Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda chet el diplomini va’da qilayotganlar paydo bo‘ldi

O‘zbekistonda chet el diplomini va’da qilayotganlar paydo bo‘ldi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi O‘zbekistonda o‘qitib Buyuk Britaniya diplomini berishni va’da qilayotgan tashkilotlar bo‘yicha axborot berdi.

«Prezidentimiz o‘tgan yili Oliy Majlisga Murojaatnomasida oliy o‘quv yurtlari nufuzini oshirish, nodavlat ta’lim maskanlari sonini ko‘paytirib, sohaga yuqori malakali kadrlarni jalb etish va raqobatni kuchaytirish lozimligini ta’kidlab o‘tgan edi.

Mazkur vazifa ijrosini ta’minlash uchun Ta’lim inspeksiyasi tomonidan nodavlat ta’lim tashkilotlari tashkil etish jarayonlarini soddalashtirish bilan birga, litsenziya talabgorlarining murojaatlarini qisqa muddatlarda ko‘rib chiqish yo‘lga qo‘yildi.

2018-yilning 1-yanvarida O‘zbekistonda 500ta nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 2534tani tashkil etmoqda.

O‘zbekistonda oliy, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim sohasida ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishga oid faoliyat bilan shug‘ullanuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini yanada rivojlantirish, ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklikning turli shakllarini samarali joriy etish hamda davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga qaratilgan islohotlar ahamiyatli bo‘lmoqda.

Nodavlat ta’lim tashkilotlari soni va yo‘nalishlari oshgani, ular faoliyatini tashkil etishda, xalqaro tashkilotlar, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan faol hamkorlik qilinayotgani quvonarli hol.

Biroq ayrim holatlarda mazkur muassasalar faoliyati, vazifasi va vakolati bilan bog‘liq masalalarning noto‘g‘ri tushunilishi yoki talqin qilinishi sababli fuqarolarimizda ayrim nodavlat ta’lim tashkilotlari haqida xolis axborot olishga bo‘lgan ehtiyoj paydo bo‘lmoqda.

Buni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining telegram botiga (@Uztdibot) foydalanuvchilar tomonidan yurtimizdagi nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyati yuzasidan kelib tushayotgan ko‘plab savollardan ko‘rish mumkin.

Xususan, ko‘pchilik «BRITISH FOUNDATION TASHKENT», «LONDON GRADUATE SCHOOL OF BUSINESS» va «INTERNATIONAL SCHOOL OF FINANCE AND TECHNOLOGY» ISFT tashkilotlari tomonidan berilgan diplomlar O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasasi diplomi sifatida tan olinadimi?» deb murojaat qilmoqda.

Yuqoridagi masala yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Nodavlat ta’lim tashkilotlariga litsenziya berish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-martdagi 241-son qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida amalga oshiriladi.

«BRITISH FOUNDATION TASHKENT» nodavlat ta’lim muassasasi (STIR 305849046) Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Irrigator ko‘chasi, 3-uy manzilida «Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash» ta’lim turi bo‘yicha 2019-yil 16-mayda KMO 0345 raqamli litsenziya olgan bo‘lib, ushbu litsenziyaga ko‘ra, matematika, iqtisodiyot, biznes, ingliz tili ta’lim yo‘nalishlarida ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin. Mazkur litsenziya oliy ta’lim turi bo‘yicha ta’lim xizmatlari ko‘rsatish huquqini bermaydi.

«BRITISH FOUNDATION TASHKENT» nodavlat ta’lim muassasasi Buyuk Britaniyaning «NCUK Foundation» konsorsiumi ta’lim dasturi asosida bir yillik «NCUK Foundation» ta’lim dasturini o‘qitishni taklif etmoqda. Ushbu dastur O‘zbekistonda ham, Buyuk Britaniyada ham (4-darajali Buyuk Britaniya Oliy ta’lim kvalifikatsiyalari ramkasining 2-darajasi hisoblanadi yoki Buyuk Britaniya Milliy kvalifikatsiya ramkasining 5-darajasiga to‘g‘ri keladi) oliy ta’lim faoliyatining bir qismi hisoblanadi. Mazkur muassasa tomonidan ta’lim oluvchilar va ularning ota-onalariga «Biz diplom bermaymiz, demak biz oliy ta’lim xizmatlari ko‘rsatish uchun litsenziya olishimiz shart emas», deb yolg‘on ma’lumot berilmoqda. Faoliyat yakuni bo‘yicha oliy ma’lumot to‘g‘risida diplom beradigan yoki oliy ta’limning ma’lum bir davrini o‘qish imkonini beradigan faoliyat oliy ta’lim faoliyati deb hisoblanadi hamda O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha litsenziya olib faoliyat ko‘rsatishga majbur.

«LONDON GRADUATE SCHOOL OF BUSINESS» tashkiloti oliy ta’lim turi bo‘yicha ta’lim xizmatlari ko‘rsatish uchun Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan litsenziya olmagan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining «Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati to‘g‘risida» 2001-yil 12-maydagi 222-II-son qaroriga muvofiq, nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyat litsenziyalanishi shart bo‘lgan faoliyat turi hisoblanib, har qanday ta’lim turi bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan ta’lim xizmatlarining litsenziyasiz ko‘rsatilishi noqonuniy hisoblanadi.

«INTERNATIONAL SCHOOL OF FINANCE AND TECHNOLOGY» ISFT nodavlat ta’lim muassasasiga Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Chilonzor dahasi, 9a-mavze, 18a-uy, 13-xonadon manzilida «Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash» ta’lim turi bo‘yicha 2019-yil 16-mayda KMO 0256 raqamli litsenziya rasmiylashtirilgan. Ushbu litsenziyaga ko‘ra, muassasa boshlang‘ich buxgalteriya hisobi malaka oshirish kursi, fizika, kimyo, matematika, ona tili va adabiyot, rus tili, tarix, ACCA-xalqaro buxgalteriya hisobi va audit, IELTS, ingliz tili ta’lim yo‘nalishlarida ta’lim xizmatlari ko‘rsatishi mumkin.

Mazkur muassasaning veb-saytida imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan yoshlarga Buyuk Britaniyaning Oxford Brookes University, Fransiyaning European Global University kabi oliy ta’lim muassasalarining bakalavr diplomi berilishi e’lon qilingan. Lekin muassasaning nomlari yuqorida qayd etilgan Yevropaning oliy ta’lim muassasalari ta’lim dasturlari asosida faoliyat yuritishi uchun tegishli litsenziya olinishi talab etiladi.

Bundan tashqari, mazkur muassasaning litsenziyada ko‘rsatilmagan manzilda, ya’ni Toshkent davlat agrar universiteti hududida faoliyat yuritishi ham litsenziya talablari va shartlarini buzish hisoblanadi. Nodavlat ta’lim muassasasi tomonidan Buyuk Britaniyaning Oxford Brookes University oliy ta’lim muassasasining bakalavr diplomi berilishi hamda bu diplom O‘zbekiston Respublikasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri (sinovlarsiz) tan olinishi targ‘ib qilinmoqda. Ta’kidlash joizki, bakalavr diplomi «INTERNATIONAL SCHOOL OF FINANCE AND TECHNOLOGY» ISFT nodavlat ta’lim muassasasi tomonidan emas, balki Buyuk Britaniyaning oliy ta’lim muassasasi tomonidan faqat imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga beriladi. Chunki «INTERNATIONAL SCHOOL OF FINANCE AND TECHNOLOGY» ISFT nodavlat ta’lim muassasasining bakalavr diplomi berish huquqi mavjud emas.

Shuni yodda tutish muhimki, tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan yoki belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tmagan ta’lim tashkilotlari tomonidan berilgan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar nafaqat O‘zbekiston Respublikasida balki boshqa davlatlar tomonidan ham tan olinmaydi», deyiladi Ta’lim inspeksiyasi xabarida.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring