Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ssenariy» o‘xshamadi: YeI iqtisodiyoti cho‘kmoqda

«Ssenariy» o‘xshamadi: YeI iqtisodiyoti cho‘kmoqda

Koronavirus favqulodda tarqab ketishi ortidan Yevropa ittifoqi mamlakatlari o‘zaro chegaralarini vaqtinchalik yopishga majbur bo‘lgandi.

Ittifoq davlatlari futbol chempionatlarini ham to‘xtatib (Fransiyadan tashqari boshqa chempionatlar qayta start oldi), barcha ko‘ngilochar maskanlarini yopdi. Salmoqli daromad manbai — turizm taqqa-taq to‘xtadi. Pandemiya eng muhim iqtisodiyot bo‘g‘inlarini bo‘g‘ib qo‘ydi. YeIning o‘zi buni «kutish holati» deb ta’riflangandi. Ammo bu shunchaki «kutish» emas: mart—may oylari o‘rtalarida iqtisodiy pasayish pandemiya oqibatida 45 foizni tashkil etganini ekspertlar hisoblab chiqishdi.

Pandemiya minglab zavodlarni yopib, odamlarni ishsiz qoldirdi. Ishsizlik, pulsizlik, turgan gapki, yevropaliklarning xarid quvvatini pasaytirib yubordi.

Yetti yillik uzluksiz o‘sishdan so‘ng YeI iqtisodiyoti pasayganligini tashkilot maxsus komissiyasi ham tan oldi. 2020-yil dastlabki choragida, 2019-yilning oxirgi choragi bilan taqqoslaganda, yalpi ichki mahsulot yevrohududda 3,6 foizga qisqardi.

Iqtisodiy tanazzul ittifoqdosh barcha mamlakatlarni qamrab oldi: maxsus komissiya tahlillariga ko‘ra, faqat to‘rt mamlakat — Shvetsiya, Bolgariya, Ruminiya, Irlandiyada YaIM o‘sdi yoki deyarli o‘zgarmadi. Biroq, iqtisodiy yo‘qotish hajmida sezilarli farqlar bor. Komissiyaning tahlillariga ko‘ra, yevrohududdagi eng yirik davlatlar orasida YaIMning o‘rtacha pasayishi Fransiya, Italiya va Ispaniyada qayd etildi (-5 foiz atrofida), Germaniya (-2,2 foiz) va Niderlandiya (-1,5 foiz) qayd etilgan.

Yevro hududida eng katta zarbaga uchragan shaxsiy iste’mol bozori birinchi chorakda 4,7 foizga quladi. Qishloq xo‘jaligi, o‘rmonchilik, baliqchilik, moliya va sug‘urta sohalarida pasayish o‘rtacha -0,8 foizni tashkil etgan.

Umuman olganda, 2020 yil davomida yevro hududi iqtisodiyoti 8 foizga qisqarishi kutilyapti, bu bahorda ko‘zda tutilganidan ko‘ra chuqurroq inqirozdir. Ahvol kutilganidan ham og‘ir, shunchalikki, maxsus komissiya pandemiya boshida qilgan prognozlarini bekor qilib, yangi tahlillarini e’lon qildi.

2021 yilga mo‘ljallangan prognozlar, Yevropa ittifoqi va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi savdo munosabatlari nuqtai nazaridan, status-kvoning sof texnik taxminiga asoslanadi, deyiladi komisiya ma’sullari bayonotida. Iqtisodiyot hozir taxmin qilinganidan ham chuqurroq cho‘kishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring