Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston vakillari «GSMA Mobile 360-Evroosiyo» tadbirida ishtirok etdi

O‘zbekiston vakillari «GSMA Mobile 360-Evroosiyo» tadbirida ishtirok etdi

Foto: «Mitc.uz»

Har yili o‘tkaziladigan «GSMA Mobile 360-Evroosiyo» tadbiri dunyodagi eng yangi innovatsiyalarni va texnologiyalarni, shu bilan birga, raqamli iqtisodiyot va telekommunikatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni muhokama qilish uchun davlat va xususiy sektor rahbarlarini jamlaydi.

Joriy yilning 8-9-oktyabr kunlari Rossiya Federatsiyasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbir doirasida MDH davlatlari hukumatlari va mobil operatorlari vakillari uchun mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda AKT vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu tadbirda «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi» davlat unitar korxonasi direktori vazifasini bajaruvchi Bobur Tillabayev va «UZIMEI» loyihasi mutaxassislari ishtirok etishdi.

Davra suhbatida ishtirokchilar o‘g‘rilik, firibgarlik va soxta qurilmalarning noqonuniy ishlab chiqarilishi holatlari, davlat tashkilotlari, mobil aloqa operatorlari, mobil qurilma ishlab chiqaruvchilari va foydalanuvchilar faoliyatiga ko‘rsatadigan ta’siri bilan bog‘liq muammolarni muhokama qildilar.

Tadbirda GSMA xalqaro assotsiatsiyasi vakillari va sohaning boshqa ekspertlari «qora ro‘yxat» va IMEI-kodlarni bloklash va milliy reyestrlarning roli haqida o‘z fikrlarini bildirib, ilg‘or jahon tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Eslatib o‘tamiz, «UZIMEI» loyihasi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan kontrafakt qurilmalarni olib kirish, telefonlarni o‘g‘irlash va noqonuniy foydalanish darajasini pasaytirish bilan bog‘liq bir qator muammolarni bartaraf etish maqsadida joriy etilgan edi. Shu bilan birga, ushbu loyiha foydalanuvchilarga mobil qurilmalarning IMEI-kodlari holatini tekshirish orqali sifatli qurilmalar xarid qilishlarini, kelgusida mobil qurilmalar ishlab chiqaruvchilar tomonidan sifatli xizmat olish imkoniyatini yaratadi. Ya’ni, «UZIMEI» loyihasi respublika bozoriga  iPhone, Huawei, Xiaomi va boshqa xalqaro brendlarning rasmiy kirishini ta’minlaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring