Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Qonunga qo‘shimcha 6 ta modda kiritiladi» — Aziz Xudayev

«Qonunga qo‘shimcha 6 ta modda kiritiladi» — Aziz Xudayev

Foto: «Xabar.uz»

Bugungi kunda ko‘p tizimlar elektron raqamli imzoni qo‘llash orqali ishlab chiqilayotgani, uning ochiqligini, shu bilan birga xavfsizligini ta’minlash, uning muqobil shakllarini tatbiq etish, aholimiz foydalanganida qulay ishlatishiga erishish dolzarb bo‘lib qolmoqda.

12 may kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi, «UNICON.UZ» Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi hamda tegishli tashkilotlarning mas’ul xodimlari ishtirokida ikki qonun loyihasining muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

– «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi Qonun ilk bor 2003 yil 15 dekabrda qabul qilingan. Shu paytgacha qancha o‘zgarishlar, rivojlanishlar bo‘ldi. Hozirgi kunga kelib, har bitta qonun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashni taqozo etyapti. Ya’ni zamon talabi, taraqqiyot, odamlar ehtiyoji, yangi qabul qilinayotgan qonunlar, qaror va farmonlar eskilarini yangilab, mukammallashtirib, bugunga moslashtirish kerakligini ko‘rsatyapti – deydi Elektron raqamli imzolarni ro‘yxatga olish markazi boshlig‘i Nodir Parpiyev. – Qonunga yangi kiritayotgan takliflarimizdan biri bu – vaqt shtampi. Buni oddiy tushuntirishga harakat qilaman. Elektron raqamli imzo ham xuddi an’anaviy imzodek yuridik kuchga ega va u ma’lum bir muddatgacha beriladi, masalan, uzog‘i bilan 6 yilgacha. Keyin kuchini yo‘qotadi. Imzo qo‘yilgan hujjat esa arxivda turadi va 10-20 yil o‘tib, unga yana murojaat qilib qolish ehtimoli bor. Shunday holatlarda imzoning qachon qo‘yilganligini tasdiqlash uchun vaqt shtampini kiritishga to‘g‘ri kelyapti.

Shuningdek, yig‘ilishda bulutli texnologiyalar, elektron dallol (ishonchli uchinchi tomon), elektron sertifikat, ID-karta ichida ERIning ham bo‘lishi kabi bir qator Qonunga kiritilishi nazarda tutilgan loyihalar ham muhokama qilindi.

– «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi Qonun 2015 yil 9 dekabrda imzolangan, 2016 yil 10 iyundan kuchga kirgan. Uning maqsadi elektron hukumat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, – deydi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori o‘rinbosari Aziz Xudayev. – Davlat rahbarining 2020 yil 5 oktyabrdagi «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni bilan «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi Qonuni bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan Qonunga bir qator o‘zgartirishlar kiritilishi ko‘zda tutilyapti. Jumladan, asosiy tushunchalar ro‘yxati kengaytirilib, Elektron hukumatning asosiy tamoyillari «shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish» prinsipi bilan to‘ldirildi. Sohadagi vakolatli organning vakolatlari hamda Davlat organlarining elektron hukumat sohasidagi vakolatlari ro‘yxati kengaytirildi. Qo‘shimcha 6 ta modda kiritildi.

Qonun loyihasi muhokamasi savol-javoblar va taklif-mulohazalar maydoniga aylandi. Bu qaysidir ma’noda bugun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan Qonunlarga ehtiyoj ortayotganini ko‘rsatdi, desak ham bo‘ladi.

Shohida Isroilova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring