Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muhtoj talabalar uchun «Kontrakt» jamg‘armasi tuzish taklif qilindi

Muhtoj talabalar uchun «Kontrakt» jamg‘armasi tuzish taklif qilindi

Foto: «Xabar.uz»

Ijodkor Abror Zohidov o‘zining «Feysbuk»dagi sahifasida «Moddiy yordamga muhtoj talabalar uchun «Kontrakt» jamg‘armasi tuzishga qanday qaraysizlar?» deya murojaat qildi va bu boradagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

«Eng yaxshi xayriya ta’limga qilingan xayriya ekanligi o‘z isbotini topgan. Chunki bunda kelajak ta’minlanadi. Bugungi kunda juda ko‘pchilik iqtidorli yoshlar turli sabablarga ko‘ra (asosan «armiyachilar» tufayli) to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olishga majburlar va uning summasi miqdori ancha katta ekanligidan qiynalishadi. Mamlakatimizda faqat shu masalada ularga ko‘mak beruvchi birorta jamg‘arma yo‘q. Borlari ham turli yo‘nalishlar qatorida kontrakt to‘loviga ham homiylik qilishadi. Ta’lim kreditlari deyarli berilmaydi, yoshlar ittifoqining ko‘magi ham juda cheklangan.

Taklif shuki, jamoatchilik asosida «Kontrakt» nomli jamg‘arma tuzilsa va uning doimiy hisob raqamiga istagan odam istaganicha mablag‘ o‘tkazishi mumkin bo‘lsa. Dastlabki yillarda balki juda ozchilikka yordam berilar, lekin asta-sekin xayriyalar miqdori orta borishiga umid qilish mumkin.

Masalaning nozik jihati – shafoflik va halollik. Jamg‘arma kimga ko‘mak berishi masalasida korrupsiya aralashishidan qo‘rqish lozim. Zero murojaat qiluvchilar ko‘p bo‘lishi aniq, ko‘pchilik bu jamg‘armani davlat tomonidan tuzilgan yoki qaysidir katta homiyning (masalan: chet el bankining) pullariga egalik qilib turibdi, degan fikrga borishi ham tabiiy. Qolaversa, ayrim murojaatchilar fikricha  «haqiqat ular uchun ishlagan holatdagina haqiqatdir» — ya’ni murojaat qilganlarida rad javobini olsalar, ovozlari yetgan joygacha jamg‘armani noxolislikda ayblay boshlashlari mumkin.

Bunday holatlarning oldini olish uchun avvalo xolis rahbar saylab olish shart. Men bu o‘rinda faol bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevni ko‘ryapman. U ta’lim tizimidan xabardor, juda ko‘p jon kuydiradi. Halolligi bilan nom qozongan. Qolaversa, barcha tushumlarni va arizalarni onlayn tarzda olib borib shaffoflik ta’minlanadi.

Tabiiyki, kim tanlanishi bo‘yicha mezonlar alohida ishlab chiqiladi, barcha ariza topshirganlar va ularning yutuqlari e’lon qilinadi, bevosita yoki onlayn suhbatlardagi jarayonni hamma kuzatib borishiga erishiladi. Laykbozlikdan ehtiyot bo‘lgan holda ovoz berish uslubini qo‘llash va bu bo‘yicha natijalarni ham tavsiyaviy xarakterda qabul qilish mumkin.

Eng nozik jihat yurtdoshlarimizning saxiyligi. Bir kun yengilroq tushlik qilish, bir quti sigaret chekmaslik yoki avtomobilda qoidaga rioya qilgan holda harakatlanib bitta jarimani kamroq to‘lash orqali yaxshi bir mutaxassis yetishib chiqishiga ko‘mak berishimizni anglab yetishimiz lozim. Biz juda havas qilgan rivojlangan davlatlarda eng badavlat kishilar aynan asosan ta’lim va tadqiqotlar tizimiga katta homiylik mablag‘lari ajratuvchilardir. Mana shu tajribani bizda ham qo‘llash vaqti allaqachon kelgan.

Jamg‘arma uchun ko‘pchilik o‘tkazgan 5-10 ming so‘m pullar ham anchagina mablag‘ shakllantirishga imkon beradi. Lekin aminmanki, saxovatda kimo‘zarlik boshlanadi. Nafaqat aniq bir summa, balki bir talabaning yaxlit shartnomasini o‘zi egallab oluvchi, to‘liq to‘lab beruvchi hotamtoylar topiladi.

Muhimi — g‘oyani to‘g‘ri anglab yetishimiz, savobini his qilishimiz lozim.

Albatta, bu mening fikrim va u hozircha juda xom hamda qo‘shimcha takliflarga muhtoj. Demak bu masalaga befarq bo‘lmagan do‘stlarimizdan ko‘mak kutamiz» — deydi muallif.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring