Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda pochta qayta oyoqqa turmoqda (foto)

O‘zbekistonda pochta qayta oyoqqa turmoqda (foto)

Ko‘hna pochta ortida yangi xizmatlar yo‘lga qo‘yilyapti.

Foto: Xabar.uz

Pochta xizmati hamisha talabgir bo‘lgan. Ammo mazkur soha bundan uch-to‘rt yil oldin boshi berk ko‘chaga kirib qolgani ham, chora sifatida xodimlar soni qisqartirilgani ham bor gap.

So‘nggi ikki yil ichida pochtani rivojlantirishga jiddiy kirishildi. O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Ishchi guruhi respublika bo‘ylab mazkur tizim muammolari sabablarini o‘rganib, qoloqlikdan chiqish bo‘yicha qator takliflarni ishlab chiqdi. Pochtani ichidan biladigan mutaxassis kadrlar jalb qilindi. Davlatimiz rahbari imzolagan tegishli qaror esa tizimni uyg‘otib yubordi.

Odamlar tasavvurida gazeta-jurnal, xat-xabar yetkazadigan pochta endilikda davlat xizmatlari ko‘rsatishga kirishdi. Qisqa muddatda ana shu xizmatlarni ko‘rsatadigan pochta ob’yektlari soni respublika bo‘yicha 67 tani tashkil etsa, uning 10tasi Buxoro viloyatida joylashgan. Xizmatlarning yo‘lga qo‘yilishida Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazining ko‘magi katta bo‘ldi.

Bugun, 20 yanvar kuni Buxoro shahar markaziy aloqa bo‘limida davlat xizmatlari ko‘rsatadigan markazning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda AKT vaziri Shuhrat Sodiqov rahbarligidagi vazirlik Ishchi guruh a’zolari, soha korxona va tashkilot rahbarlari qatnashdi. Ko‘rkam binoda aholiga elektron davlat xizmatlarining 15 turi ko‘rsatiladi.

Shuningdek, bu yerda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, kanselyariya mollari, telefon aksessuarlarini xarid qilish, pochta xizmatlaridan foydalanish mumkin. Pochta xodimlari davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tishgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring