Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Raqamli ta’limni joriy qilishga oid loyiha Toshkent shahri maktablarida taqdim etildi

Raqamli ta’limni joriy qilishga oid loyiha Toshkent shahri maktablarida taqdim etildi

2020 yilning 16 sentyabr kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan 250 - umumta’lim maktabida va Olmazor tumanida joylashgan 133 – umumta’lim maktabida raqamli ta’limni singdirishga oid boshlang‘ich loyiha taqdim etilib, Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida Huawei kompaniyasi va O‘ztelekom milliy operatori hamkorligida amalga oshirildi. Mazkur sinov loyihasi ushbu ikki maktabda joriy qilinish bilan bir qatorda, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKT fanlariga ixtisoslashgan maxsus maktabda ham tadbiq etildi.

Mazkur boshlang‘ich loyiha Xalq ta’limi vazirligi va Huawei kompaniyasi o‘rtasida o‘tgan yili tuzilgan «Xalq ta’limi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish to‘g‘risida»gi Memorandum doirasida amalga tadbiq etildi. Loyiha doirasida ikkita maktabda unga ajratilgan o‘quv xonalari Wi-Fi tarmog‘i bilan qoplandi, masofaviy ta’lim va real vaqtda mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun videokonferensaloqa tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Axborot texnologiyalarini o‘rganishga xizmat qiladigan auditoriyalar planshetlar, bulutli xotira uchun zarur server uskunasi bilan jihozlandi, shuningdek, O‘zbektelekom milliy operatori bilan hamkorlikda axborot uzatish tarmog‘iga oid infratuzilma yaratildi. Har bir maktabda beshtadan o‘quv xonasi to‘liq ta’mirdan chiqarildi.

«Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil «Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb nomlangani ham bejizga emas. Zero, Muhtaram yurtboshimiz 2020 yilning nomida raqamli iqtisod atamasi borligini ta’kidlab o‘tdi va bu borada keng ommaga, maktab bolalariga tushunchalar berish uchun pedagoglarga tinmay murojaat qilmoqdalar. Xalq ta’limi sohasida ham raqamli tizimni rivojlantirishda bir qancha ishlar amalga oshirib kelinmoqda», — deb ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Rustam Karimjonov.

«O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Huawei bosh qarorgohiga qilgan tashrifi davomida davlat rahbari axborot texnologiyalari yo‘nalishida kadrlar tayyorlash uchun hamkorlik zarurligini alohida ta’kidlab o‘tdi, binobarin, bu omil mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda poydevor hisoblanadi. O‘quv jarayonida yuqori texnologiyalardan foydalanish — mamlakat kadrlar zaxirasini tayyorlashda muhim rol o‘ynaydi. Mazkur muassasalarda yo‘lga qo‘yilgan boshlang‘ich loyihalar O‘zbekistondagi boshqa maktablarni ham kelgusida raqamlashtirish uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlarni o‘zida aks ettiradi. Biz ushbu yo‘nalishda hamkorlikni davom ettirishdan faqat mamnun bo‘lamiz», — dedi Huawei kompaniyasining korporativ aloqalar departamenti rahbari Davron Azizov.

So‘nggi oylar mobaynida pandemiya sharoitida raqamli texnologiyalardan foydalanishning ahamiyati har qachongidan-da ortdi. Ta’lim va tibbiyot singari ijtimoiy sohalarning raqamlashtirilishi, birincha galda, aholiga xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishda o‘zining ijobiy jihatlarini namoyon qilmoqda. Texnologiyalar pedagogika va tibbiyot xodimlarining yelkasiga tushadigan yukni yengillashtirish, shu bilan birga, axborot almashish jarayonining sifatini oshirish va uni tezlashtirishga xizmat qilishi lozimdir. Ayni shu sabab maktab partasidanoq yosh avlodda raqamli ko‘nikmalarni hosil qilish va uni yuqori texnologiyalar olamiga uyg‘unlashtirish juda muhimdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring