Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokimlik va OTM hisobidan ayrim qizlarni o‘qitish tartibi joriy etiladi

Hokimlik va OTM hisobidan ayrim qizlarni o‘qitish tartibi joriy etiladi

Foto: Xabar.uz

«Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2021 yil mobaynida har bir hududda asosan xotin-qizlar faoliyat yuritadigan hunarmandchilik turlariga ixtisoslashgan klasterlar faoliyati tajriba sifatida joriy etiladi.

«Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ni samarali yuritish, ishsiz fuqarolarga bandlik sohasida tizimli yordam ko‘rsatish maqsadida har bir mahallada mehnat inspektoriga «jamoatchi yordamchi»lar jalb etiladi.

«Jamoatchi yordamchi»lar bilan 11 oy muddatgacha jamoat shartnomalari tuziladi hamda ularning ish haqi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir yarim baravari miqdorida belgilanadi.

Qarorga ko‘ra, tegishli kasb-hunar ta’lim muassasalarining bo‘sh turgan qismi tadbirkorlarga 30 yilgacha muddatga imtiyozli ijaraga beriladi.

Shunga ko‘ra, xotin-qizlar tadbirkorlik sub’yekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan so‘ng 3 oy mobaynida ularga berilgan bo‘sh turgan binolarning ijara to‘lovlari BHMning 10 baravarigacha (2 mln 450 ming so‘mgacha) miqdorda to‘lab berilib, shuningdek, bo‘sh turgan binolarni 1 yilgacha muddatda imtiyozli ravishda ijaraga berish tartibi joriy etiladi.

2021/2022-o‘quv yilidan bazaviy to‘lov-kontrakt asosida davlat OTMga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat OTM hisobidan o‘qitish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, bakalavriat bosqichini muvaffaqiyatli tamomlab, xorijning nufuzli ta’lim muassasalariga «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiyalari asosida o‘qishga yuboriladigan stipendiatlar orasida xotin-qizlar ulushi kamida 20 foizga ko‘paytiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring