Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mars ekspeditsiyasiga masxaraboz qidirilyapti...

Mars ekspeditsiyasiga masxaraboz qidirilyapti...

Foto: «Wikipedia»

NASA Marsga ilk ekipajini 2033-yilda uchirishni rejalashtiryapti. «Focus» yozishicha, bu juda uzoq va toliqtiruvchi parvoz bo‘ladi: o‘rtadagi masofa — 401 million kilometr, bir tomonga parvozning o‘zi 8 oycha davom etadi.

Sakkiz oyni «bir tom ostida» — yopiq muhitda birga o‘tkazish osonmas, ekspeditsiya qatnashchilari o‘rtasida turli nizolar kelib chiqmaydi deb hech kim kafolat berolmaydi. Har bir astronavt «Qizil sayyora»ga eson-omon yetib olishi va albatta, Ona zaminga yana qaytishi shart. Bunda ehtimolda tutilayotgan ichki nizolarning qanchalik oqilona hal etishi juda muhim.

Florida universiteti antropologi Jeffri Jonson to‘rt yil mobaynida Janubiy qutbdagi tadqiqotchilar brigadalarida yurib, jamoaviy dinamikani o‘rgandi. Uning chiqargan xulosasi e’tiborga loyiq: har qanday missiyada guruh muvaffaqiyatga erishishi uchun uning tarkibida yetakchi (sardor), masxaraboz, hikoyachi, yarashtiruvchi kabilar bo‘lishi lozim. «Bu rollar norasmiy, ular guruh ichida o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi. Biroq shunisi qiziqki, guruhda ana shu kombinatsiya to‘g‘ri shakllantirilsa, ishlar yurishib ketadi. Buning aksi bo‘lsa, ishlar ham shunga yarasha», — dedi antropolog.

Jonson hozir NASAning yaqin hamkori, uning ishi davom etuvchi kosmik missiyalarda masxarabozlar yoxud boshqa rollar qanchalik muhimligini aniqlash. Antropolog shu paytgacha kosmik kema simulyatorida 30 kundan 60 kungacha bo‘lgan to‘rt nafar astronavtni kuzatdi. Ilk xulosasi shunday: komikning kosmik bortda bo‘lishi astronavtlarning ruhiy holatini yaxshilab, o‘rtada yuzaga kelgan keskinlikni yumshatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring