Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Boku – o‘tmish va bugunning ajib qorishmasi

Boku – o‘tmish va bugunning ajib qorishmasi

«Ipak yo‘li tarixi Chin va Hind tuproqlaridan boshlanib, O‘rta Osiyodan o‘tib, Xazar dengiziga qadar kelib, Ozarbayjon yerlarida davom etgan. Buxoro karvonsaroyi mana shu yo‘ldagi qo‘nalg‘alardan biridir» – Bokudagi mashhur Qiz qal’asiga kelsangiz «Buxoro karvonsaroyi» haqida sizga ko‘p qiziq gaplarni aytib berishadi. Umuman, bu nom sizni butun Sharq bo‘ylab ta’qib etadi, Islom olamida Buxoro bilan bog‘liq joylar juda ko‘p.

Tabiiyki odamga juda yoqadi bu hol.

Bokuga kelib, aeroportdan shahar tomon yo‘lga tusharkansiz siz tuyajak ilk taassurot – keng va ravon ko‘chalar, ajoyib tabiat manzarasi bo‘ladi. Shaharga kirgach esa o‘tmish va bugunning ajoyib qorishmasi ta’siriga tushasiz. Ishoning, bunday kontrast hamma joyda ham topilavermaydi. Qiz qal’asi - alohida olam.

Ammo unga yetib borgunga qadar ko‘rganlaringiz ham Bokuni sevib qolishingiz uchun yetadi. Tor ko‘chalar, havoda muallaq turgandek tasavvur paydo qiladigan chordoq, quyuq daraxtzorlar ortidan ko‘rinib turgan ikki yuz yillik xonadonlar, yo‘laklarga qadar qo‘yilgan kursilarda xotirjam choy ichib o‘tirgan odamlar – bularning bari o‘zgacha olam.

Menga ayniqsa ozarbayjon do‘stlarimiz tor ko‘chalar misolida zamonaviy shaharsozlikka mos yechim topganlari juda yoqdi. Bokuda tarixiy ko‘chalar kengaytirilmagan, aksincha, eskilari yonidan yangilari ham qurilgan. Ensiz ko‘chalar esa shunchaki bir yoqlama harakat uchun moslashtirilgan, natijada parkovka masalasi ham qisman bo‘lsada yechilgan, piyodalar uchun joy ham qolgan, ko‘chalar qulay holatga keltirilgan.

Bunday joyda piyoda sayr qilish shunchaki rohat.

Darvoqe, eski binolar yonidan yangilari qurilgani haqida gapirdim, ozgina tushuntirish berib o‘tish joiz, Bokuda qanday bino qurilmasin, albatta uslubiy jihatdan yonidagilarga mos bo‘lishi shart ekan. Masalan, biz turgan mehmonxona XIX asr oxirlarida bunyod etilgan binolar bilan yonma-yon joylashgan va u ham tashqi tomonlama o‘sha davr me’morchiligini yodga soladi.

Bu yerda hattoki o‘tgan asr timsoli bo‘lgan taksofonlar ham saqlab qolingan.

Keng hiyobonlarida esa bobolar kaptarlarga don sochib o‘tiradilar. Aytingchi, bunday shaharni yaxshi ko‘rmay bo‘ladimi?


Nasib qilsa ertaga butun turkiy olamni o‘ziga tortib turadigan Shusha sari yo‘lga tushamiz. Xabar.uz axborot tahliliy portalida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan ushbu safar haqida turkum maqolalar berib borilishi rejalashtirilgan.

Zafar QOSIMOV, Boku

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring