Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ta’lim sohasidagi yangi konstitutsiyaviy normalar haqida ba’zi mulohazalar

Ta’lim sohasidagi yangi konstitutsiyaviy normalar haqida ba’zi mulohazalar

Foto: «Xabar.uz»

O‘quv-tarbiya jarayonlarini hozirgi zamon talablari darajada takomillashtirish, ta’lim tizimini rivojlantirishni ta’minlash uchun asosiy mas’ul shaxslar o‘qituvchi-pedagoglar ekanligi barchamizga ma’lum. Belgilangan vazifalar doirasida o‘z kundalik faoliyatlarini samarali amalga oshirish uchun ulardan o‘z ishlariga mas’uliyat bilan yondashish, kasbiy malaka va metodik mahoratlarini uzluksiz oshirib borish, zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida ishlash talab kilinadi.

Bundan tashqari, ta’lim tizimining sifati soha kasb egalarining faoliyati, haq-huquqlari davlat tomonidan tegishli qonunlar bilan himoyalanishiga ham bevosita bog‘liq, albatta. Ta’lim sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar tizimi esa Konstitutsiyamizda belgilangan huquqiy normalar asosida takomillashtiriladi.

41-moddaga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar aynan shu nuqtai nazardan amalga oshirilmoqda.

Jahon tajribasiga ko‘ra, eng rivojlangan davlatlar (Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va b.), Xitoy, Belarus, Estoniya kabi rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘qituvchi, pedagog mavqei juda baland bo‘lib, ularning haq-huququlari konstitutsiyalarida va milliy qonunchiligida himoyalangan. Masalan, Yaponiyada o‘qituvchiga vazirning maoshi, imperatorning obro‘si, deputatning daxlsizligi berilganligi mubolag‘a emas. Yaponiya ta’lim tizimining mukammalligi mamlakatning juda qisqa muddat ichida dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoridan o‘rin olishiga sabab bo‘lgan, zero maktab – inson umri davomida oladigan ta’lim va tarbiyaning, uning shaxs sifatida shakllanishining asosidir.

Bizning amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, pedagog xodim deganda ta’lim tashkilotlarida (bog‘cha, umumta’lim maktabi, akademik litsey, kasb-hunar maktabi, kollej, texnikum, oliy va undan keyingi ta’lim muassasalari, malaka oshirish va qayta tayyorlash muassasalari) pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar tushuniladi. Bugungi kunda mamlakatimizda xalq ta’limi tizimidagi muassasalarda yarim milliondan ortiq pedagog xodimlar faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, ushbu ta’lim muassasalarida 6,5 millionga yaqin o‘quvchilar ta’lim olib kelmoqda. Bu 6,5 million bolalarimizning taqdiri ma’lum darajada shu yarim million odamning qo‘lida ekanligini anglatadi, zero farzandlarimiz sutkaning talaygina qismini maktabda, o‘qituvchilar bilan o‘tkazadilar.

Pedagog faoliyatining eng mushkul jihatlaridan biri o‘qitish, dars berish bilan emas, aynan o‘z o‘quvchilari bilan muomala qilish, tarbiya berish bilan bog‘liq. Bu qiyinchiliklarning sabab-vajlari turlicha. Biz masalalaning aynan shu jihatiga ham e’tibor berish kerakligiga to‘xtalmoqchimiz.

Birinchidan, hozirgi zamon bolalari texnologik rivojlanish davri mahsuloti, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan har qanday ma’lumotni o‘zlari topib, mulohaza qilishlari mumkin. Bunday imkoniyat ularning o‘zlarini mustaqil sezishga, hech kimdan yordam kutmagan holda «muammolarni» hal qilish ko‘nikmalarini orttirishiga sabab bo‘layapti. Bu jihat yoshlarimiz uchun yaxshi, albatta. Lekin bunday mustaqillik o‘zboshimchalik va o‘qituvchiga hurmatsizlik ko‘rsatish hollari bilan ham bog‘liq bo‘lyapti. Eng achinarlisi, ko‘p ota-onalar ham bu vaziyatga e’tiborsizlik bilan qarashmoqda.

Ikkinchidan, xalqaro va milliy qonunchiligimizda e’tirof etilgan inson huquqlari, xususan, bolalar huquqlarining himoyalanganligi bir tomondan ular uchun erkin, baxtli bolalikni ta’minlasa, ikkinchi tomondan bu huquqlarni to‘laqonli, to‘g‘ri tushunmagan holda suiste’mol qilinishiga olib kelmoqda. Ya’ni bolalarimiz bizga o‘qituvchi tanbeh bermasligi, ishimizga aralashmasligi kerak, degan fikrlarga boradilar va ba’zi hollarda o‘qituvchidan norizolik va e’tirozlarni ota-onalariga yetkazadilar. Ular esa o‘z navbatida o‘qituvchidan norozilikni qo‘pol tarzda, aynan farzandlar ishtirokida bildiradilar. Bunday vaziyatning oqibatlari o‘qituvchi uchun qattiq psixologik stress bo‘lsada, o‘quvchi uchun istiqbolli antisamara, ya’ni bolada pedagogika va psixologiya nuqtai nazaridan yondashganda, juda negativ xusuyatlarning shakllanishiga olib kelishi, bu esa bizning milliy qadriyatlarimizga ham zid ekanligi e’tiborga olinmaydi.

Yangi konstitutsiyamizda pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligining mustahkamlanishi mazkur holatlarning oldini oladi, degan umiddamiz.

Ta’lim muassasalarida o‘qiydigan bolalar ota-onalarining ham pedagog mehnatini, uning sha’ni va haq-huquqlarini poymol qilmagan holda va, aksincha, uydagi va maktabdagi tarbiya jarayonlarini o‘zaro integratsiyalash hisobidan mukammal qilishga intilishlari umumiy maqsadga, ya’ni farzandlarimizni komil, har tomonlama yetuk insonlar bo‘lib yetishtirish maqsadiga muvofiq kelgan bo‘lardi.

Shu o‘rinda murabbiylarimizning Konstitutsiyamizga kiritiladigan normalar, ya’ni e’tirof etilayotgan va kafolanayotgan haq-huquqlar oldidagi mas’uliyatlari haqida ham ba’zi mulohazalarimizni bildirsak.

Eng avvalo, e’tirof etish kerakki, pedagog, murabbiylik kasbi ijodiy kasb. Murabbiy 45 daqiqa vaqtini darslikdagi mavzuni nari-beri o‘tib, faqat vaqt o‘tishini ko‘zlab ishga kelsa, uning obro‘yi ham, hurmati ham bo‘lmaydi va bunday o‘qituvchini hurmatsizlikdan hech narsa asrab qololmaydi. Bolalar sidqidillikni, mehrni qalblari bilan tuyadilar. O‘tilayotgan darslarga ijodiy yondashuv bo‘lsa, har bir o‘quvchiga muomala va muloqot jarayonida unga nisbatan shaxs sifatida hurmat sezilsa, kerakli vaziyatda e’tirof etib turilsa, bunday pedagogning hurmati, albatta, yuksak bo‘ladi va bolalar mehriga sazovor bo‘ladi.

Bundan tashqari, har bir murabbiy farzandlar begona bo‘lmasligini («meniki emasku» prinsipidan voz kechish muhimligini), ya’ni har bir bolaga o‘z farzandidek muomala qilishi, unga mehr berishi, xatolarini ko‘rsatishi, ularning oldini olishda, tarbiyalash, tanbeh berishda ularning har biriga nisbatan shaxs sifatida hurmatini, konstitutsiyaviy huquqlarini poymol qilish mumkin emasligini yodda saqlagan holda yondashish zarurligini bir daqiqa ham unutmasligi kerak. O‘qituvchi-murabbiylarimiz qonunlar vositasida huququqiy jihatdan qanchalik himoyalanmasin, ularning o‘z kasblariga, bolalarga mehr va hurmatlari bo‘lmasa, bu qonunlarning amal qilish mexanizmlari doimo oqsashi, muammoli vaziyatlar yuzaga kelishi va ularning yechimini topish, choralarini ko‘rish asosiy strategik maqsad – yoshlarni to‘g‘ri tarbiyalash, ta’lim sifatini yaxshilash maqsadidan chalg‘itishi tabiiy.

Bunday prinsiplar nafaqat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida, balki oliy ta’limda ham qo‘llanishi, ya’ni talabalarimizning haq-huquqlari poymol etilmasligida ham o‘z aksini topishi kerak. Zero oliy ta’lim qamrovini kengaytirish maqsadida OTM sonining ko‘paytirilishi, oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlariga, ilm-fanni rivojlantirishga e’tiborning kuchaytirilishi, buning uchun davlat tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratilishi ham yangi konstitutsiyada kafolatlanadi va mustahkamlanadi.

Yangi konstitutsiyamizning ta’lim sohasiga oid 41-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, uning kasb egalari ijtimoiy himoyasini kafolatlash, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga har qanday noqonuniy aralashishga yo‘l qo‘yilmasligini mustahkamlash – bularning barchasi mamlakatimizda ta’limni rivojlantirish jarayoniga to‘siq bo‘layotgan holatlarning oldini oladi, degan umiddamiz.

Muzaffar JALOLOV,

Toshkentdagi INHA universiteti rektori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring