Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

To‘qayev Germaniyaga tashrifi oldidan «Qrimga chipta» oldi

To‘qayev Germaniyaga tashrifi oldidan «Qrimga chipta» oldi

Foto: «Medianews.az»

Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi arafasida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Rossiya pozitsiyasini qo‘llashini ma’lum qilib qo‘ydi.

Qozog‘istonning «BMT»isi Rossiyada joylashganmi?

Qozog‘iston Respublikasining prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev jurnalist Janna Nemsova bilan suhbat jarayonida Ukraina va Qrim masalasi bo‘yicha berilgan savolga shunday javob berdi: «Birinchidan, biz Qrimni anneksiya qilingan deb hisoblamaymiz. Nimadir bo‘lishi kerak bo‘lsa, o‘sha sodir bo‘ldi. Qo‘shib olish Qrimga nisbatan juda haqoratli so‘z, chunki referendum natijalari bor. Ikkinchidan, siz aytgandek, Qrimdagi holat va mamlakat sharqidagi urush holatida qo‘rquv yo‘q edi. Qozog‘iston Rossiya bilan mutlaqo ishonchli, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga ega. Biz Rossiya rahbariyatining donoligi va oqilona siyosat yuritayotganiga ishonamiz. Minsk kelishuvlari, aslida, Ukraina mojarosini hal qilishga qodir yagona huquqiy hujjatdir».

Prezident To‘qayevning munosabati bir qancha huquqiy normalarni qo‘pol ravishda buzish deya hisoblanmoqda. Xususan, 1994-yil 20-yanvarda imzolangan  «Qozog‘iston Respublikasi va Ukraina o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik shartnomasi»ning 1-moddasida shunday deyiladi:

«…shartnoma tuzuvchi tomonlarning o‘zaro munosabatlari hurmat, ishonch va rozilik, mustaqillik, davlat suvereniteti, hududiy yaxlitlik va chegaralar daxlsizligi, tenglik va bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, kuch ishlatmaslik yoki tahdid qilmaslik tamoyillariga asoslanadi. Iqtisodiy hamda turli bosim usullari va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish, majburiyatlarni adolatli bajarish, shuningdek, xalqaro huquqning tan olingan boshqa normalarini aks ettiradi».

To‘qayev Ukrainaning xalqaro doirada tan olingan huquqlarini hisobga olmagan ko‘rinadi. Bundan tashqari, mazkur qonun 4-moddasining 2-bandida shunday deyilgan: «…tomonlardan birining tinchligiga xavf tug‘diradigan yoki uning xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va suvereniteti manfaatlariga zarar yetkazadigan vaziyat yuzaga kelsa, u boshqa tomonga zudlik bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish taklifi bilan murojaat qilishi mumkin». To‘qayev suhbat jarayonida xalqaro ahamiyatga ega hujjatdagi mamlakatlararo manfaatlarga ziyon yetkazmaslik, Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetiga xilof bo‘lgan masalada ittifoqdosh mamlakat pozitsiyasini unutib qo‘ydi yoki bila turib pisand qilmadi.

Shuningdek, To‘qayev Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishini anneksiya deb hisoblamasligi BMT Bosh assambleyasining 2014-yil 27-martdagi «Ukrainaning hududiy yaxlitligi» nomli rezolyusiyasida qayd etilgan xalqaro pozitsiyaga ziddir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 68/262 rezolyusiyasi oltmish sakkizinchi sessiyasida qabul qilingan hamda 100 ta davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Majburiy bo‘lmagan rezolyusiya  xalqaro miqyosida tan olingan chegaralari doirasida Ukrainaning hududiy yaxlitligiga sodiqligini tasdiqlagan edi.

Rezolyusiyaga 11 ta davlat qarshi ovoz bergan, 58 davlat betaraf qolgan edi. Ovoz berishda 24 ta davlat qatnashmagan. Qozog‘istonning To‘qayevdan oldingi rasmiylari betaraflar orasida edi...

Qozog‘iston prezidenti esa jahonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishga mas’ul bo‘lgan BMTning ixtiyoriy rezolyusiyasini hisobga olmadi va Rossiyaning oqilona siyosat yuritishiga shubhasi yo‘qligini aytib o‘tdi. O‘z o‘rnida savol yuzaga keladi: Qozog‘istonning «BMT»isi Rossiyada joylashganmi?

Rasmiy Kiyev jazavada

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Yekaterina Zelenko «UNIAN» nashrida bergan bayonotida prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qrim Rossiya tomonidan bosib olinganini rad etgani munosabati bilan Rasmiy Kiyev Qozog‘istonga namoyishkorona diplomatik harakat (demarsh) bilan chiqishini e’lon qildi.

Ukraina TIV bayonotida «Ommaviy axborot vositalarida Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Ukrainaga tegishli Qrim Rossiya tomonidan bosib olinganini rad etishi bilan bog‘liq bayonotlari to‘g‘risida tarqalgan xabarlardan chuqur tashvishdamiz», — deyiladi. Xususan, Zelenkoning ta’kidlashicha, Ukraina doimo Qozog‘istonni o‘zining sherigi va do‘sti sifatida ko‘rib kelgan. Qozog‘iston davlat rahbarining Ukraina manfaatlarini hisobga olmasligi ushbu tushunchalarga ziyon yetkazishi mumkin.

Shuningdek, Ukraina diplomatik korpusi vakillari Qozog‘istonni ikki davlat ham a’zo bo‘lgan Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti me’yorlariga amal qilishga chaqirdi.

Qozog‘iston xalqaro doirani o‘ziga qarshi qilib qo‘yishi mumkin

5-6 dekabr-kunlari Qozog‘iston davlat rahbari Germaniyaga davlat tashrifi bilan boradi. Germaniyaning Markaziy Osiyo bilan oldi-berdisining 80 foizdan ortig‘i Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi.

Tashrif davomida bir qancha hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Qozog‘iston prezidenti «Rossiya Qrimni anneksiya qilganiga ishonuvchi» «Normand formati» faollaridan biri bo‘lmish Germaniyaga tashrifidan oldin bu holatning sodir bo‘lishi esa masalani yanada chigallashtirib yubordi. Bundan tashqari, Germaniyada chechen qo‘mondoni o‘ldirilishi mashmashasi «sovimagan» va Rossiya bilan diplomatik aloqalar yomonlashgan bir davrda Berlinga tashrif buyurayotgan Qozog‘iston davlat rahbari Rossiyaga xayrixohligini namoyish qilib qo‘ydi.  Kansler Angela Merkel bilan muzokaralarga mazkur holat salbiy ta’sirini o‘tkazishi ehtimoli yo‘q emas. Geosiyosatda Rossiya tomoniga og‘ib borayotgan Qosim-Jo‘mart To‘qayev xalqaro sheriklar doirasini kichiklashtirib qo‘ymoqda.

Brexit masalasida boshi qotgan Buyuk Britaniya va 2020-yilgi saylovlar bilan ovora AQShdan esa hozircha sado chiqqani yo‘q.

Qrim «chiptasi»

Qrim rahbari Sergey Aksyonov yarimorolning Rossiya maqomi haqidagi pozitsiyasi uchun Qozog‘iston prezidentiga instagramdan turib minnatdorlik bildirdi.

«Bu juda muhim va ahamiyatli bayonot. Biz, qrimliklar, Qozog‘iston rahbariyatidan halol va ob’yektiv pozitsiyasi, vaziyatni chuqur tushungani uchun minnatdormiz», — deb yozdi u.

Aksyonov so‘zining intihosida Qosim-Jo‘mart To‘qayevni Qrimga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi. Xullas, sayyohlik va salomatlik markazi — Qrimga «chipta» tayyor.

To‘qayevning ta’biricha, «oqilona siyosat yurituvchi» Rossiya Qozog‘iston prezidentini mana shunday siylamoqda.

                                 Sanjar Shomurodov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring