Oliy sudi raisi: «Katta maosh olaman...»
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida «Sudlar faoliyatida ochiqlik va oshkoralik prinsipini ta’minlashda OAVning o‘rni va roli» mavzuida tadbir o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.
Tadbirda «Advokat» jurnali bosh muharriri Nurbek Toshniyozov mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirar ekan, gap orasida o‘zi rahbarlik qilayotgan nashrda chop etilayotgan tanqidiy maqolalar bo‘yicha muxtasar gapirib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisiga «o‘z qo‘ligizgacha yetib borsa, (Sizni) jurnalimizga bepul obuna qilishga tayyormiz» deya yarim hazil, yarim chin ohangida qistirib o‘tdi. O‘z navbatda, Oliy sud raisi jurnalga shundog‘am obuna bo‘lishi mumkinligi, davlat o‘ziga yaxshigina maosh to‘lashini minnatdor ohangda (davlatgayam, taklifgayam!) bildirib o‘tdi.
Albatta, maosh miqdorini oshkor qilmadi, qanchaligini so‘rash esa odob me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydi. Biroq gap bunda emas. Gap ommaviy axborot vositlarida, xususan, «Advokat» jurnalida sudlar faoliyatiga oid chop etilayotgan tanqidiy maqolalarga e’tibor yetarlicha bo‘lmayotganida! Hamkasbimiz shuni nazarda tutdi, chog‘i... Modomiki, sudlar faoliyatida ochiqlik va oshkoralik prinsipi ta’minlanishida ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos ekan, xolis munosabat xayrli ishning debochasi hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter