Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Men ovqatlanganda va hojatga chiqqanimdagina uyg‘oq bo‘lardim»

«Men ovqatlanganda va hojatga chiqqanimdagina uyg‘oq bo‘lardim»

Foto: «Lenta»

Amerikalik Dag Lindsey onasidan kamdan-kam uchrovchi kasallikni meros qilib oldi. Mazkur dard hatto shifokorlarni ham o‘ylantirib qo‘ydi. Yigit yillab karavotidan turolmagan bo‘lsa-da, umidsizlikka tushmadi, aksincha, o‘zini qo‘lga olib, tuzalish yo‘llarini izladi. Oradan 11 yil o‘tib, u buning uddasidan chiqdi. Lindsey o‘ziga-o‘zi to‘g‘ri tashxis qo‘yib, jarrohlik rejasini tuzdi va yana hayotga qayta oldi, deb yozadi «Lenta».

Meros

Dag Lindsey o‘zining uyida

Dag Lindsey bir yarim yashar paytida uning onasi deyarli kuchdan qolgandi. Hatto bola parvarishiga ham yaramasdi — bechora ayol uy ichida zo‘rg‘a harakatlanardi. Bolakay 4 yoshga to‘lganida esa onasi umuman yurmay qo‘ydi.

Bir kuni ayol majburligidan bazo‘r oyoqqa turdi: o‘shanda kichkintoy Dag saqichga o‘xshash konfetga tiqilib, ko‘kara boshlagandi.

Sirli dard Lindseyning onasini bir umrga to‘shakka mixlab qo‘ydi. Yillab olib borilgan tekshiruvlar va shifokorlar xulosasi kasallik qalqonsimon bezdagi qandaydir muammolar bilan bog‘liqligini ko‘rsatardi. Biroq ayolning shtatdagi katta-katta shifoxonalarga borishga umuman madori yo‘q edi.

Ko‘p o‘tmay bu dard Lindseyning xolasiga ham yopishdi. Quvvatsizlikdan u hatto poyabzalining ipini ham bog‘lolmasdi.

Ulg‘ayayotgan Dagni ham ayrim savollar o‘ylantira boshladi: yaqinlari hayotini buzgan, harakatning susayib borishi bilan kechuvchi bu dard unga ham xavf solmaydimi?

1999 yil u bu savoliga javob oldi. Missuri shtatidagi Rokxerst kollejining oxirgi bosqich talabasi – 21 yoshni qarshilash arafasida turgan Dag birinchi kundagi darsdan uyiga qaytgach, kutilmaganda oshxonadagi stol ustiga yiqildi. Onadan meros xastalik endi unga yopishgandi.

Hayot uchun ajratilgan ikki soat vaqt

«O‘sha kuni kechqurun onamga telefon qilib, o‘qishni tashlashim kerakligini aytdim. Buning sababi ikkimizga ham ma’lum edi», — deydi Lindsey.

Yigit tezlashgan yurak urishi, surunkali holdan toyish va bosh aylanishidan shikoyat qila boshladi. Uning oilasiga yaxshi tanish bo‘lgan bu simptomlar juda tez rivojlandi. Ko‘p o‘tmay Dag ko‘chaga chiqolmay qoldi. Bir kun oldin u uyi ichida 15 metrcha yurib, zo‘rg‘a bir necha daqiqa tik tura oldi xolos.

1999 yilning kuzida Dag sutkasiga 22 soatlab to‘shakda yotdi. «Men ovqatlanganda va hojatga chiqqanimdagina uyg‘oq bo‘lardim», — deya eslaydi u. Yigit yaqinlarining tuzalish uchun omadsiz urinishlarini bilgani bois kasallikka qarshi o‘zi mustaqil kurashishga ahd qildi.

Amerikalik endokrinolog, nevrolog va ichki a’zolar kasalliklari bo‘yicha mutaxassislar ko‘rigidan o‘tdi. Biroq mediklar yelkalarini qisgancha, aniq bir tashxis qo‘yisha olmadi. Natijada uni psixiatrga yo‘naltirishdi.

Lindsey endi dardini o‘zi kitoblar yordamida o‘rganishga qaror qildi. Kollejda o‘qib yurgan paytlaridayoq onasiga nima bo‘layotganini bilish uchun axlat chelagida yotgan endokrinologiya bo‘yicha qalin bir darslikni topib olgandi. U kitobda muhim bir faktni o‘qib qoladi: oshqozonosti bezidagi muammolar ko‘pincha qalqonsimon bezlar disfunksiyasi asorati sifatida keladi.

Bir qancha tibbiy kitoblarni o‘qib-o‘rgangan Dag shunday xulosaga keladi: vegetativ nerv tizimining ayrim kasalliklari doktorlar o‘rgangan xastaliklardan boshqacha bo‘lib chiqishi mumkin.

Yaqinlar javobi

Dag Lindsey o‘z kasalligini olimlar oldida prezentatsiya qilyapti

Yigitcha o‘ziga kompyuter sotib oladi va uni karavoti yoniga o‘rnatib, har kuni internetda qidiruvni davom ettiradi. Ko‘p o‘tmay u milliy fond saytida vegetativ nerv tizimining buzilishi bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotga duch keladi. Unda ekspertlar aynan uning oilasi aziyat chekayotgan buzilishni o‘rganishgandi. Dag ulardan bu sohadagi yangi ixtirolar haqidagi adabiyotlarni so‘raydi.

Biroq fond o‘rgangan kasalliklardan birortasi Lindseyda kechayotgan simptomlarga mos kelmadi. Shunda u tibbiyotda juda kam uchraydigan bu xastalikni o‘rganishga qiziqadigan birorta olimni jalb etishga va tuzalish yo‘lini topishga ahd qiladi.

Dag 2002-yilda har yili o‘tkaziluvchi vegetativ nerv tizimidagi muammolar muhokamasiga bag‘ishlangan konferensiyada qatnashmoqchi bo‘ladi. Janubiy Karolina shtatida joylashgan Xilton-Xed-Aylend shahridagi ilmiy forumda ishtirok etish uchun u samolyotdagi o‘rindiqlarning bitta qatorini sotib olib, butun parvoz davomida yotib ketadi.

Lindsey sahnaga nogironlar aravasida chiqadi. U olimlar oldida shu paytgacha o‘rganilmagan kasalligi haqida chiqish qiladi. Dag ilmiy tadqiqot o‘tkazish maydoni sifatida o‘z tanasini taklif etadi.

Olimlarning ko‘pchiligi, jumladan, Garvard universiteti doktorlari, AQSh sog‘liqni saqlash milliy instituti va Klivlend klinikasi xodimlari Dag ilgari surgan farazlarni yoqlashmadi. Uning kam qayd etiluvchi kasallik haqidagi fikrlari ko‘p yillik tajribaga ega va ilmli mutaxassislarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Ittifoqdosh

Dag Lindsey professor Koglan bilan

Shunga qaramay, uning gaplari bitta tadqiqotchida qiziqish uyg‘otdi. Taqdimotdan so‘ng Lindseyning yoniga Sesil Koglan — Alabama shtatidagi Birmingem universiteti professori, tibbiyot fanlari doktori keladi. U yigitning kasalligini o‘rganishga rozi ekanini bildiradi. Shu tariqa to‘shakka bog‘lanib qolgan amerikalikning ittifoqdoshi paydo bo‘ladi.

2004-yil Dagni do‘sti Birmingemdan 800 km uzoqlikda joylashgan ijaraga olingan uyga olib boradi. Lindsey professor Koglanga o‘z o‘rganganlarini yetkazishni sabrsizlik bilan kutardi.

Dag shunday xulosaga keldi, uning tanasi haddan tashqari ko‘p adrenalin ishlab chiqaryapti. U arterial bosimi ko‘tarilib ketadigan bemorlarga yoziladigan dorini ham o‘rgandi. Bu preparat tarkibida noadrenalin mavjud. Lindsey agar bu neyromediatorni ko‘p miqdorda qabul qilsa, tanasidagi ortiqcha adrenalin kompensatsiya qilinadi degan qarorga keldi.

Lindsey Koglanni mana shu dorini qabul qilishi kerakligiga ko‘ndirdi. Oxirgi 6 yil davomida u noadrenalinni muntazam kapelnitsa ko‘rinishida oldi va uning ahvoli kun sayin yaxshilanib bordi. Mazkur dori sharofati bilan yigit uy bo‘ylab harakatlanish va yumushlarni bajarish baxtini tuydi.

Endilikda professor va mijoz oldida yana bir savol ko‘ndalang turardi: Dagning qoniga shuncha adrenalin qayerdan to‘planyapti?

«Biz javob topdik!»

Dag Lindsey

Koglan buning sababi buyrak usti bezidagi o‘sma bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin degan taxminga keldi. Biroq o‘tkazilgan tekshiruvlar bu tashxisni tasdiqlamadi. Lindsey yana tibbiy adabiyotlarni titkilashga tushdi va hatto tibbiyot xodimlarini ham shoshirib qo‘yadigan xulosaga keldi.

Dag uning buyrak usti bezida o‘sma yo‘q bo‘lsa-da, nimadir o‘zini o‘smadek tutayotganini tushundi. Bu tashxisni tasdiqlash uchun u yana bir bor tekshiruvlardan o‘tdi.

Uning taxmini tasdiqlandi — buyrak usti bezidagi miya moddasi anomal darajada kattalashgandi. Yigit o‘zining aql bovar qilmas tashxisi tufayli shifokorlarni hayratga soldi — buyrak usti bezi miya moddasining ikki tomonlama giperplaziyasi — ya’ni to‘qimalarning o‘sib ketishi.

Tekshiruv javoblari chiqqan zahoti Koglan Lindseyga qo‘ng‘iroq qildi va shunday dedi: «Biz javob topdik!»

Ekspertlar Koglan va uning mijozi xulosasiga ishonqiramay munosabat bildirishdi. Ammo professor o‘z obro‘sini xavfga qo‘yib, Dagni qo‘llab-quvvatlashda davom etdi.

Nazariyadan amaliyotga qarab

Tibbiyotga doir bir qancha kitoblarni titkilab chiqqan Dag o‘z dardiga doir 32 ta holatni topdi. Davolash u uchun elementardek tuyuldi: buning uchun buyrak usti bezidagi miya oqsilini kesib olib tashlash kerak, xolos.

Lindseyning davolovchi shifokori — Kris Bauer — mijozidagi kasallik shunchalik kam uchraganidan hatto tibbiy adabiyotlarda ham birorta amaliy tavsiyalar yo‘qligini tasdiqlaydi.

— Biz bu kasallikni Dag bilan birga o‘rgandik, — deya tan oladi Bauer.

Ilgari bu turdagi jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmagani uchun amerikalik uni o‘zida sinab ko‘rishga ahd qildi. U 2008 yili bundan 28 yil avval olib borilgan tadqiqotni topadi. O‘shanda Jorjiya shtati davlat universiteti olimi kalamushning buyrak usti bezini operatsiya qilgandi.

— Buyrak usti bezini lezviya yordamida kesing va to miya moddasi husnbuzar yoki yallig‘langan g‘udda singari tashqariga chiqarilmaguncha siqing, — deb yozadi u.

Keyinroq Dag boshqa qaydlarni ham izlab topadi, bunda olimlar kuchuk bilan mushuklar buyrak usti bezidagi miya moddasini chiqarib tashlash sinovini o‘tkazishgandi.

Amerikalik topilgan materiallarni tahlil qilib, 323 betlik qo‘llanma tuzdi. U insonning buyrak usti bezini qanday operatsiya qilish haqida edi.

Ilmiy tajriba

Dag Lindsey «TED Talks» konferensiyasida nutq so‘zlayapti

Eng qiyin ish qoldi — bunday operatsiyani o‘tkazishga jur’ati yetadigan tajribali jarroh topish. U yarim yil mutaxassis izladi. Ko‘p shifokorlar litsenziyasidan ayrilib qolishdan cho‘chib, bu ishga qo‘l urishni istashmadi.

Nihoyat, Lindsey Birmingem universitetidagi bir jarrohni ko‘ndirishga muyassar bo‘ldi.

2010-yilning sentyabrida Dag universitet shifoxonasiga keltirildi va bitta buyrak usti bezi operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tdi. Uch hafta o‘tar-o‘tmas yigit stulda uch soatgacha o‘tira oladigan bo‘ldi. Rojdestvogacha amerikalikning salomatligi shunchalik tiklandiki, u hatto ibodatxonagacha bo‘lgan yarim kilometrlik masofani bosib o‘tdi. U yarim tundagi ibodatida, nihoyat, yengilmas dardiga javob zarbasini bera olganidan quvondi.

Oradan 2 yil o‘tib, Lindsey Sent-Luis xususiy tadqiqot universitetida ikkinchi operatsiyani boshdan kechiradi. Bu safar ham jarrohlar ikkinchi buyrak usti bezidagi miya moddasini omadli olib tashlashga muvaffaq bo‘lishdi. Mijoz tez tuzala boshladi.

Yangi hayot

2013-yil Dag do‘stlari bilan Bagama orollariga sayohatga jo‘nadi. Keyingi yilning boshlarida esa bir qancha dorilaridan voz kechdi.

Uning vasiysi va yordamchisi professor Koglan esa Lindseyning fantastik sog‘ayishiga guvoh bo‘ldi. Olim 2015-yil vafot etdi. Dagning onasini birinchi operatsiyaga ham olishmadi, chunki ayol mutlaq kuchdan qolgandi. U 2016-yil olamdan o‘tdi.

Shu yili Dag Rokxerst kollejining bakalavr bosqichini tamomladi. U avvalgidek ota-onasining uyida yashaydi va har kuni dorilarini ichib turadi. Yigitning salomatligi ideal darajada bo‘lmasa-da, lekin hayotini tubdan o‘zgartirishga erishdi.

— Endi men dunyo bo‘ylab sayohat qilishim va o‘z bilimimni hamma bilan o‘rtoqlashishim mumkin. Men dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartira olaman, — deydi Lindsey. U o‘z hayotini «TED Talks» ma’ruzalarida bot-bot eslaydi.

Dag Stendford va Garvard singari universitetlarda o‘tkaziladigan salomatlik va tibbiyot bilan bog‘liq konserensiyalarda o‘z chiqishlari bilan doimiy qatnashadi. Shifokorlar undan kam uchrovchi va og‘ir kechuvchi kasalliklarni davolashda maslahatlar olishadi.

— Bir paytlar odamlar menga yordam berishgandi. Endi mening navbatim…, — deydi Dag jilmayib.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring