Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Urganchda BYD haydovchisi uchta avtomashinaga qasddan zarar yetkazdi

Urganchda BYD haydovchisi uchta avtomashinaga qasddan zarar yetkazdi

Videodan kadr

Urganch shahrida BYD mashinasi boshqa avtomobillarga urilib pachoqlagani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Hodisa yuzasidan viloyat IIB ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea 4-avgust kuni Urganch shahrining «Istiqlol» mahallasida sodir bo‘lgan. Hodisa 2000-yilda tug‘ilgan Sh.B. va 1999-yilda tug‘ilgan X.B. o‘rtasidagi kelishmovchilik oqibatida yuz bergan.

X.B. o‘zi boshqarayotgan qora rangli «BYD Chazor» avtomobili bilan Sh.B.ga tegishli «Cobalt» avtomashinasiga, shuningdek, to‘xtab turgan yana bir «BYD Chazor» va «Damas» avtomobillariga qasddan shikast yetkazgan.

Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagan. Biroq uchta transport vositasiga texnik zarar yetgan.

Ichki ishlar organlariga «Tashvish tugmasi» orqali kelib tushgan xabardan so‘ng xodimlar voqea joyiga yetib borib, haydovchining harakatlarini to‘xtatgan hamda ishtirokchilarni bo‘limga olib ketgan.

Hozirda holat yuzasidan Urganch shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring