Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat raisi ota-onalarga murojaat qildi

Senat raisi ota-onalarga murojaat qildi

Foto: Senat matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ta’lim-tarbiya masalasida ota-onalarga murojaat qildi. 

— Avloniyning «Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir», degan so‘zlari ahamiyati bugun oshgan bo‘lsa oshganki, aslo pasaygan emas.

Barchamiz – onamiz, otamiz va o‘z farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasi uchun mas’ulmiz. Lekin tan olib aytishimiz kerak, bugungi o‘quvchi ham, ota-onalar ham kechagi emas.

Qo‘pol eshitilgani bilan aslida teran ahloqiy ma’noga ega bo‘lgan «Eti sizniki, suyagi bizniki», degan gaplarga, afsuski, eskilik sarqiti sifatida qaralmoqda. Maktablarda erkak o‘qituvchilarning kamayib ketgani ham katta muammo, aslida.

Farzandining arzimagan shikoyati uchun maktabga yugurib kelib o‘qituvchiga «tashlanish»dan ko‘pchilik ota-onalar uyalmay qo‘ydi.

Bu esa jamiyatda o‘qituvchi maqomining obro‘sizlanishiga olib kelmoqda.

Hurmatli ota-onalarga murojaat qilmoqchiman: farzandim hayotda o‘z o‘rnini topishda qiynalmasin, mustaqil fikrli, mulohazali inson bo‘lib voyaga yetsin desangiz bolangiz qalbida o‘qituvchiga ehtirom hissini tarbiyalang va  o‘zingiz  ham  ustozlarni  e’zozlang.

O‘qituvchi o‘quvchi yoki uning ota-onasi tomonidan oyoqosti qilinadigan odam emas, balki ziyo tarqatuvchi inson, kerak  bo‘lsa  hammadan  bir  pog‘ona  yuqori  turuvchi  shaxsdir.

Albatta, qonunda javobgarlik belgilab qo‘yish bilan bu kabi muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi.

Bu ijtimoiy ong darajasiga yetishi, umummilliy harakatga aylanishi kerak, — dedi Senat raisi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring