Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Homiladorligini bilmagan ayol 7 km yugurib, farzandli bo‘ldi

Homiladorligini bilmagan ayol 7 km yugurib, farzandli bo‘ldi

Foto: «Wikipedia»

Homiladorligini bilmagan britaniyalik ayol Amsterdam bo‘ylab 7 km masofaga yugurish bo‘yicha poygada ishtirok etib, ko‘p o‘tmay kvartirasida farzandli bo‘lgan. Bu haqda «NL Times» nashri xabar berdi.

21-iyun kuni 31 yoshli Sharlotta Uiler-Smit Amsterdam bo‘ylab 7 kilometr masofaga yugurish bo‘yicha poygada ishtirok etgan. O‘sha kuniyoq oshqozonidan shikoyat qilib shifokorga murojaat qilgan. Lekin salomatlik posbonlari shunchaki gaz yoki qo‘zg‘algan ichaklar sindromi ekanligini aytishgan.

Oradan bir soat o‘tar-o‘tmay Uiler-Smit va qallig‘i Dominik kindigi tushganini payqab qolishgan. Shu zahoti tez yordamga qo‘ng‘iroq qilishib, tug‘uruqni kvartiraning o‘zida amalga oshirishga hozirlik ko‘rib yuborishgan. Dunyoga kelgan qizaloq nafas olishga qiynalardi. Shu bois Dominik shifokor yetib kelgunga qadar tinmay yurak-o‘pka reanimatsiyasini bajarib turgan.

Tez yordam xodimlari ona-bolani shifoxonaga yetkazishdi. U yerda shifokorlar go‘dakni hayotga qaytarish ishini davom ettirishdi. Uiler-Smitning qizi chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan intensiv terapiya bo‘limiga o‘tkazildi. U yerda bola uch kun muolaja oldi. Ko‘p o‘tmay ona bilan go‘dakka shifoxonadan uyiga ketishga ruxsat tegdi. Qizaloqni Evelin Rouz deb atashdi.

«Hamma hayron bo‘lishiga qaramay, menga dalda bo‘lishdi», — dedi Uiler-Smit Buyuk Britaniyada istiqomat qiluvchi oilasi, yaqinlarining taassurotlari haqida so‘zlab berarkan.

«Juda kam uchraydigan holat. Yiliga bir marta kuzatiladi. Lekin bu yil hali sodir bo‘lmagandi», — dedi shifoxona pediatri Sofi Van der Shoor. Tibbiyot muassasasi yiliga 6 mingtacha tug‘uruqni amalga oshiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring