Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qrimdagi rus aviabazasini kim portlatgani ma’lum qilindi

Qrimdagi rus aviabazasini kim portlatgani ma’lum qilindi

Foto: Reuters

Joriy yil 9 avgust kuni Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan Qrim yarimorolidagi Saki aerodromida o‘ndan ziyod portlash ro‘y berdi. Rossiya mudofaa vazirligi hududdagi o‘q-dori omborida portlash ro‘y bergani, aviatsiya zarar ko‘rmagani haqida ma’lum qildi.

Bu borada turli taxminlar ilgari surilayotgan bir paytda, The Washington Post nashri o‘z manbalariga tayanib ushbu portlashlar Ukraina maxsus kuchlari tomonidan amalga oshirilganini yozdi. Ammo operatsiya tafsilotlari ochiqlanmadi.

Ukraina harbiy havo kuchlari bayonotiga ko‘ra, Saki aerodromidagi portlashda Rossiyaning 9 ta samolyoti yo‘q qilingan. Agar ushbu ma’lumot to‘g‘ri bo‘lsa, bu Ukraina urushi boshlanganidan buyon Rossiya harbiy havo kuchlarining kunlik eng katta yo‘qotishi sanaladi.

Aviabazadagi portlash borasida bir necha faraz mavjud. Ayrim harbiy ekspertlar hujum uchuvchisiz qurilma – dronlar yordamiga amalga oshirilganini aytmoqda. Dronlarni baza yaqinida yashiringan ukrain tezkor xodimlari boshqargan bo‘lishi mumkin. Boshqa taxminga ko‘ra, portlash Qrimdagi qarshilik harakati vakillari ishi sanaladi.

Portlash ro‘y bergan Novofyodorovka posyolkasidagi harbiy aerodrom eng yaqin front chizig‘idan 200 km masofada joylashgan. Vashington rasmiylari ushbu hujumda Amerika qurol-aslahalari, jumladan, HIMARS raketa tizimidan foydalanilmaganini ma’lum qilgan.

Tahlilchilar ushbu hamla Rossiyaning Ukraina janubida nazorat o‘rnatishi istiqbolda qiyin kechishidan dalolat beradi, deb hisoblaydi. Qrim kelgusida ham hujumga uchragudek bo‘lsa, Kreml ishg‘ol ostidagi yarimorol muhofazasi uchun qo‘shimcha kuch sarflashiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, Rossiya harbiy havo kuchlari ta’minotida ham muammolar kuzatilishi mumkin. Gap shundaki,  Saki harbiy aerodromida Rossiya mudofaa vazirligining samolyot va vertolyotlari, shuningdek, dengiz aviatsiyasi texnikalari saqlanadi. Xabarlarga qaraganda, mazkur aerodromdan Ukrainaga havo zarbalari berishda ham foydalanilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring