Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda internet: tezlik yuqoriga, narxlar pastga. Sir nimada?

O‘zbekistonda internet: tezlik yuqoriga, narxlar pastga. Sir nimada?

O‘zbekistonda so‘nggi olti oy ichida internetdan foydalanish tezligini oshirish va aksincha, operatorlar va provayderlar, shuningdek aholi va tadbirkorlar uchun narxlarni pasaytirish borasida katta qadam tashlandi. Ushbu dalil hattoki xalqaro reytinglarda ham qayd etildi.

Dunyo bo‘yicha internet tezligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan «Speedtest Global Index» reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston doimiy internet tezligining barqaror o‘sishini ko‘rsatib, 2019-yilning yanvar—iyun oylari davomida dunyoning 180 mamlakati orasida 14 pog‘ona yuqoriga, ya’ni 130-o‘rindan 116-o‘ringa ko‘tarildi.

«Speedtest» — o‘z ulanish tezligini tekshirish uchun mazkur xizmatdan foydalanuvchilardan olingan ma’lumotlar asosida tezlikni hisoblaydi va reytingni tuzadi.

«Speedtest Global Index» reytingiga muvofiq, o‘tgan yil bilan taqqoslanganda, O‘zbekistonda simli internet tezligi bir yil ichida (2018-yilning iyunidan — 2019-yil iyunigacha) 6,98 Mbit/s.dan (Download) 17.07 Mbit/s.gacha (Download) oshgan.

Yil davomida O‘zbekistondagi barcha operator  va provayderlar foydalanuvchilari o‘rtasida simli internet tezligi ikki baravar oshdi. Buning siri nimada?!

Birinchidan, albatta, xalqaro kanal o‘tkazish qobiliyatining kengaytirilishi

2018-yil tugashida «Xalqaro paketli kommutatsiya markazlari va ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini kengaytirish» loyihasi yakunlandi. Bu nima berdi: XPKM majmualarining umumiy o‘tkazish qobiliyati 10 baravar oshdi — umumiy trafik 110 Gbit/s.dan 1200 Gbit/s.gacha.

Ikkinchidan, operator va provayderlar uchun narxlarning arzonlashishi

Bu chora oxirgi iste’molchigacha tezlikni oshirishga imkon berdi. Eslatib o‘tamiz, yil davomida Xalqaro paketli kommutatsiya markaziga ulangan operator va provayderlar uchun tarif deyarli 3,5 baravarga: 1 Mbit/s. uchun 244 958 so‘mdan (2018-yil iyun) — 1 Mbit/s. uchun 70 128 so‘mgacha arzonlashtirildi (2019-yil iyun).

Operator va provayderlar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida, «O‘zbektelekom» AK tomonidan shahar ichidagi portlarni ijaraga olish tariflari 35 mingdan 10,5 ming so‘mgacha pasaytirildi.

Yuqorida sanab o‘tilgan omillar barcha operatorlar va provayderlarning hamma foydalanuvchilari uchun narx va tariflarni sezilarli darajada pasaytirishga imkon berdi.

2019 yil davomida barcha foydalanuvchilar uchun provayder va operatorlarning tariflari ham kirish tezligini oshirish, ham oylik abonent to‘lovining qiymatini kamaytirish tomon ko‘p marotaba o‘zgardi. Agar bir yil oldin aholi uchun cheksiz trafikka ega eng tezkor tarif rejasi 6 Mbit/s.dan oshmagan bo‘lsa, bugungi kunda abonent 100 Mbit/s.gacha tezlikka ega tarifni tanlashi mumkin.

O‘tgan yili cheksiz trafikli 6 Mbit/s. tezlikdagi internet xizmatlarining narxi 550 000 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda xuddi shunday tarif rejasining narxi 99 000 so‘mga tushirilgan, ya’ni pasayish 5,6 martani tashkil etdi.

Natijada, o‘tgan yilga nisbatan tariflar kamida 4 baravarga arzonlashtirilgan. 

Yaqin kelgusida O‘zbekistonda internet qanday rivojlanadi?

Bugungi kunda tashqi kanalning o‘tkazish qobiliyati barcha operator va provayderlarga o‘z kanallarini abonentlar uchun erkin ravishda kengaytirish imkonini bermoqda. Endilikda telekommunikatsiya tarmoqlari oldida mamlakat ichki aloqa kanallarining imkoniyatlarini kengaytirish vazifasi turibdi.

Bugungi kunda optik kanallarni siqish texnologiyasidan (DWDM) foydalangan holda magistral tarmoqni kengaytirish nuqtai nazaridan «Magistral va ko‘p xizmatli ma’lumotlarni uzatish tarmog‘ini kengaytirish» va «Raqamli radio-rele uskunalari va IMS texnologiyalari bo‘yicha (IP Multimedia Subsystem) kommutatsiya markazlarini modernizatsiya qilish» loyihalari amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida viloyat markazlariga ma’lumot uzatish tezligi 2 baravarga (200 Gbit/s.), tuman markazlarigacha 4 baravarga (40 Gbit/s.) oshiriladi.

Buning natijasida ko‘chmas keng polosali va mobil ulanish abonentlari sonini oshirish, mavjud tarmoq resurslaridan samarali foydalanish, taqdim etilayotgan xizmatlar, jumladan, keng polosali ulanish xizmatlari ko‘lamini kengaytirish imkoni paydo bo‘ladi. Internet tezligining bu darajada yuqorilashi, qolaversa, interaktiv davlat xizmatlarini yanada rivojlantirishga turtki berib, turli sub’yektlarga o‘zaro katta hajmdagi ma’lumotlarni almashishdek qulaylikni taqdim etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring