Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Keling, tan olaylik... (video)

Butun dunyoda raqamli texnologiyalar barcha sohalar va insonlar hayotiga jadal kirib bormoqda. Bunga o‘z vaqtida jiddiy qaragan davlatlar rivojlanib, eskicha ishlash tarafdorlari hamon orqada qolmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqlarida, avvalo, aholi eng ko‘p to‘qnash kelayotgan sohalarni raqamlashtirish, odamlarning og‘irini yengil qilish zarurligini ta’kidlab keladi.

Ilg‘or axborot texnologiyalaridan foydalanib, aholi, biznes va davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda jahon standartlariga javob beradigan qulayliklarni yaratish, boshqaruvda adolat va shaffoflikni ta’minlab, korrupsiyaning oldini olish – bu Elektron hukumat tanlagan yo‘ldir.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, so‘nggi 10 yillikda zamonaviy texnologiyalar tufayli hukumat, biznes va odamlar o‘rtasidagi munosabatlar bosqichma-bosqich raqamli ko‘rinishga o‘tib boryapti. Shunday ekan, keling, bugun Elektron hukumat tushunchasini oddiy tahlil qilib ko‘ramiz.

Aslini olib qaraganda, bu hech birimiz uchun yangilik emas. Biz elektron hukumat haqida fantastik adabiyotlar yoki filmlardan qisman bo‘lsada xabardor edik. Lekin u bugun real hayotimizga kirib keldi.

Masalan, yaqin-yaqingacha davlat xizmatlaridan foydalanishimizda «lavozimdagilar» qabuliga borish shart bo‘lgan. Endi esa yangi platformalar orqali buni o‘zimiz, uydan chiqmagan holda hal qilish imkoniyatiga egamiz.

Elektron hukumat to‘g‘risida gapirganda, uning muhim tarkibiy qismi, aholi, tadbirkorlar va hukumat o‘rtasidagi hujjat ishlarini masofadan bitirishda asosiy raqamli ko‘prik – Yagona portalga alohida to‘xtalishimiz to‘g‘riroq bo‘ladi.

Xo‘sh, avvallari qanday edi?

Uzoq yillar davomida davlat idoralari va xizmatlari boshqalar uchun deyarli yopiq bo‘lib, alohida hayot kechirayotgandek edi. Fuqarolar va tadbirkorlar biror turdagi ma’lumotnoma yoki ruxsatnomani olish uchun bir nechta davlat idoralariga borishi, navbat kutishi, ishi tezroq bitishi uchun «tanish-bilish» izlashiga to‘g‘ri kelardi. Bunda ish vaqti, asab va mablag‘ sarfi, odamlarning sarsongarchiligi umuman baholanmagan.

Bugun esa vaziyat ancha o‘zgardi. Yagona portal tufayli odamlar emas, hujjatlar harakatlanib, inson qadri birinchi o‘ringa chiqayotgani sezildi. Axir, raqamlashtirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnini to‘liq bosadi: bunda fuqarolarning vaqti va mablag‘i tejaladi.

Agar davlat organi raqamlashtirish tufayli korrupsiya muammosini hal qilsa, odamlar hukumat bilan elektron portallar orqali aloqa o‘rnatsa, jarayon to‘liq shaffoflashsa, shubhasiz, har ikkala tomon ijobiy natijaga erishadi.

«Elektron hukumat» tizimi qanday ishlaydi?

Bugun axborotlar zamonida yashayapmiz. Ishdami-uydami doimiy internetga ko‘z tashlab turamiz. Bordi-yu, mobil qurilmamizni biror joyda unutib qoldirsak, o‘zimizni xuddi jamiyatdan ajralib qolgandek his qilamiz. Lekin ularda mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga kelganda, tan olaylik, ancha sustroqmiz...

Ammo hozir asr texnologiyalari, elektron hukumat imkoniyatlaridan o‘rinli foydalanishning ayni davri! Masalan, endi mobil telefoningiz orqali ham bir qancha jarayonlarni boshqarishingiz, ya’ni turli to‘lovlarni onlayn to‘lash, ma’lumotnomalarni elektron tarzda olishingiz mumkin.

Bu tizim tufayli «Soliq», «Bojxona», «Ta’lim» kabi yuzlab axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari yaratildi. Endi odamlar qo‘llarida birtalay hujjatlar ko‘tarib yurmaydi. Barcha ma’lumotlar raqamli ko‘rinishda xavfsiz saqlanadi va foydalanuvchiga so‘ralgan vaqtida taqdim etiladi.

Tizim hukumat bilan ham ochiqlikni, ham mahfiylikni ta’minlaydi. Shu bilan birga fuqarolarning davlat tashkilotlari bilan tunu kun aloqada bo‘lishini kafolatlaydi.

Elektron hukumatni rivojlantirishga 2020 yildan yanada jiddiy kirishildi.

Har bir davlat va idoralardagi dolzarb ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar portaliga integratsiya qilinishi orqali butun jarayonlarni kuzatib borish imkoniyati yaratildi.

Yana bir muhim jihati, Ochiq ma’lumotlar portalidagi ochiqlik va shaffoflik tufayli xorijiy kompaniyalar O‘zbekistondagi har bir davlat idoralari holatini, ulardagi statistik ma’lumotlarni elektron ko‘rinishda o‘rganmoqda. Bu O‘zbekistonga investitsiya olib kirishda juda qo‘l keladi.

Shuningdek, xalq bilan parlament muloqotini ta’minlovchi «Elektron parlament» tizimi joriy etilib, odamlar senatga, deputatlarga, hatto prezidentga o‘z murojaatlarini yetkazishi mumkin bo‘ldi.

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish orqali fuqarolarning aniq yashash manzili to‘g‘rilanishiga, elektron saylov loyihasini ishga tushirish bilan «Bir saylovchi – bir ovoz» tamoyilining haqiqatan ishlashiga erishildi.

«Ochiq budjet» portali yordamida esa aholini ko‘p qiynab kelgan yo‘l, suv, elektr, ta’mirga muhtoj ob’yektlar kabi muammolarga yechim topiladigan bo‘ldi. Ya’ni aholi o‘z tumanidagi mablag‘ bilan bog‘liq muammo va kamchiliklarni portalga yozib, ijobiy natijalar olishga o‘tdi.

Yuqorida sanab o‘tilgan dolzarb loyihalarning hammasi qisqa muddatlarda erishilgan ulkan yutuqlar debochasidir.

Elektron hukumatning barcha axborot tizimlaridan Yagona identifikatsiya tizimi – birgina login va parol yoki elektron raqamli imzo orqali qayta ro‘yxatdan o‘tmagan holda erkin foydalanish imkoniyati jarayonni yanada osonlashtiradi.

Demak, Elektron hukumat — Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot va farovonlik sari tashlangan yangi qadamlaridan biridir!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring