar – muhandislar. Ularning mashinalari, arxitekturasi, maishiy texnika, do‘konlariga havas qilaman. Sababi ular har qanday muammo uchun muhandislik yechimini taklif qilishadi.

Shuningdek nemis taomlari an’analarga boy emas, ammo pishloqlari mazali. Yana bu yerda kiyimlarni onlayn sotib olsangiz, uyga yetkazib beriladi. Yoqmasa, pochta orqali tekinga qaytarish mumkin.

Boshida metropolitenda chipta sotib olmasdan yurgan edim. Keyin naqd 60 yevro miqdorida jarima to‘lab, unumli dars oldim. Doimiy ravishda tangalarni o‘zim bilan birga olib yuraman. Deyarli kechikishni to‘xtatdim. Pul sarflashga ko‘proq e’tibor bera boshladim. Faqat kerak bo‘lgan buyumlarnigina sotib olyapman.

Nemislar – kamtarin xalq. Ularga sabzavot bog‘i, velosipedda yoki Hatiko bilan sayr qilish ma’qul. Hashamatli va oltin tishlar ularni hayratga solmaydi. Xohlaysizmi-yo‘qmi, bu yerda siz madaniyatliroq bo‘lishingiz kerak. Svetoforning qizil chirog‘i yongan payti yurish mumkin emas, hech kim unday qilmaydi ham.

Umuman olganda, Germaniya ko‘p dars berdi. Bu mamlakat o‘zining mentaliteti bilan o‘z resurslaridan oqilona foydalanish yo‘liga o‘zgartirmoqda.

«Haqiqiy tadbirkorda pul ishlash maqsadi yo‘q...»

Xorijda magistratura bo‘yicha tahsil olish, fikrlashni tizimlashtirishga yordam beradi, deb o‘ylayman. Biz bolalikdan juda ko‘p bilim va tajribalarni to‘playmiz, ammo hamma narsa miyada tarqoq. Magistratura barcha bilim va tajribalarni javonlarda tartiblashtiradi.

Germaniyada o‘tkazgan vaqtim menga hayotimdagi ustuvorliklarni aniqlashtirishga, nimani xohlayotganimni va istamasligimni, o‘zimdan keyin qanday iz qoldirishimni, kuchli va zaif tomonlarimni tushunishga yordam berdi.

Men hozir tadbirkorlik va menejment yo‘nalishida o‘qiyman. Ayni paytda biz butun dunyoda tadbirkorlik rivojlanayotganini kuzatishimiz mumkin. Ilon Mask, Stiv Jobs va Henri Fordning hikoyalari barchani qiziqtiradi. Nima uchun? O‘ylashimcha, chunki bu toifadagi odamlar dunyoni o‘zgartirmoqda.

Atrofda samarasiz foydalanilayotgan ko‘plab resurslar mavjud. Tadbirkorlar ushbu resurslarni samaradorligi past bo‘lgan joylardan ushbu resurslar samaraliroq bo‘lgan joyga o‘tkazishga qodir. Innovatsiyalar paydo bo‘lishi va amalga oshirilishiga aynan ular hissa qo‘shadi.

Gap daraxtlar kesadigan, pul ishlash uchun uylar quradigan ishbilarmonlar haqida emas. Biz past sifatli tovarlar yoki xizmatlar yaratadigan va imtiyozlar orqali bozorga zarar yetkazadiganlar haqida gapirmayapmiz.

Haqiqiy tadbirkorda pul ishlash maqsadi yo‘q. U kattaroq fikrlaydi. Ya’ni, u muammoni hal qilmoqchi yoki odamlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqchi. Mamlakatimiz mintaqaviy, global mahsulotlar va xizmatlarni yaratishga qodir bo‘lgan ijodiy fikrlovchi tadbirkorlar hamda tashabbuskor mutaxassislarga har qachongidan ham ko‘proq muhtoj. Aynan shu odamlar mutaxassislarni, maqsad va kelajakni dizayn orqali birlashtiradilar, ular boshqa insonlarni shaxsiy rivojlanish uchun ilhomlantiradi, aynan ular tarix qoldiradi.

«Ko‘p vaqt va kuchni qandaydir standartlarga javob berish uchun sarfladik...»

O‘zbekistonda tadbirkorlik ta’limi sohasida ba’zi muammolar mavjud. Bizda maktabda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita tadbirkorlik bilan bog‘liq fanlar bo‘lmagan. Masalan, omma oldida nutq so‘zlash, marketing, sotish san’ati, qiymat yaratish, ijodkorlik, mahsulot yoki xizmatlarni yaratish bo‘yicha dizayn ishlari, fikrlash, munozara, debatlar.

Har bir talabaning kuchli va kuchsiz tomonlarini izlash va o‘quvchilarga nimalarni o‘rganishni tanlashlariga ruxsat berish o‘rniga, biz ko‘p vaqt va kuchni qandaydir standartlarga javob berish uchun sarfladik. Shu boisdan bo‘lsa, kerak maktabdan keyin aksariyat o‘quvchilar bundan keyin nima qilishni bilmaydilar. Shuning uchun, standartlar bo‘yicha o‘qitish o‘rniga, maktablarda o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan narsalarini tanlab oladigan va oz sonli predmetlarga e’tiborni qaratadigan erkin muhit yaratilishi lozim. Shuningdek, men ko‘nikmalarni rivojlantirishni taklif qilaman.

Ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda eng talab qilinadigan ko‘nikmalar tahliliy va tanqidiy fikrlash, faol tinglash, muammolarni hal qilish, ijodkorlik va tashabbuskorlik, yetakchilik va ta’sirchanlik, texnologiyalardan foydalanish, texnologiyalarni loyihalash va dasturlash, zamonga moslashuvchanlik va stressga bardoshlik, g‘oyalarni yaratish va argumentatsiya.

«Xususiy sektorda ishlashni rejalashtirganman...»

Yil oxiriga qadar O‘zbekistonga qaytib, xususiy sektorda ishlashni rejalashtirganman. Hozircha aniq qayerda ishlashimni hal qilmadim, lekin menga qiziq tuyuladigan bir nechta variant bor. Meni IT va chakana savdo sohasi, logistika va moliya sohalari jalb qiladi, chunki ular faol rivojlanmoqda.

Uzoq vaqt davomida men o‘zimni tadbirkorlikda yoki minglab odamlarning hayotini yaxshilaydigan yirik loyihalarni boshqarishda ko‘raman. Bu uzoq muddatli maqsad bo‘lib, u hozircha faqat shaklga ega. Ammo unga qanday yetib borishni aniq bilmayman. Men juda ko‘p rejalar qilmaslikni va improvizatsiya uchun joy qoldirishni afzal ko‘raman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring