Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Keksa qirolicha Yelizaveta II namoyishchilar nafratiga nishon bo‘ldi

Keksa qirolicha Yelizaveta II namoyishchilar nafratiga nishon bo‘ldi

Foto: «Reuters»

Kanadaning Vinnipeg shahrida Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II haykali ko‘p sonli namoyishchilar tomonidan yer bilan yakson qilindi. Namoyishchilar tomonidan 1837-1901-yillarda Buyuk Britaniya taxtida o‘tirgan qirolicha Viktoriyaning ham haykali vayron qilingan.

Norozilik namoyishlariga Kanadaning tub aholisi uchun ochilgan katolik maktab-internati hududidan 750 ta noma’lum qabr topilishi sabab bo‘lgan. Gap shundaki, aynan qirolicha Viktoriya boshqaruvi davrida Kanada muzofotlarida mahalliy aholi bolalarini nasroniy an’analari ruhida tarbiyalash maqsadida katolik maktablari tashkil etilgan. XIX-XX-asrlarda mahalliy aholining 150 mingdan ziyod bolalari majburiy ravishda mazkur maktablarda o‘qitilgan. Tarixchilar maktablardagi nobop sharoit tufayli 6000 ga qadar tub aholi farzandi nobud bo‘lgan deb hisoblaydi.

Kanadadagi katolik maktablari hududidan bolalarning ismsiz qabrlari topilishi avval ham kuzatilgan. Bu hol inson huquqlari faollari tomonidan keskin qoralab kelinadi.

Bu gal ham mamlakat bo‘ylab mahalliy aholi farzandlarining halok etilganiga qarshi norozilik namoyishlari uyushtirildi. Qirolichalardan tashqari maktab-internatlar faoliyatiga daxldor boshqa tarixiy shaxslarning haykallari ham nafrat nishoniga aylandi.

Kanada garchi mustaqil sanalsa-da, Yelizaveta II hozirga qadar rasman davlat rahbari sanaladi. Yaqindagina 95 yoshlik yubileyini nishonlagan qirolicha qariyb 70 yildan beri nafaqat Buyuk Britaniya, shuningdek, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yamayka kabi 10 dan ziyod mustaqil davlatlarni ham idora etib kelmoqda.

Buyuk Britaniya hukumati yodgorlik va haykallarning yakson etilishini qoraladi, ammo Kanadaning tub elatlariga hamdardlik bildirdi.

«Biz, tabiiyki, qirolichalarning haykallari tahqirlanishini keskin qoralaymiz. Ayni choqda, fojiaviy topilmalar sabab Kanadaning tub elatlariga hamdardlik izhor etamiz. Biz voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib boramiz va tub elatlar muammolari borasida Kanada hukumati bilan hamkorlik qilamiz», – deyiladi ingliz hukumati bayonotida.

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo ham tub aholi vakillari o‘tmishda duch kelgan hamda bugun ro‘baro‘ kelayotgan adolatsizliklarga barham berish lozimligini ta’kidlagan.

Keyingi yillarda G‘arb mamlakatlarida imperiya merosi, quldorlik va muslamlakachilikka aloqador tarixiy shaxslarga qayta baho berishga urinish kuzatilmoqda. Norozilik namoyishlari to‘lqinida tarixiy monumentlar ham olib tashlanmoqda.

Avval xabar berganimizdek, 2020-yil davomida AQShda so‘nggi bir necha oy davomida Xristofor Kolumbning 30 dan ziyod haykali olib tashlandi. Qora tanli aholi huquqlarini himoya qiluvchi  Black Lives Matter harakatiga ko‘ra, Xristofor Kolumb tomonidan Amerika qit’asining kashf etilishi mustamlakachilik, genotsid, quldorlik va irqiy zulm avj olishiga sabab bo‘lgan.

2020-yil 25-may kuni Minneapolis shahrida qora tanli Jorj Floyd politsiya tomonidan kuch ishlatishi oqibatida vafot etgach,  Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlari avj oldi. Aksilhukumat chiqishlari davomida AQShdagi fuqarolik urushi ishtirokchilari – quldorlik tarafdori bo‘lgan tarixiy shaxslarga qo‘yilgan o‘nlab haykallar ham yo‘q qilindi. 

Irqchilikka qarshi harakat nafaqat Qo‘shma Shtatlar, Yevropaga ham yoyildi. Masalan, Ikkinchi jahon urushi davrida, mushkul yillarda ingliz hukumatiga boshqargan taniqli davlat arbobi Uinston Cherchill ham irqchilikda ayblandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring