Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zo‘rniki tegirmon yurgizadi... Falastin taqdiri yopiq eshiklar ortida hal etilmoqda

Zo‘rniki tegirmon yurgizadi... Falastin taqdiri yopiq eshiklar ortida hal etilmoqda

Benyamin Netanyahu birinchi galda prezident Trampning rasmiy qo‘lloviga umid qilmoqda.

Foto: Reuters

Isroil hukumati joriy yil iyul oyidan Iordan daryosining G‘arbiy sohilini anneksiya qilish, ya’ni zo‘ravonlik bilan o‘z hududiga qo‘shib olishga kirishmoqda. Bu esa xalqaro huquq me’yorlarining namoyishkorona buzilishi deb baholanmoqda.

Falastin qalamravidagi mazkur hudud – Iordan daryosning G‘arbiy sohili Isroil tomonidan 1967-yilgi Olti kunlik urush davomida bosib olingan. O‘shandan buyon hududda yahudiy qasabalarini qurish davom etmoqda. Ayni vaqtda hududda 2 milliondan oshiq arab,  400 mingdan ziyod yahudiy aholi istiqomat qiladi. 

G‘arbiy sohil yarim asrdan buyon Isroil nazoratida, ammo xalqaro hamjamiyat mazkur hudud yahudiy davlatiga tegishli ekanini tan olmagan. BMT Xavfsizlik kengashi ham hududda yahudiy manzilgohlari qurilishini noqonuniy deb e’lon qilgan. Anneksiya jarayonining boshlanishi Isroil “de-fakto”ni “de-yure”ga aylantirishga, ya’ni bosib olish holatini huquqiy jihatdan mustahkamlashga urinayotganini anglatadi.

Bosh vazir Binyamin Netanyahu xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, anneksiya amaliyotini AQSh qo‘llab-quvvatlashiga umid qilmoqda.  Rasmiy Vashington bu borada yakuniy qarorini e’lon qilganicha yo‘q. Ammo B.Netanyahu xalqaro huquqqa zid ushbu amaliyotga kirishishdan avval prezident Donald Trampning “oq fotihasi”ni olgani aniq.

Isroil tomoni Falastin hududini rasman qo‘shib olishga oshig‘ich kirishgani bejiz emas. Negaki, AQShda joriy yil 3-noyabrda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Ovoz berish jarayonida Isroil manfaatlarini faol qo‘llab kelayotgan D.Tramp mag‘lub bo‘lsa, anneksiya jarayoni ham to‘xtashi aniq. Zero, demokratlar nomzodi Jo Bayden anneksiya rejasini ochiq tanqid qilib, bu harakat Isroil–Falastin ziddiyatini muzokaralar orqali hal etish yo‘lini yopajagini bildirgan. Umuman, demokratik partiyaga mansub senatorlar orasida Isroil rejasiga qarshi bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bundan avvalroq 18 nafar senator Isroil hukumati rahbariga G‘arbiy sohilni bir tomonlama qo‘shib olish rejasidan voz kechish borasida maktub yo‘llagan edi. Shu bois ham Isroilning AQShdagi elchisi Ron Dermer Vashingtondagi qudratli arboblar orasidan imkon qadar ko‘proq tarafdor yig‘ishga zo‘r berib harakat qilmoqda.

Joriy yil 28-yanvar kuni  AQSh prezidenti Donald Tramp Falastin–Isroil ziddiyatini bartaraf etish bo‘yicha o‘z taklifini e’lon qildi. «Asr kelishuvi» deya mubolag‘ali nom bilan atalgan tashabbusga ko‘ra, Quddus yaxlit holda Isroil poytaxti deb tan olinishi kerak. Mazkur bitimda falastinliklardan Iordan daryosining G‘arbiy sohilini Isroil yurisdiksiyasida deb tan olish ham talab etilgan.  

G‘arbiy sohilning anneksiya qilinishi Isroil tomonidan falastinliklarga urush ochish bilan barobar. Foto: AFP

Tramp ma’muriyati ilgari surgan tashabbus Falastin tomonidan keskin rad etildi. Arab davlatlari ligasi ham “asr kelishuvi” faqat Isroil manfaatlarini ifodalagani bois, uni qabul qilib bo‘lmasligini qat’iy ma’lum qildi.

“Asr kelishuvi” ikki tomonlama ziddiyatning asosiy qurboni Falastin ishtirokisiz qabul qilingan. Trampning kuyovi, diplomatiya borasida tajribasiz Jared Kushner boshchiligida ishlab chiqilgan tinchlik rejasidan Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha yetakchi siyosiy kuchlar  – BMT, Yevroittifoq va Rossiya ham xabardor qilinmagan.

Isroilning sobiq tashqi ishlar vaziri, 1993-yilda tashkil etilgan tarixiy Oslo muzokaralari tashkilotchisi Yossi Beylin ham “asr kelishuvi”ni keskin tanqid qildi.

“Bu – tinchlik emas, urush rejasidir. Mazkur tashabbus muammoni hal etmaydi, balki yanada og‘ir oqibatlarga olib keladi. Meni hammasidan ham dunyo hamjamiyatining munosabati taajjubga solmoqda. Ushbu rejani ma’qullayotganlar, aslida, mintaqada tinchlik hukm surishiga qarshi bo‘lganlardir”, –  dedi Isroilning sobiq yuqori martabali amaldori.

Benyamin Netanyahuning qaltis qarori BMT, Yevropa ittifoqi va butun arab olami tomonidan keskin qoralanmoqda.

50 ga yaqin nufuzli ekspert G‘arbiy sohilning Isroil hududiga qo‘shib olinishini BMT rezolyusiyalarining buzilishi deb baholab, xalqaro hamjamiyatni tomoshabin bo‘lib turmaslikka da’vat qilgan.

BMTning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus elchisi Nikolay Mladenov, Yevropa ittifoqi tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel, Germaniya tashqi ishlar vaziri Hayko Maas ham isroillik hamkasblarini yetti o‘lchab bir kesishga undagan.

AQShning mintaqadagi asosiy ittifoqchilaridan biri – Iordaniya davlati qiroli Abdulloh II Isroil tomonidan G‘arbiy sohilning anneksiya qilinishi mintaqada boshboshdoqlik va ekstremizmni avj oldirishidan ogohlantirgan. Vashingtonning mintaqadagi boshqa ittifoqchilari – Saudiya Arabistoni, BAA ham Davlat departamentiga norozilik bildirgan.  BMT Xavfsizlik kengashi a’zolaridan biri Rossiya ham anneksiyaga qarshi.

Falastin rahbariyati esa G‘arbiy sohilning rasman qo‘shib olinishi Isroil tomonidan falastinliklarga urush ochish bilan barobar ekani qayd etgan.

Xususan, Falastin rahbari Mahmud Abbos agar anneksiya jarayoni boshlansa, Isroil hamda AQSh bilan shu kungacha imzolangan barcha bitim va shartnomalar yo‘qqa chiqishidan ogohlantirgan.

Yillar o‘tmoqda, avlodlar almashmoqda. Falastinliklarning mustaqil davlat orzusi hozircha ushalgani yo‘q. Foto: AFP

Tahlilchilarga ko‘ra, anneksiya jarayoni o‘zi shundoq ham beqaror mintaqani yana qaynoq urush o‘chog‘iga aylantiradi. Ammo xalqaro hamjamiyatning keskin qarshiligiga qaramay, Isroil hozircha o‘ta qaltis rejadan voz kechganicha yo‘q. Xabarlarga qaraganda, ayni paytda mamlakat tashqi razvedkasi – “Mossad” rahbariyati arab mamlakatlaridagi qarshi kayfiyatni susaytirish uchun yopiq eshiklar ortida muzokaralar o‘tkazishga urinmoqda. 

Ammo tashqi siyosatda Oq uy chizgan chiziqdan chiqmaydigan arab davlatlari, harchand hayratomuz bo‘lmasin, Falastin masalasida ummon ortidagi “katta og‘a” yo‘rig‘iga yurishni istamayotir...

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring