Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya elchisi birdaniga ikki o‘zbek universiteti faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi

Turkiya elchisi birdaniga ikki o‘zbek universiteti faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi

Rektor Shuhrat Sirojiddinov elchi Mehmet Surayyo Erga faxriy professor unvonini topshirmoqda.

Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er ta’lim va ilm-fan rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining (ToshDO‘TAU) faxriy professori unvoni bilan taqdirlandi. Unvon shahodatnomasi universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov tomonidan topshirildi.

«Mehmet Surayyo Er o‘z ilmiy faoliyati davomida AQShning qator universitetlarida o‘rta asrlar Usmonli turk qo‘lyozmalarini tadqiq qilishda katta yutuqlarga erishgan. Matnshunoslik bo‘yicha yuqori ilmiy qiymatga ega bo‘lgan doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan», – deyiladi universitet matbuot xizmati xabarida.  

Qayd etilishicha, elchining tashabbuskorligi  natijasida ToshDO‘TAUning Turkiya oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi, Anqara Hoji Bayram Vali universiteti, Istanbul madaniyat universiteti, Marmara universiteti kabi nufuzli ta’lim muassasalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilk bor qo‘shma magistrlik dasturi yo‘lga qo‘yildi. Bu  O‘zbekiston va Turkiya oliy ta’lim tizimidagi hamkorlikning yangi sahifasi sifatida baholanmoqda.

Ayni kunlarda Turkiya elchisi yana bir e’tirofga sazovor bo‘ldi. Ikki mamlakat o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik hamda turkiyshunoslik ilmi ravnaqiga qo‘shgan hissasi uchun u Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti faxriy doktori unvoniga ham munosib ko‘rildi. Unvon guvohnomasi elchi M.S.Erga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yevropa boshqarmasi boshlig‘i ishtirok etgan tadbirda universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva tomonidan taqdim etildi.

Mehmet Surayyo Er Turkiya elchisi etib tayinlaganidan so‘ng o‘zbek tilini qisqa muddatda mukammal o‘zlashtirgani O‘zbekistonga nisbatan yuksak ehtirom namunasi o‘laroq baholangan.

Avvalroq turk diplomati O‘zbekiston xalqini mustaqillik bayrami bilan o‘zbek tilida tabriklagani haqida xabar bergan edik.

1964 yili Izmirda tug‘ilgan Mehmet Surayyo Er Istanbul universitetining falsafa, Bosfor universitetining siyosiy fanlar va xalqaro munosabatlar hamda tarix fakultetlarini bitirgan. AQShdagi Kaliforniya universiteti Yaqin Sharq tillari va madaniyatlari kafedrasida magistrlik hamda nomzodlik ilmiy darajalarini olgan. Mazkur universitet qoshidagi O‘rta Osiyo tillari institutining «Yuksak ilmiy salohiyat uchun» mukofoti bilan taqdirlangan. 2004-2011 yillarida Michigan universitetida dars bergan. 2012-2018 yillarda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan M.S.Er Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston madaniyati, tarixini yaqindan o‘rgangan. 2018 yil 19 dekabrda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi vazifasiga tayinlangan va 2019 yil 15 yanvardan o‘z vazifasini bajarishga kirishgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring