Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident kontraktda o‘qiyotgan talabalar uchun muhim qarorni imzoladi

Prezident kontraktda o‘qiyotgan talabalar uchun muhim qarorni imzoladi

Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.

Oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olish istagidagi yoshlarning ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etish, to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan har bir talabaga bilim olish uchun qulay sharoitlar yaratish, yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan intilishlarini yanada rag‘batlantirish va yoshlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shaklida hamda magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun ta’lim krediti ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.

Ta’lim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi.

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kirgan oilalar farzandlaridan ta’lim krediti uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.

Ta’lim kreditlari bo‘yicha tijorat banklarini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun Moliya vazirligi huzurida Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Jamg‘armaga Davlat budjetidan 2021-yilda kamida 1 trillion so‘m, keyingi yillarda haqiqiy talabdan kelib chiqib mablag‘lar ajratiladi.

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:

Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;

Jamg‘arma tomonidan avval ajratilgan resurslarning qaytishidan tushadigan mablag‘lar va ulardan olinadigan foiz to‘lovlari;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklariga joylashtirish hisobiga foizli tushumlar;

Xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari, homiylik, grant mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring