Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vazir «Xabar»dan xabar oldi

Vazir «Xabar»dan xabar oldi

Foto: «Xabar.uz»

21 mart — «Xabar»chilar uchun qo‘shaloq bayram: bir tomondan Navro‘zi ayyom, ikkinchi tomondan — 1992-yilning shu kuni gazetaning nishona soni chop etilgan. O‘tgan 28 yil davomida shu sanani alohida jo‘shqinlik bilan nishonlagan tahririyat xodimlari bu safar keyinroqqa surishga majbur bo‘ldi. Sababi ma’lum: yurtga kelgan sinov...

«Xabar» gazetasining 28 yil avvalgi nishona va bugungi sonlari.

Biroq ish jarayoni to‘xtab qolgani yo‘q. Gazeta xodimlari faoliyatini kelgan joyidan davom ettirmoqda. Xullaski, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yoritishdan charchashgani yo‘q... O‘tgan vaqt davomida tahririyat tarkibida «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali tashkil etilishi natijasida faoliyatimiz ham, jamoamiz ham anchagina kengaydi.

Bugun ertalabdan hamkasb do‘stlar, soha vakillari qo‘ng‘iroq qilishib, gazeta tashkil etilgan kun bilan tabriklashni boshladi. Sana bahona xodimlar o‘tgan yillardagi faoliyatimizni sarhisob, kelajak ishlarni chamai cho‘t qildik. Abdusaid Ko‘chimov, Orifjon Muhammadjonov, Shodmon Otaboyev singari ustozlardan olgan saboqlarni yana bir karra yodga olib, shirin-shirin suhbatlar bo‘ldi.

Xodimlarning yarmi masofadan turib ishlayotgani bois suhbatlar ikki shaklda: bevosita va bilvosita davom etib, goh amalga oshirgan ayrim ishlardan quvonib, goh tushirilgan «qovun»lardan yodga olib o‘tirganimizda...

Kutilmaganda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov tahririyatga kirib keldi!

Vazirlik rahbari ayni sanada tahririyatga qadam ranjida qilishi an’anaga aylanib qolgandi. Biroq bu safar — azbaroiy sog‘liq muhofazasi sabab turli tadbir uchrashuvlardan tiyilib turilgan bugungi kunda tahririyat xodimlarini birrov tabriklab o‘tishga fursat va hafsala qilingani ikki karra yoqimli bo‘ldi, rosti.

Yuzda niqob, qo‘llar «oq yem».  Shu tariqa AKT vaziri bilan samimiy suhbatlashdik. Suhbat ko‘pga cho‘zilmadi, shunga qaramay muxtasar muloqotda hazil-mutoyiba qilishga ham, rejalaru ayrim muammolar xususida gaplashishga ham ulgurdik.

Vazir quruq qo‘l bilan kelmabdi: jamoamizga oxirgi rusumdagi kattakon televizor sovg‘a qildi.

Bunday e’tibordan kim xursand bo‘lmaydi, deysiz?!

Darvoqe, suhbat nihoyasiga suratga tushish ham unutilmadi. Bu jarayonda, tabiiyki, yuzlardagi niqob olindi. Buning zamirida sog‘-salomat ekanini bildirish bo‘lsa, ikkinchidan,  samimiyat va e’tibor degan fazilatlar bir-birimizga ko‘proq yuqsin, degan niyat ham bor edi-da.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring