Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

«Ichkari»da navbat kutayotgan muammolar: vazir Abduqodir Toshqulovga ochiq maktub

«Ichkari»da navbat kutayotgan muammolar: vazir Abduqodir Toshqulovga ochiq maktub

Foto: Termiz davlat universiteti

Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri Abduqodir Toshqulovning lavozimga tayinlanganiga ko‘p bo‘lmadi. Ko‘pchilik yangi vazirni sohani o‘zgartira oladigan bir kuch sifatida ko‘rsa, boshqalar o‘zgarish kutmasligini izohladi, yana kimdir kuzatuvchi maqomida qoldi.

Vazir kelgach, uning ikki chiqishi omma e’tiborini tortdi. Birinchisi — xorijiy mehmonlar oldiga talaba qizlarning gul ko‘tarib chiqish odati haqida bo‘lsa, ikkinchisi — bir qavatda istiqomat qiluvchi talaba o‘g‘il-qizlar masalasi bo‘ldi.

Chetdan kuzatuvchi odamda savol tug‘iladi: shu muammolarni aytish uchun vazir almashishi kerakmidi yoki bular vazir darajasiga chiqishi va munosabat bildirilishi lozim edimi?

Bu bilan yuqoridagilarni o‘ta arzimas yoki keraksiz masalalar demoqchi emasman. O‘zbek jamiyatida ta’lim va tarbiya bir olib borilishi hammaga ayon.

Ammo O‘zbekistonda korrupsiyalashgan va tanqidlar girdobidagi tizimni jonlantirish uchun fundamental islohotlar qilish kerakki, yuqoridagi muammolar uning oldida hech narsa emas.

Sobiq talaba sifatida ularni ayrimlariga to‘xtalib o‘tmoqchiman. 

Birinchisi, professor va o‘qituvchilar masalasi. Tom ma’noda, bugun OTMlarda kadrlar masalasida «yangi qon» kerak. O‘qituvchilar tarkibini jiddiy ko‘rib chiqishni kun tartibiga qo‘yish lozim. Talabalik paytimizda darsni qo‘l uchida o‘tadigan ayrim ustozlarning ma’ruzasida auditoriyaning yarmi ham to‘lmasdi. Qattiqqo‘llik yoki «baho siyosati» bilan ushlab turardi ko‘pchilik o‘qituvchilar. Ayrimlar sessiyada «yomon kunlar kelishi» bilan qo‘rqitardi (balki hozir ham davom etayotgandir bu holatlar).

Ikkinchisi, forma masalasi. Bir qarashda hammaning tartibli kiyinishi va tafovutlar kamligi yaxshi, ammo yillar davomida forma masalasi o‘zbek jamiyatida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqdaki, tizimdagi boshqa muammolarga «sakrab o‘ta olmay» qolyapmiz. Kiyinish masalasida talabalarga biroz erkinlik berish maqbul yechim deb o‘ylayman.

«Uchinchi semestr» muammosi: endilikda ikki semestrda baho ololmagan talabalar qo‘shimcha pul to‘lab «uchinchi semestr»da qarzlarini yopadi deya xabar berildi. Xo‘sh, to‘lov-kontrakt paydarpay oshib borayotgan, viloyat markazlari va poytaxtda qiyin ijtimoiy sharoitlarda yashovchi, ishga joylashish va ijarada sinovdan o‘tayotgan talabaga «himmatmi» bu? Mazkur jarayonni shunchaki bepul qilish uchun tanqidlar to‘lqini kerakmi?

Va shuningdek, «ijtimoiy diskriminatsiya» girdobida qolayotgan jabrdiyda qatlam – talabalar haq-huquqlari masalasi. Ma’lumki, barcha OTMlarda talabalarni turar joy bilan ta’minlashga sharoit yo‘q. Shunaqa paytda talabalar yana bir ayirmachilikka duch keladi – ko‘plab ijarachilar ularni ijaraga qo‘yishni istamaydi. Bu bittagina holat, xolos. Ishga olishda, ish sharoiti yaratishda va boshqalarda ham talabalarni ajratish hollari kuzatiladi. Shunday holatda vazirlik jamiyatdagi yosh, ammo kelajagi bor qatlamni himoyalovchi tadbir o‘ylab chiqsa zarar qilmasdi.

O‘z boshimdan o‘tgan yana bir faktor haqida gapirmoqchiman: jurnalistika fakultetida o‘qib yurganimizda oylab televideniyega amaliyot ruxsatnomasi ololmagan tengdoshlarimni ko‘rganman. Umuman olganda, amaliyot deganda ko‘p hollarda qo‘l uchida to‘ldiriladigan bir necha varaq qog‘oz ko‘z o‘ngimizga keladi. Amaliyot byurokratiyalashgan, talaba uchun boshog‘riq yana bir muammo emas, uning kelajak kasbi uchun debocha bo‘lishi kerak emasmi? Talabaning amaliyoti va ish o‘rganishi haqida, kerak bo‘lsa, eng yuqori darajada jon kuydirish muhim deb o‘ylayman.

Zero, talaba nazariyani bulbuldek sayrab, ishga kelganda no‘noqlashsa bundan kimga foyda?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring