Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zangiota hokimi o‘rinbosari jarimaga tortildi

Zangiota hokimi o‘rinbosari jarimaga tortildi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Nazorat-huquqiy xizmati va Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi hamkorlikda Toshkent viloyati, Zangiota tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Mamadaliyevni o‘qituvchilarni majburiy obuna va mehnatga jalb qilgani uchun 15,61 mln. so‘m jarimaga tortdi.

O‘rganish davomida Toshkent viloyati, Zangiota tumani hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Mamadaliyevning joriy yil 15 yanvardagi og‘zaki topshirig‘iga ko‘ra tumandagi barcha umumta’lim maktablari 10 dan ortiq ro‘znomalarga obuna bo‘lishga majbur etgan.

Joriy yilning 14 may kuni ZOOM dasturi orqali tumandagi jami 44 ta umumta’lim maktabi direktorlariga onlayn tarzda yig‘ilish o‘tkazib, umumta’lim maktab mikrohududidagi mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi kam ta’minlangan aholini xatlovdan o‘tkazib, hisobotlarni hokimiyatga topshirish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.

Uning mazkur ko‘rsatmasiga asosan umumta’lim maktab direktorlari pedagog xodimlar bilan bir hafta mobaynida aholini xonadonma-xonadon yurib xatlovdan o‘tkazib, kam ta’minlangan oilalarning ro‘yxatini shakllantirib hokimiyatga taqdim etgan.

Shuningdek, B.Mamadaliyev tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirini majburlab, tumandagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorlariga joriy yilning 28 may kuni ertalab soat 6:45 da yoshlar yetakchisi va yana bir nafar xodim bilan birgalikda yig‘ib, tumandagi barcha maktab direktorlari va 80 nafardan ortiq o‘qituvchilarni o‘sgan o‘tlarni tozalash va yerni chopiq qilish, yumshatish ko‘rinishidagi majburiy mehnatga jalb qilgan.

Bu bilan Zangiota tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Mamadaliyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 7-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi PQ-3931-sonli, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 fevraldagi 146-sonli qarorlari talablari buzilganligi holati aniqlandi.

Shu sababdan, Zangiota tumani hokimining o‘rinbosaridan tushuntirish xati olinganida, u ushbu ishlarga jalb etganligini tasdiqlab tushuntirish berdi.

Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi mazkur holatlarni qonuniy o‘rganib chiqib, hokim o‘rinbosariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi bilan 15,61 mln. so‘m jarima jazosi qo‘llagan.

Prezident qaroriga ko‘ra, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish, mavsumiy qishloq xo‘jaligi hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.

Hujjatning 16-bandiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga (telefon: 1007) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga (telefon: 2001176) pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini o‘tkazish hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishini ta’minlash vazifalari yuklatilgan.​

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring