Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hindiston: masjidga kim o‘t qo‘ydi?

Hindiston: masjidga kim o‘t qo‘ydi?

Foto:«AFP»

Hindiston poytaxti Dehli shahrida diniy nizo oqibatida halok bo‘lganlar soni 34 nafarga yetdi. Hinduiylarning mutaassib guruhi Dehlining musulmonlar yashaydigan qismida bosqin uyushtirgan. Masjidlarga o‘t qo‘yilgan. Vaziyat qaltislashib, ikki din vakillari to‘qnashuvi kuchayib ketgach, hukumat hududga politsiya va xavfsizlik kuchlarini yuborgan.

Diniy nizo hukumatning fuqarolikka doir yangi tashabbusi sabab boshlandi. Gap shundaki, millatchilik ruhidagi tashabbuslari bilan tilga tushgan iqtidordagi «Bharatiya Janata» partiyasi Pokiston hamda Bangladeshdan kelgan muhojirlar hamda qochqinlarga qisqa muddatda fuqarolik berish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taklif etmoqda. Qochqin va muhojirlarga fuqarolik berishning yomon joyi yo‘q, albatta. Ammo partiya tashabbusiga ko‘ra, mazkur imkoniyat faqat islomdan boshqa dinga e’tiqod qiluvchilargagina beriladi.

Ayirmachilik ruhidagi mazkur qonun Hindistondagi ko‘p sonli musulmon jamoasining e’tiroziga sabab bo‘ldi va ular ko‘chalarda norozilik namoyishi o‘tkaza boshladi. 

«Bharatiya Janata» millatchilik partiyasi yetakchilaridan biri Kapil Mishra esa o‘z tarafdorlarini musulmonlarga norozilik namoyishlari o‘tkazishga xalal berishga da’vat qildi. Shu tariqa hinduiylarning mutaassib guruhlari musulmonlar mahallalariga bostirib borib, mahalliy aholini kaltaklab, masjid, uy va avtomobillarga o‘t qo‘ya boshladi. O‘zaro to‘qnashuvlarda yuzlab odam jarohatlandi.

Foto:«AFP»

Xabarlarga ko‘ra, zo‘ravon guruhlar ko‘chalarda odamlarni to‘xtatib qaysi dinga e’tiqod qilishini so‘ramoqda. Vaziyat shu darajaga yetganki, hatto erkaklarning sunnat qilingan yo qilinmagani ham tekshirilmoqda.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi tartib-intizomni saqlashga chorlagan. Ammo muxolifat aynan hukumat rahbarining harakatsizligi sabab diniy nizo yanada chuqurlashib ketganini aytmoqda. Qayd etish joizki, amaldagi bosh vazirning millatchilik ruhidagi boshqa tashabbuslari ham bahs-munozaralar uyg‘otgan. Darvoqe, u Gujarat shtatiga rahbarlik qilgan 2002-yilda shu kabi diniy nizoda 1000 dan ziyod musulmon qurbon bo‘lgan. 

Foto:«Reuters»

Dehlida 1984-yilda ham diniy ixtilof sabab qonli to‘qnashuvlar ro‘y bergan edi. O‘shanda hinduiylar va sikhlar o‘rtasidagi ziddiyatda 3000 dan ziyod kishi halok bo‘lgan edi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring