Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ho‘rmuz atrofida keskinlik saqlanmoqda. Muzokaralar davom etmoqda

Ho‘rmuz atrofida keskinlik saqlanmoqda. Muzokaralar davom etmoqda

Foto: Reuters.com

AQSh va Eron o‘rtasida ikki oydan ortiq davom etayotgan mojaroni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda hozircha siljish kuzatilmayapti, deya xabar bermoqda «Reuters». Shu bilan birga, Qatarning suyultirilgan gaz tashuvchi tankeri Ho‘rmuz bo‘g‘ozi tomon harakatlanayotgani mintaqa atrofidagi geosiyosiy bosimni yanada kuchaytirdi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Vashington Tehrondan yangi takliflarga yaqin soatlarda javob kutayotganini aytgan. Ammo oradan bir kun o‘tganiga qaramay, Eron tomonidan rasmiy munosabat bildirilmadi. Taklif mojaroni rasman to‘xtatish va keyinchalik yadro dasturi kabi bahsli masalalar bo‘yicha muzokaralarni boshlashni nazarda tutadi.

Shanba kuni Marko Rubio Mayamida Qatar bosh vaziri Muhammad bin Abdurahmon al-Soniy bilan uchrashdi. AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, muloqotda Yaqin Sharqda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilingan.

Shu kuni Qatarning suyultirilgan gaz tashuvchi tankeri Pokistonga yo‘l olib, Ho‘rmuz bo‘g‘oziga kirgani ma’lum bo‘ldi. Manbalarga ko‘ra, ushbu harakat Qatar va Pokistonning vositachilik sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Eron tomonidan ma’qullangan.

So‘nggi kunlarda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida to‘qnashuvlar yana kuchaydi. Eron ommaviy axborot vositalari Eron kuchlari va AQSh kemalari o‘rtasida mahalliy to‘qnashuvlar bo‘lganini xabar qildi. AQSh harbiylari esa Eron bilan bog‘liq ikki kemani to‘xtatganini ma’lum qildi.

Eron mojaro boshlanganidan beri Ho‘rmuz orqali Eronniki bo‘lmagan kemalar harakatini cheklab kelmoqda. Urushgacha dunyo neftining qariyb beshdan bir qismi aynan shu suv yo‘li orqali tashilgan.

Donald Tramp kelasi hafta Xitoyga tashrif buyurishi arafasida Vashingtonga mojaroni tezroq bartaraf etish bo‘yicha bosim ortib bormoqda. Energiya bozorlaridagi beqarorlik esa jahon iqtisodiyoti uchun xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Shu bilan birga, AQSh Eronga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi. Yangi cheklovlar Eronning harbiy dron dasturlariga ko‘maklashgan bir qator kompaniya va shaxslarga nisbatan joriy etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring