Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida otishma sodir bo‘ldi

Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida otishma sodir bo‘ldi

Qirg‘iz-Tojikiston chegarasida yana nizo kelib chiqdi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Chegara xizmati xabar bermoqda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa bugun, 14-sentyabr kuni Botken viloyatining Buloqboshi hududida sodir bo‘lgan. Qirg‘iziston chegarachilari mamlakat hududida Tojikiston chegara otryadini aniqlagan.

Mamlakat Chegara xizmati ma’lumotida qo‘shni davlat harbiy xizmatchilari tomonlar o‘rtasida avval erishilgan kelishuvlarni buzgan holda, Davlat chegarasining belgilanmagan qismida jangovar pozitsiyalarni egallagani aytiladi.

«Qirg‘iz tomonining hududni tark etish talabiga e’tibor bermay, tojik chegarachilari o‘t ochishgan. Bunga javoban Qirg‘iziston Respublikasi chegarachilari ham qurol ishlatgan. Otishmada tojik tomoni minomyotlardan foydalangan. Ikki tomonning bir-birlariga o‘q uzishi vaqti-vaqti bilan boshlanib, to‘xtab turibdi», – deyiladi Qo‘mita xabarida.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston tomonidan qurbonlar va yaradorlar yo‘q. Botken chegara otryadi boshlig‘i voqea joyiga jo‘nab ketgan.

Chegara xizmatining Botken viloyati boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Qiyolbek To‘lonboyev va Tojikiston Respublikasi Chegara qo‘shinlarining So‘g‘d viloyati boshqarmasi boshlig‘i general-mayor H.Pirakzoda o‘rtasida o‘zaro ziddiyat avj olishining oldini olish maqsadida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgan.

Tomonlar uchrashishni rejalashtirmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring