Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Julian Assanj nega Oq uyga qo‘ng‘iroq qilgan edi?

Julian Assanj nega Oq uyga qo‘ng‘iroq qilgan edi?

Julian Assanjni kimdir josus, yana kimdir jasur qahramon deb biladi.

Foto: «Getty Images»

Londonda WikiLeaks asoschisi Julian Assanj ustidan sud jarayoni davom etmoqda. AQSh adliya vazirligi Assanjni josuslikda ayblab, uni Buyuk Britaniyadan Qo‘shma Shtatlarga ekstraditsiya qilishni talab qilmoqda. Navbatdagi sud majlisida WikiLeaks asoschisi maxfiy ma’lumotlar e’lon qilinishi arafasida Oq uyga qo‘ng‘iroq qilib, rasmiylarni ogohlantirishga uringani ma’lum bo‘ldi.

Rasmiy Vashington WikiLeaks asoschisi mamlakat razvedkachilariga doir maxfiy ma’lumotlarni e’lon qilib, ular hayotini xatarga qo‘ygan deb hisoblaydi. Assanjning advokati Mark Sammers esa mazkur ayblovni rad etmoqda.

AQSh hukumati vakili mahkama jarayonida Assanjni jurnalist deb hisoblab bo‘lmasligi, demak, unga nisbatan so‘z erkinligi tamoyilini tatbiq etish noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi.

2010 yili J.Assanj hamda WikiLeaks xodimlari Amerika diplomatiyasiga doir yuz minglab maxfiy ma’lumotlarni tahrirlagan holda e’lon qila boshlagan. Tahrir jarayonida, deylik, AQShning xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotgan razvedkachilarini fosh etishi mumkin bo‘lgan tafsilotlar imkon qadar pardalangan. Ammo keyinroq bu jarayonga dunyoning yetakchi matbuot nashrlari ham qo‘shilgach, tahrirlanmagan ma’lumotlar internetga sizgan. Advokatlarga ko‘ra, vaziyatdan nazoratdan chiqib, AQSh razvedkachilari hayotini xavfga qo‘yishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar tarqalishi arafasida Assanj bu haqda AQSh ma’muriyatini ogohlantirishga uringan. Xususan, u o‘sha kezlar Oq uyga – davlat kotibi Hillari Klintonga qo‘ng‘iroq qilib, juda muhim masalada gaplashmoqchi ekanini aytgan. Ammo davlat kotibi ma’murlari keyinroq qo‘ng‘iroq qilishni aytib aloqani uzib qo‘ygan.

Assanjni AQShga ekstraditsiya qilishga oid mahkama hali davom etadi.

Vashington mulozimlari Julian Assanjni maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilgan hamda razvedka xizmati vakillari hayotini xatarga qo‘ygan ashaddiy jinoyatchi deb biladi. Ayni choqda, Assanjni so‘z erkinligi himoyachisi, hech kim jur’at qilmagan ishga qo‘l urgan qahramon deb biluvchilar ham talaygina.

2019 yil sentyabrdan buyon J.Assanj Londondagi qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonaning bir kishilik kamerasida saqlanmoqda. Bunga qadar u yetti yil davomida Ekvadorning Londondagi elchixonasida yashagan. Shvetsiya huquq idoralari Assanjni nomusga tegish jinoyatida ayblagach, Ekvador hukumati vaqtincha boshpana berib, uni elchixonada saqlagan.

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring