Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qirg‘izistonda 17 yoshli qizni olib qochgan uch gumondor qo‘lga olindi

Qirg‘izistonda 17 yoshli qizni olib qochgan uch gumondor qo‘lga olindi

Foto: kloop.kg

Qirg‘iz Respublikasi, Chuy viloyatining Jayil tuman ichki ishlar boshqarmasining xodimlari 17 yoshdagi qizni olib qochgan uch gumonlanuvchini qo‘lga oldi. Voqea 11-aprelda Qoratepa qishlog‘ida bo‘lgan.

Shu kuni mazkur qishloq fuqarosi militsiyaga ariza bilan murojaat qilib, noma’lum kishilar uning 2003 yili tug‘ilgan qizini olib qochganini bildirgan. Shu kuni Jayil TIIBning xodimlari jinoyatda gumon qilib uch kishini qo‘lga olgan. Ularning biri 22 yoshda, ikkisi 21 yoshda bo‘lgan.

Qayd etilishicha, gumondorlar 17 yoshdagi qizni kichik avtobusga chiqayotganda o‘g‘irlashgan.

«Qiz borgan joyida o‘tirmay, militsiyaga ariza yozdi. Bu bolalar 12 aprelda militsiya xodimlari bilan kelishib, pul berib, ishni yopishga harakat qilishmoqda. Militsiya xodimlari Ayzada bilan Buralayning voqeasidan saboq olishmadimi?» — deb bildirishgan mahalliy aholi vakillari.

Eslatib o‘tamiz, ushbu mamlakatda qiz olib qochish odati hamon mavjud. Ayzada Kanatbekova 5 aprelda bir necha kishi tomonidan olib qochilgan. O‘sha kuni Kanatbekovani o‘g‘irlagan Zamirbek Tenizbayev uni mashinada futbolka bilan bo‘g‘ib o‘ldirib, keyin o‘z joniga qasd qilgan. Ularning jasadi ikki kundan keyin Alamudun tumanidagi qishloqlarning biridan topilgan.

Mazkur voqeadan keyin jamoatchilik militsiyaning harakatlaridan norozi bo‘lib, Bishkek ShIIBBning rahbariyatini iste’foga chiqishini talab qilib mitingga chiqishgan. Bu orada Ayzadani olib qochishda ishtiroki bo‘lgan yana to‘rt gumondor qo‘lga olingan.

Keyinchalik Ichki ishlar vazirligi xizmat tekshiruvini olib borib, buning natijasida Bishkek ShIIBBning va Birinchi may TIIBning rahbarlari ishdan bo‘shatilib, bir qancha militsionerlar tartib jazosiga tortildi.

Bu Qirg‘izistonda shov-shuv bo‘lgan birinchi voqea emas. 2018 yilning may oyida Burulay Turdali qizi o‘g‘irlanib, militsiya bo‘limida o‘ldirilgan. Oldin Burulayni Marsbek Bo‘do‘shov hamtavoqlari bilan o‘g‘irlagan.

Militsiya ularni ushlab, Jayil TIIBning bo‘limiga olib kelgan. Keyinchalik Bo‘do‘shov Burulayni militsiya bo‘limida pichoqlab o‘ldirib, keyin o‘zini o‘ldirishga harakat qilgan.

2018 yilning oxirida Bo‘do‘shov 20 yilga ozodlikdan mahrum qilinib, Burulayni olib qochishga yordam bergan Akmat Seyitov 7 yilga kesilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring