Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident maktablariga yangi o‘quvchilar qabuli qoldirildi

Prezident maktablariga yangi o‘quvchilar qabuli qoldirildi

Foto: «piima.uz»

Prezident maktablariga o‘quvchilar qabuli kelgusi o‘quv yilida o‘tkaziladi. Bu haqda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Yuzaga kelgan pandemiya vaziyatidan kelib chiqib, karantin davrida yosh avlod sog‘ligini asrash, pandemiya butunlay bartaraf etilmagan sharoitda voyaga yetmagan o‘quvchilarning katta sig‘imli binolarda saralash imtihonlari vaqtida uzoq vaqt qolib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, shuningdek, Agentlik hamkori – Cambridge Assessment tashkiloti vakillarining mamlakatimizga karantin davrida tashrifini belgilangan sanalarda tashkil etish imkoni yo‘qligi sababli qabul kelgusi o‘quv yiliga qoldirilgan.

Buxoro, Jizzax, Qarshi, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida ochiladigan Prezident maktablariga (beshinchi sinfdan o‘ninchi sinfgacha) hamda joriy yilda ochilishi rejalashtirilgan Surxondaryo viloyatidagi Ro‘zi Choriyev va Buxoro viloyatidagi Muxtor Ashrafiy nomidagi ijod maktablariga (yettinchi sinfdan) o‘quvchilar qabuli kelgusi yilda o‘tkaziladi.

Toshkent, Nukus, Namangan va Xiva shaharlarida faoliyat yuritayotgan Prezident maktablariga 2020/2021-o‘quv yiliga o‘quvchilarni beshinchi sinflarga qabul qilish imtihonlari 2021-yilga qoldirilib, 2021/2022-o‘quv yilida o‘quvchilar beshinchi va oltinchi sinflarga qabul qilinadi.

Hukumat qaroriga binoan, 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab ijod maktablariga qabul yettinchi sinfdan amalga oshiriladi. Bugungi kunga kelib, mavjud ijod maktablaridagi sinflar kontingenti to‘liqligini inobatga olgan holda, 2020/2021-o‘quv yilida yangi sinflar ochilishi nazarda tutilmagan.

Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar, ya’ni Muhammad al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek hamda Abu Ali ibn Sino nomlaridagi ixtisoslashtirilgan maktablarga 2020/2021-o‘quv yiliga o‘quvchilarni qabul qilish masalasiga oid ma’lumot tegishli o‘rganishlardan so‘ng ma’lum qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring