Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tiriklayin ko‘mib tashlanganmi yoki bo‘g‘ib o‘ldirilgan: 214 nafar bolaning o‘limi siri ochildi

Tiriklayin ko‘mib tashlanganmi yoki bo‘g‘ib o‘ldirilgan: 214 nafar bolaning o‘limi siri ochildi

Foto: «Ria.ru»

Rossiya federal xavfsizlik xizmati Ikkinchi jahon urushi davrida gitlerchilar tomonidan o‘ldirilgan Yeyskdagi bolalar uyining 214 nafar tarbiyalanuvchisi haqidagi ma’lumotlarni oshkor etdi. Bu haqda Krasnodar o‘lkasi bo‘yicha FXX boshqarmasi materiallariga tayanib «RIA Novosti» xabar berdi.

Manbaga ko‘ra bolalar uyi 1941-yili Simferopoldan Yeyskka ko‘chirilgan. U yerda bor-yo‘g‘i 300 nafar bola va tarbiyachi bo‘lgan. 1942-yilning yozida Yeysk okkupatsiya qilinadi. Oktyabr boshida bosqinchilar bolalarni bir nechta mashinaga joylab, oldindan tayyorlab qo‘yilgan birodarlar qabristoniga olib borishadi.

«RIA Novosti»ga birodarlar qabristonini tekshirish, murdalarni kovlab olish hamda halok bo‘lganlarning ismlari yozilgan ro‘yxatdan iborat uchta hujjat kelib tushadi.

1943-yil 15-aprelga taalluqli birinchi hujjatda ko‘mishdan oldin bolalarning o‘ldirilmagani qayd etilgan.

— Ularning hammasini olib chiqishgan va madaniyatli xalqlar tarixida misli ko‘rilmagan qirg‘inga qo‘l urilgan, ya’ni ularni tiriklayish ko‘mib tashlashgan, — deyiladi hujjatda.

Hujjatda birodarlar qabristonini ochish jarayoni tasvirlangan: bolalar tartibsiz ravishda yotgan, ko‘pchiligi bir-birini quchoqlagan, ayrimlarining qo‘lida hassa bo‘lgan. Tekshiruv paytida jarohat yoki o‘q izlari topilmagan.

1943-yil 3-avgustdagi hujjatga ko‘ra, bolalar 10 — 16 yoshlar atrofida bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligini bemorlar tashkil etgan.

— Aksariyat murdalarning gavda bichimi noto‘g‘ri. Ikki nafarida umurtqaning ko‘krak qismida bo‘rtiq, 11 nafarida qo‘l-oyoqlar deformatsiyasi, bitta murdaning chap oyog‘ida protez bor, — deya ma’lum qilgan ekspertlar.

1943-yil 5-avgustdagi hujjatga ko‘ra yangi ma’lumot aniqlandi. Bolalarni qabristonga olib borgan yuk mashinalari «dezkamer tipida yopiq», ya’ni oynalarsiz bo‘lgan. Mashina kuzovining ichi temir va tunuka bilan qoplangan. Bolalarga liq to‘la yuk mashinalari 10 — 15 daqiqa yo‘l bosgan, ularni joylashtirishga esa taxminan yarim soat vaqt ketgan.

Chuqurlikdan 200 metr uzoqlikda bo‘lgan guvohlardan birining aytishicha, bolalarning baqirganini yoki yig‘laganini eshitmagan. Uning so‘zlariga tayanib tergov yangi xulosa chiqargan — mashinadan tushirayotganda bolalar allaqachon o‘lgan bo‘lgan. Tergovchilar taxminicha, bolalar yuk mashinasida is gazidan zaharlanib o‘lishgan.

Ro‘yxatga ko‘ra o‘lganlar orasida rus, ukrain, arman, gruzin, chex, tatar va yahudiy bolalari bo‘lgan. Hayratlanarlisi, ikkita bolaning millati «nemis» deb yozib qo‘yilgan. Ularni faqat bitta jihat umumlashtirib turgan — nogironlik.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring