Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hindistonning IT-kompaniyalari O‘zbekistonni xab sifatida tanlamoqda

Hindistonning IT-kompaniyalari O‘zbekistonni xab sifatida tanlamoqda

Foto: «IT-Park»

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturiy mahsulotlar sohasida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash doirasida IT-Park delegatsiyasi Hindiston Respublikasiga tashrif buyurdi.

Delegatsiya har yili o‘tkaziladigan Karnataka shtati (80 million aholisi mavjud) axborot texnologiyalari va biotexnologiya bo‘limi, Karnataki innovatsiyalar va texnologiyalar jamiyati (KITS), shuningdek Hindiston dasturiy texnologiyalar parklari jamiyati (STPI) tomonidan Bangalor shahrida tashkil etilgan eng katta texnologik sammit – «Bengaluru Tech Summit 2019»da ishtirok etdi.

«Bengaluru Tech Summit 2019» har yili o‘tkaziladigan eng katta sammitlardan biri bo‘lib, ushbu sammit doirasida raqamli texnologiyalar sohasida konferensiya va ko‘rgazma o‘tkaziladi. Konferensiyaga 300 000 dan ortiq delegatlar va xorijiy davlatlardan 4500 dan ortiq mehmonlar tashrif buyuradi. Ko‘rgazmaga axborot texnologiyalari sohasidan 200 dan ortiq va biotexnologiyalar sohasidan 150 dan ortiq eksponentlar jalb qilinadi.

Sammit doirasida Karnataka shtatining bosh vaziri B.Yediyurappa bilan uchrashuv tashkil etildi. Bosh vazir startaplar ekotizimini takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlar, IT-kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar va mamlakatimiz hududidagi birinchi IT-Park bilan tanishtirildi. U O‘zbekistonga tashrif buyurish taklifini qabul qildi va kelgusida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi. 

Shu bilan birga, Karnataka shtatiga tashrif doirasida dasturiy ta’minot autsortingi va IT-xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun O‘zbekistonga hind kompaniyalarini jalb qilish masalasi ko‘rib chiqildi, «Tata Cosultancy Services», «Genpact», «STPI» kabi kompaniyalar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Tata Consultancy Services Limited (TCS) Hindistondagi transmilliy kompaniya bo‘lib, biznes uchun axborot texnologiyalari, IT-konsalting va IT-yechimlar sohasida xizmatlarni taqdim etadi, unda 330 mingdan ortiq xodim faoliyat olib boradi. Kompaniyaning yillik aylanmasi 15,5 milliard AQSh dollardan ortiq.

Software Technology Parks of India (STPI) — bu Hindistondan dasturiy ta’minot eksportini rag‘batlantirish, targ‘ibot qilish va kuchaytirish maqsadida Hindiston elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan 1991 yilda tashkil etilgan jamiyat sanaladi.

STPI – davlat tashkiloti, internet-xizmatlar va inkubatsion dasturlar ta’minotchisidir. U butun mamlakatda, aniqrog‘i, Hindistonning 59 ta shahrida faoliyat yuritadi. Tashkilotning butun Hindiston bo‘ylab 57ta parki mavjud. STPI doirasida IT yo‘nalishida ishlayotgan kompaniyalarning umumiy soni 4000 dan ortiq. Umumiy IT eksport hajmi 176 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. STPI doirasida ishlaydigan IT-mutaxassislarning umumiy soni 4 milliondan oshadi.

Bundan tashqari, IT-xizmatlari va dasturiy ta’minot kompaniyalari uchun Singapurning eng katta developer kompaniyasi – «CapitalLand» tomonidan yaratilgan IT-infratuzilmalarga tashrif buyurildi va o‘rganildi. Ushbu kompaniya tajribasi IT-Park faoliyatini kengaytirishda qo‘llanilishi kutilmoqda.

Gujarot shtatining Ahmadobod shahrida Gudjarat shtati Hindiston elektronika va dasturiy ta’minot assosiatsiyasi – «Gesia IT Association», Tadbirkorlik va texnologiyalar xalqaro markazi – «iCreate», «Dev Information Technology Limited» kompaniyasi, Hindiston fan va texnologiyalar vazirligi Fan va texnologiyalar bo‘limi va boshqa kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Ushbu tashkilotlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar natijasida startap siyosati va inkubatsion dasturlarni rivojlantirish, ta’limiy dasturlarni ishlab chiqish va O‘zbekistonning IT-mutaxassislari malakasini oshirish, tajriba almashish va hamkorlikda startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish, shu jumladan startap tashabbuslari bilan almashish uchun memorandumlar imzolandi.

Ushbu safar yakuniga ko‘ra, tomonlar O‘zbekiston Markaziy Osiyoda axborot texnologiyalarini rivojlantirish sohasida katta salohiyat va imkoniyatga ega va ushbu davlatda adolatli qonunchilik, eng yaxshi soliq va bojxona imtiyozlari, mavjud ishchi kuchi, demografik muhitda yoshlar ulushining kattaligi, valyuta islohoti, yangidan yaratilayotgan xorijiy oliygohlar, zamonaviy infratuzilma va albatta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan IT-sektorga qaratilayotgan e’tibor nuqtayi nazaridan IT-sohasida hind kompaniyalarining xizmatlarini kengaytirish va o‘zbek-hind xabini yaratish uchun to‘g‘ri keladigan va mos ekotizim mavjud degan to‘xtamga kelingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring