Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Lukoyl» kompaniyasi O‘zbekistonda bir nechta maktabgacha ta’lim tashkilotini quradi

«Lukoyl» kompaniyasi O‘zbekistonda bir nechta maktabgacha ta’lim tashkilotini quradi

Kecha, 5-iyul kuni Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va «LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani» MChJ o‘rtasida hamkorlikdagi loyihani amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolandi.  Hujjatda Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida bir qator yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti (keyingi o‘rinlarda – MTT)ni qurish ko‘zda tutilgan.

Bitimni imzolash marosimi imkoniyati cheklangan bolalar uchun «Imkon» reabilitatsiya markaziga ega  birinchi ixtisoslashgan MTTda bo‘lib o‘tdi. Yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari Buxoro (250 o‘rin), Qarshi (150 o‘rin) shaharlari va Toshkent viloyatida (150 o‘rin) quriladi.

«Bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish — maktabgacha ta’lim tizimidagi eng dolzarb bo‘lib turgan masalalardan biridir. MTV vaziyatni yaxshilash ustida faol ish olib bormoqda: yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilmoqda, faoliyat ko‘rsatib turganlari ta’mirlanmoqda va ularning quvvatlari oshirilmoqda, maktabgacha ta’lim tizimiga oldingi yillarda olib qo‘yilgan binolar qaytarib berilmoqda. Biz biznesning bugungi kunda bolalarga yordam berishni xohlayotganidan juda xursandmiz. LUKOYL kompaniyasi sharofati bilan viloyatlardagi yana 550 nafar bolalar sifatli maktabgacha ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi. Buxorodagi MTT umumiy turdagi tashkilot, boshqa ikkitalar MTT esa — reabilitatsiya markazlariga ega bo‘lgan ko‘p tarmoqli ixtisoslashgan tashkilotlar bo‘ladi. Bu reabilitatsiya markazlari tarbiyalanuvchilardan tashqari har yili sog‘lomlashtirish muolajalariga muhtoj bo‘lgan 5-7 ming bolani qabul qiladi», — deydi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.

Qarshi shahri va Toshkent viloyatidagi loyihalar uchun Nukusdagi «Imkon» reabilitatsiya markaziga ega IMTT prototip bo‘lib xizmat qiladi. Loyihada jismoniy va aqliy rivojlanishi o‘ziga xos bolalar uchun maktabgacha ta’lim va tibbiyot muassasalari birlashtirilgan. Yangi MTTda zamonaviy davolash-fizkultura va fizioterapiya zallari,  uqalash xonalari, sensor xonalari, mayda motorikani rivojlantirish, ijtimoiy-maishiy adaptatsiya, musiqa va art-terapiya xonalari, shuningdek vrachlarning kabinetlari joylashadi.

«O‘zbekistonda «Imkon» reabilitatsiya markaziga ega birinchi ixtisoslashgan MTTning ochilish marosimida biz bunday maktabgacha ta’lim tashkilotlari respublikaning boshqa hududlarida ham tashkil etilishini va’da qilgan edik. Bugun biz LUKOYL bilan bitim imzoladik, u Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarining alohida ehtiyojlari bo‘lgan bolalariga erta yordam ko‘rsatish va ularni ijtimoiy-madaniy muhitga kiritish imkonini beradi. Uyda o‘tirib qolmasdan, doim muloqotda bo‘lish, dunyoni bilish, rivojlanish va moslashish imkoniyati – bu to‘laqonli hayot sari qo‘yilgan birinchi qadam demakdir. Bunda bola salomatligida cheklanish bo‘lsada, uning imkoniyatlari cheklanganmagan bo‘lishi darkor. Nukus shahrida «Imkon» ochilgan vaqtdan bor-yo‘g‘i uch oy o‘tdi, lekin biz hozirning o‘zidayoq natijalarni ko‘rishimiz mumkin. Bolalar ancha baquvvatlashib, jonlanib qoldi, ko‘p bolalarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda», — dedi loyiha rahbari Shahnoza Mirziyoyeva.

O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish tashabbusi  «LUKOYL» OAJ Prezidenti Vagit Alekperov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda taklif etilgan.

«Bizning kompaniyamiz tomonidan O‘zbekistondagi xayriya maqsadlari uchun yo‘naltirilgan mablag‘larning umumiy summasi bugungi kunda 13 mln. dollardan ortiqni tashkil etadi. Yangi uchta maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi loyihasiga biz 12 mln. AQSh dollari yo‘naltirishni rejalashtirmoqdamiz. Buxoro shahridagi MTT LUKOYL tomonidan maxsus ishlab chiqilgan loyiha bo‘yicha quriladi. Birinchi bunday MTT kompaniya tomonidan Rossiyada, Astraxan shahrida qurilgan, — dedi «LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani» MChJ Bosh direktori Stepan Gurjiy.

Buxoro shahridagi MTTning umumiy maydoni 11 ming kv. metrdan ortiq bo‘lgan uch qavatli binosi va hududi eng zamonaviy texnika va uskunalar, basseyn, raqs va sport zallari, komyuter sinfi, shuningdek guruhlar uchun xonalar bilan butlanadi. Bolalarning faol o‘yinlari va sport bilan shug‘ullanishi uchun hududda velosiped yo‘lakchalari va o‘t qoplangan va xavfsiz sintetik qoplamali bolalar maydonchalari ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring