Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Milliard dollarlik IT kompaniya tashkil qilgan birinchi o‘zbek bo‘lmoqchiman!..» – AQShdagi yosh tadbirkor bilan suhbat

«Milliard dollarlik IT kompaniya tashkil qilgan birinchi o‘zbek bo‘lmoqchiman!..» – AQShdagi yosh tadbirkor bilan suhbat

Foto: Xabar.uz

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyular davom etadi. Bu galgi suhbatdoshimiz bir necha yillardan beri Amerika Qo‘shma Shtatlarida IT tadbirkor sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Sardor Ahmedov.

Qahramonimiz bugungi kunda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi Jafton.com va masofaviy ta’lim beruvchi Missed.com kompaniyalarini boshqarib keladi. Shu bilan birga u xorijdagi o‘zbekistonliklarni birlashtirish maqsadida «Uzbek Diaspora» NNTga asos solgan.

Shuningdek, Sardor Harvard Business Review va Pace Lubin School of Business korxonalarining maslahat kengashlaridagi yagona o‘zbek hamda Forbes Business Councildagi eng yosh vakil hisoblanadi.

«AQSh yoqqan bo‘lsa-da, lekin Buyuk Britaniyada o‘qishni xohlar edim...»

AQShga birinchi marta 15 yoshimda, aniqrog‘i 2013 yili katta opam turmushga chiqqanlaridan so‘ng ularni ko‘rgani kichik opam va ukam bilan kelganmiz. Menga AQSh yoqqan bo‘lsa-da, lekin Buyuk Britaniyada o‘qishni xohlar edim.

Lekin 1 yildan so‘ng 2014 yil AQShning Massachusets shtatidagi The Macduffie School xususiy maktabga grant yutib olganman va 11 sinfda o‘qish uchun bu yerga kelganman. Maktabni bitirib avval IT sohasi bo‘yicha New York Institute of Technology universitetining «Elektr injiniring» bakalavr bosqichiga kirganman. Orzuim IT sohasida biznes yuritish edi va shu uchun albatta dasturlashni bilishim shart deb o‘ylaganman. Ammo Stiv Jobs kabi o‘zi dasturlashni bilmasdan turib katta IT kompaniyalarni qurgan tadbirkorlardan ruhlanib dasturlash sohasini bitirmasdan Biznes fakultetiga o‘tib ketdim.

Lekin biznesga kirib ketganim sababli o‘qishimni butunlay bitirmasdan 2 yillik chala diplomimni olib ta’lim olishni to‘xtatdim. Qo‘shma Shtatlarda o‘qishni to‘xtatsangiz talabalik statusingizdan mahrum bo‘lasiz va shu sababli men O1A, ya’ni alohida qobiliyatga ega mutaxassislar uchun yaratilgan ishchi vizasiga topshirdim va AQSh immigratsiyasi meni kuchli tadbirkor deb bilgani sababli shu vizani 3 yilga berdi. Hozirda ushbu viza orqali bu yerda o‘z biznes faoliyatimni yuritib kelaman.

«Boshida ularga shogird, keyinroq biznes hamkor bo‘ldim...»

Dastlabki bizneslarimdan biri Nutra First nomli kompaniya bo‘lgan. Kompaniyam Amerikadan O‘zbekistonga sport mashg‘ulotlari uchun qo‘shimcha ozuqaviy mahsulotlar eksporti bilan shug‘ullangan. Hozir mazkur kompaniyani biznes hamkorim boshqarib keladi.

Bugungi kunda men butun diqqat-e’tiborimni IT biznesiga qaratganman. Ochig‘i IT biznesiga ilk bor bundan ikki yil oldin ustozim, yirik IT tadbirkor Bobur Akilxonov bilan ishlash orqali kirib kelganman. Boshida ularga shogird bo‘ldim, keyinroq ular bilan biznes hamkor bo‘lib hozirgi kunda bir nechta IT kompaniyalarni boshqarib kelamiz. Bular sirasiga dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi Jafton.com va masofaviy ta’lim berish xizmatini ko‘rsatuvchi Missed.com kompaniyalarini aytishim mumkin.

Sohaga hech qachon pul uchungina kirib kelmaslik kerak...

O‘zbekistondagi yangiliklarni kuzatib borishga harakat qilaman. Savolingizdan kelib chiqib, menimcha hozir IT sohasini rivojlanishiga to‘sqinlik qiladigan narsa mamlakatimizda deyarli yo‘q. Oldinlari internet tezligi yaxshi emas edi. Biroq holat yildan yilga yaxshilanmoqda. Endi faqat sifatli bilim olish qoldi, xolos.

Shu o‘rinda, dasturlashni tanlayotgan yoshlarga sohaga hech qachon pul uchungina kirib kelmaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Boisi, dasturlash sohasi asosan kompyuter qarshisida va bir joyda o‘tirib ishlashni talab qiladi. Agar pul uchun sohani tanlayotgan bo‘lsangiz aniq sizda o‘xshamaydi, chunki sabringiz chidamasligi mumkin. Shuning uchun inson o‘ziga yoqadigan kasbni tanlashi zarur.

Kelajakdagi rejalarim esa, AQShda milliard dollarlik IT kompaniya qurish, aniqrog‘i birinchi milliard dollarlik kompaniya tashkil qilgan o‘zbek bo‘lmoqchiman. Bularni albatta bir o‘zim emas, balki ustozim va biznes hamkorim Bobur Akilxonov bilan birgalikda amalga oshiramiz.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring