Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«3-5-2»: Xitoy AQShga qarshi savdo urushida shu taktikani tanladi

«3-5-2»: Xitoy AQShga qarshi savdo urushida shu taktikani tanladi

Foto: «Sampi.co»

Xitoydagi barcha davlat tashkilotlariga uch yil muhlat berildi: hamma xorij kompyuter qurilmalari va dasturiy ta’minotidan butkul voz kechadi. Idoralar esa buyruqni paysalga solib o‘tirishgani yo‘q, ishga kirishib ketishdi. «Microsoft», «Dell» va «HP» kabi Amerika kompaniyalari «Sem amaki» bir yilcha burun «Huawei»ga bergan zarba mazasi qanaqa bo‘lishini mana endi ko‘rishadi.

Xabarlarga ishonadigan bo‘lsak, maxfiy buyruq 2019-yil boshidayoq hammaga yetkazilgan, xullas, Pekin barcha xitoyliklarni yoppasiga chet elnikidan o‘zining kompyuter texnikalariga o‘tqazmoqchi.

Ekspertlarning taroziga solishlaricha, Xitoyga buning uchun 20-30 mln. birlik qurilma kerak. 2020-yilda texnikaning 30 foizi, 2021-yilda 50 foizi, 2022-yilda esa qolgan qismi almashtiriladi. Mana shu texnosiyosatning qisqacha nomi — «3-5-2».

Bu xuddiki AQSh telekom giganti «Huawei»ga qo‘llagan usul — imkon qadar ko‘proq iste’molchisidan mosuvo etish xohishiga o‘xshab ketadi. Vashington Amerika kompaniyalariga «Huawei» bilan oldi-berdi qilishni man etgani yetmaganidek, yevropaliklarni ham xitoyliklarga qarshi qayramoqda. Hattoki AQSh «Huawei» ishtirokidagi 5G infratuzilma loyihalarini muzlatib qo‘yish talabini qo‘yib, Yevropaga bosim ham o‘tkazmoqda.

Balandparvoz rejalar o‘z yo‘liga, xitoyliklarga esa oson bo‘lmaydi: ayniqsa, g‘arb dasturiy ta’minoti o‘rniga o‘zinikini tatbiq etish ancha murakkab jarayon. Chunki Xitoy dasturiy ta’minotlari, masalan, Kylin OS ekotizimi nisbatan ancha qashshoq, ko‘plab muhim ilovalar yetishmaydi. Shunga qaramay, Xitoy hukumati oyoq tirab olgan: barcha davlat buyurtmachilari Windows 10 dan, hatto hukumat buyurtmasi asosida «Microsoft» kompaniyasi bu mamlakat uchun maxsus ishlab chiqqan talqinidan ham voz kechishlari talab etilmoqda.

Amerika texnologiya kompaniyalari Xitoydan qariyb 150 milliard dollar daromad qilishadi. Garchi buning salmoqli qismi xususiy sektorga to‘g‘ri kelsa ham, baribir, Xitoy juda ulkan bozor — bunaqa zarbadan o‘nglanish oson bo‘lmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring