Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherzod Shermatov: «Hokimlarga juda ko‘p masala bog‘liq»

Sherzod Shermatov: «Hokimlarga juda ko‘p masala bog‘liq»

Foto: «Xabar.uz»

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Toshkentdagi yangi ta’mirlanayotgan maktablar haqida videoroliklar e’lon qilingandan keyin ijtimoiy tarmoqlarda «qachon viloyatlarda bo‘ladi» degan ma’noda yozilgan izohlarga javob qaytardi.

«Mana, birgina Namangan viloyati misolida bo‘lgan o‘zgarishlarni ushbu videoda ko‘rishingiz mumkin. Namangan viloyati hokimi tomonidan xalq ta’limi tizimiga alohida e’tibor qaratilishi natijasida oxirgi 2 yilda sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan:

1) 2018-2019-yillarda 9 ta yangi maktab qurildi, 85 ta ta’mirlandi, ularga ajratilgan mablag‘lar 2015-2016 yillardagiga qaraganda 4 barobardan ortiq (viloyatlar hokimliklari maktablar qurilishi bo‘yicha buyurtmachi vazifasini bajaradi, shuning uchun joylardagi qurilish sifati nazorati ularda).

2) 183 ta maktab burjuyka pechlaridan xalos bo‘ldi (bu tajribadan kelib chiqib, qolgan viloyatlar ham maktablarda to‘liq burjuykani yo‘qotishni va’da berishgan edi, lekin hali joylarda uchrab turibdi. Ular ham shu o‘quv yiligacha tugatiladi deb umid qilamiz).

3) 165 ta maktab ichimlik suvi bilan ta’minlandi (afsuski, ba’zi viloyatlarda suvni tashib keltirish xarajatlarini ham maktab jamoasiga yuklab qo‘yish holatlari mavjud ekan).

4) barcha ta’mirtalab maktab hojatxonalarini yangidan qurish yoki ta’mirlash uchun homiylar biriktirildi (afsuski, ba’zi viloyatlarda bu masala maktab jamoasining o‘ziga yuklab qo‘yilmoqda).

Hokim maktab muammosini yechishga haqiqatda yordam berishga harakat qilsa, joylardagi ta’lim mas’ullari muammolarni berkitishga emas, balki hokimga aytib, ularni birgalikda yechimini topishga harakat qiladilar.

Agar ta’lim mas’ullarini eshitib, maktablarda kamchilik bo‘lsa, mablag‘ bilan yordam berish o‘rniga hokimlar o‘zing hal qil deydigan bo‘lsa, unda joylardagi ta’lim mutasaddilari muammoni berkitishga yoki o‘qituvchi va ota-onalardan noqonuniy pul yig‘ish orqali mavjud muammolarni hal etishga harakat qiladilar.

Albatta, Namangan maktablarida hamma masala hal bo‘ldi, degan fikrdan ancha yiroqmiz. Hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. O‘zim avval borgan maktablarning hali anchasiga mablag‘ yetmaganligi tufayli ta’mirlanmaganligiga ham guvoh bo‘ldim. Sababi, ajratilgan mablag‘lar undan-da yomon maktabning ta’miriga yo‘naltirilgan. Ko‘p masala iqtisodiy ahvolimiz va moliyaviy resurslarga bog‘liqligi hammamiz bilamiz.

Shuning uchun hokimlarimiz va sektor rahbarlari joylardagi maktablarimiz sharoitlarini yaxshilashga haqiqiy yordamlarini ayamaydilar deb umid qilamiz» — deb yozadi vazir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring