Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Dunyodagi yirik suv osti xazinalari (foto)

Dunyodagi yirik suv osti xazinalari (foto)

Insoniyat bugunga qadar ko‘plab mislsiz kashfiyotlar qildi. Xususan, ertaklardagidek dengizlar tubidagi behisob xazinalarni izlab topdi va izlab topmoqda. Quyida shu kunga qadar topilgan dunyodagi eng katta suv osti xazinlarining aksariyatini sanab o‘tamiz.

 

Nuestra Senora de las Mercedes

Ispaniyaning Nuestra Senora De las Mersedes 36-qurol frigatori 1804 yilda falokatga uchradi. Kemaning vazifasi Urugvaydan Ispaniyaga kumush, oltin va ziravorlar tashib keltirish bo‘lgan. Falokatdan oldin o‘sha yillarda «dengizlar xo‘jasi» hisoblangan Buyuk Britaniya kemani Portugaliya qirg‘oqlarida tekshirishni talab qiladi. Ispaniya tomoni o‘z navbatida buni keskin rad etgan. Kelishmovchilik natijasida kema Britaniya qirolligining to‘rtta dengiz flotiga qarshi jang o‘tkazib, bortida 200 dan ortiq odam bilan Atlantika tubiga cho‘kib ketadi.

Uzoq yillik qidiruv ortidan kema va uning ichidagi ulkan boyliklar 2007 yil topildi. Hozirda topilmalar Ispaniya muzeylarida saqlanmoqda.

SS Gairsoppa

1941 yil Buyuk Britaniyaning SS Gairsoppa nomli yuk kemasi Hindistondan katta miqdordagi kumush idishlarni ortib qaytayotgan edi. Kuchli bo‘ron tufayli kema kapitani yo‘nalishni Angliya o‘rniga Irlandiya tomon o‘zgartirgan. Afsuski, shu yilda Ikkinchi jahon urushi avj olgandi.

Nemislar samolyoti kemani payqab, uning joylashgan yeri haqidagi ma’lumotni nemis U-boat (kema)ga yuboradi. Natijada SS Gairsoppa kemasi o‘qqa tutilib, bortida 85 yo‘lovchi bilan suvga g‘arq bo‘lgan.

Urush tugaganidan so‘ng kemani «dengiz shovvozlari» uzoq vaqt qidirishdi. Oxir-oqibat 2011 yili Odissey Marine jamoasi bu ishni uddaladi. Ular 110 tonnadan ortiq kumush quyma topishgan.

Kesariya xazinasi

Qadimgi Kesariya porti (Isroil) Buyuk Hirod tomonidan miloddan avvalgi 96 yilda bosib olingan. Bu davrda hudud Kleopatraning boshqaruvida edi. Salib yurishlariga qadar Rim imperiyasi va Vizantiya poytaxti boshqaruvi ostida Kesariya qadimgi dunyoning muhim port shahri hisoblangan. 2016 yil port yaqinidagi ikkita suvosti kemasi Rim davrida cho‘kib ketgan kemani topdi. 1700 yil oldin halokatga uchragan kema bronza haykallar, tangalar va sopol buyumlar bilan to‘la bo‘lgan. Ular hozirgi paytda Isroilning Anioxiya ma’muriyatida saqlanadi.

Nuestra Senora de Atocha

Ispaniyaning yana bir Nuestra Senora de Atocha nomli kemasi 1622 yil bortida 5 nafar kishi bilan halokatga uchragan. Kema bo‘ron tufayli cho‘kib ketgan bo‘lib, Gavanaga suzib ketayotgan edi.

Uning ichida Filipp IV uchun Kolumbiya va Panamadan katta miqdorda oltin, marvarid, mis, kumush, indigo va tamaki olib kelinayotgan bo‘lgan.

1985 yil ushbu kemani xazina izlovchi Mel Fisher kashf etgan va topilgan boyliklar 450 million AQSh dollarga baholangan. Bugungi kunda, xazinaning aksariyatini Florida shtatidagi muzeyda ko‘rishingiz mumkin.

Santa Margarita

Atocha – 1622 yilda yo‘qolgan yagona ispan kemasi emas. U o‘sha yillarda xizmat ko‘rsatgan 28 kema kallonasining bir qismi edi. Ularning har biri zargarlik buyumlari, oltin va kumush bilan to‘ldirilgan bo‘lgan. Atochani halokatga uchratgan o‘sha dovul yana sakkizta kemani halok qildi. Shulardan biri Santa Margaritadir. Atocha kashf etilganidan keyin Mel Fisher kompaniyasi Santa Margaritani qidirishni boshladi. Afsuski, Fisher 1998 yili vafot etadi. Ammo uning oilasi hanuzgacha kompaniyani boshqarib, qidiruv ishlarini davom ettirmoqda.

Nihoyat, 2009 yili, 20 million AQSh dollarlik oltin, kumush tangalar va 10 mingtagacha marvaridlar topilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, qidiruv ishlari hali ham davom etmoqda. Boisi eski qo‘lyozmalarda yana 50 million AQSh dollarlik kumush va tangalar yo‘qolganligi qayd etilgan.

Yana bir muvaffaqiyatsizlikka uchragan xazina floti

Ispaniya 1622 yildagi yo‘qotishlardan keyin ham oltin olishdan voz kechmadi. 1715 yil Gavanadan Ispaniyaga Markaziy va Janubiy Amerikadan topilgan oltin va marvaridlar solingan kemalar floti yo‘lga chiqdi. Ammo u ham falokatga uchrab suvga g‘arq bo‘lgan. 2014 yil xazina izlovchilar 1 million dollarga teng oltin tangalar va qimmatbaho toshlarni topdilar.

San Xose

Ispaniya uchun xazina olib yuradigan ko‘plab kemalar Kolumbiyaning Kartagena shahridan yo‘lga chiqqan. Ana shu kemalardan biri San Xose galleoni 1708 yili inglizlar hujumiga uchragan. U ko‘plab zumrad, oltin va kumush bilan to‘ldirilgan edi.

Kema jangda mag‘lubiyatga uchrab, cho‘kib ketadi. Qariyb 20 milliardlik xazina jamlangan San Xose topilishiga 300 yil vaqt kerak bo‘ldi. Aytishlaricha, xazina Kolumbiya qirg‘oqlarida joylashgan Rosario orollari yaqinida topilgan. Biroq, Kolumubiya hukumati ushbu kashfiyotni sir saqlashni afzal ko‘rmoqda.

Heraklein xarobalari

Ma’lumotlarga ko‘ra, Heraklein shahri miloddan avvalgi 8 asrlar Nil daryosi qirg‘oqlarida tashkil topgan bo‘lib, o‘z davrining muhim port shahri hisoblangan. Shaharda ro‘y bergan kuchli zilzila va sunami oqibatida ko‘plab ko‘rkam binolar dengizga qulab tushdi. Shahar esa, tashlandiq holga keldi.

Arxeologlar 2000 yilda dengiz ostidagi qadimiy shahar qoldiqlarini topdilar. Hayratlanarlisi, ko‘plab haykallar, bino qoldiqlari, zargarlik buyumlari va tangalar juda yaxshi holatda saqlanib qolgan edi.

Mazkur topilmalar 2015 yil Parij ko‘rgazmasida namoyish etilgan.

Neapolis

Sunami oqibatida yuvib ketilgan yagona shahar Heraklein emas edi. Shimoliya Afrika sohilidagi qadimgi Neapolis shahri ham taxminan 1700 yil muqaddam xuddi shunday taqdirni boshdan kechirgan.

Zilzila natijasida Neapolisning katta qismi vayron bo‘lgan. 8,0 balli zilzila shu qadar kuchli bo‘lganki, hatto u Iskandariya, Misr va Krit oroliga jiddiy zarar yetkazdi.

Qidiruvlar ortidan 2017 yil Tunis sohillarida suv ostidagi shahar qoldiqlari topildi. Topilmalarning aksariyatini ustunlar, asbob-uskunalar tashkil etgan.

SS Central America

Qo‘shma Shtatlarning SS Central America nomli kemasi 1857 yil Janubiy Karolinaning qirg‘oqlarida bo‘ronga duch keldi. 578 yo‘lovchidan 425 nafari kema bilan suv ostiga cho‘kib ketgan. Shuningdek, kema o‘zi bilan 30 ming funt miqdoridagi oltin ham olib ketayotgan edi. Bu esa, o‘z navbatida moliyaviy inqirozga ham sabab bo‘ldi.

«Oltin kema» uzoq vaqt davomida xazinachilarning radarlarida bo‘lgan va nihoyat 1988 yil Tommi Tompson tomonidan topilgan.

Nurillo To‘xtasinov tarjimasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring