Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

2026-yilda yashash uchun eng qulay shahar aniqlandi (infografika)

2026-yilda yashash uchun eng qulay shahar aniqlandi (infografika)

Avstraliya poytaxti Kanberrada 500 mingga yaqin aholi yashaydi.

Oxford Economics tahlil markazi sayyoramizning 1 000 ta shahrini qamrab olgan Global Cities Index 2026 tadqiqoti doirasida hayot sifati eng yuqori shaharlar reytingini taqdim etdi.

Reytingda daromadlar tengligi, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad hajmi, uy-joy xarajatlari, kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligi, jinoyatchilik darajasi, shuningdek, madaniy maskanlar va hordiq chiqarish joylarining mavjudligi hisobga olingan.

Kanberra — peshqadam

Avstraliya poytaxti Kanberra eng yuqori — 100 ball to‘plagan holda, hayot sifati reytingida peshqadamlikni qo‘lga kiritdi. Tahlilchilarning qayd etishicha, shahar bunday natijaga yuqori maoshlar hamda aholi daromadlari o‘rtasidagi tafovutning nisbatan kamligi evaziga erishdi. Davlat sektorida barqaror va yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarining ko‘pligi, aholining kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligi yuqoriligi hamda jon boshiga to‘g‘ri keladigan hordiq maskanlarining ko‘pligi ham shaharni reyting bayroqdoriga aylantirdi.

E’tiborli jihati, umumiy Global Cities Index reytingida Kanberra bor-yo‘g‘i 45-o‘rinda. Bu esa shahar barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha jahon yetakchilari qatoriga kirmagan taqdirda ham, o‘z aholisi uchun yuqori darajadagi hayot sifatini ta’minlay olganidan dalolat beradi.

Yevropa yaqqol ustun

Reytingda hayot sifati bo‘yicha Yevropa shaharlari yaqqol ustunlik qilmoqda. Peshqadamlar qatoridan Bergen (Norvegiya), Grenobl (Fransiya), Bern (Shveysariya) va Oslo (Norvegiya) kabi shaharlar joy olgan.

Ayniqsa, Germaniya shaharlari juda yaxshi ko‘rsatkichlarni namoyish etdi: Drezden, Berlin, Myunxen va Shtutgart reytingning birinchi yigirmataligidan joy oldi. Shveysariyaning uchta shahri — Bern, Bazel va Syurix ham dastlabki yigirmalikka kirdi. Italiya esa Venetsiya, Paduya va Genuya shaharlari bilan yetakchi o‘ttizlikda joylashdi.

Rossiya poytaxti Moskva hayot sifati bo‘yicha 180-o‘rinni egalladi.

Yevropadan tashqaridagi hududlar orasida Avstraliyaning Kanberra va Sidney, Singapur, AQShning San-Xose va Sietl shaharlari, shuningdek, Tayvanning Sinchju va Taybey shaharlari yetakchilar qatorida.

Jozibador, ammo qimmat

Odatda yashash uchun juda qulay deb hisoblanadigan ayrim mashhur shaharlar hayot sifati reytingida hatto birinchi o‘ttiztalikka ham kira olmadi. Bu ko‘p jihatdan uy-joy narxining haddan tashqari qimmatligi bilan izohlanadi.

Masalan, Daniya poytaxti Kopengagen dunyo shaharlarining umumiy reytingida 18-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa-da, hayot sifati bo‘yicha bor-yo‘g‘i 160-pog‘onaga joylashdi. Bunga uy-joy taklifining cheklanganligi va narxlarning yuqoriligi sabab bo‘ldi. Vaholanki, Kopengagen boshqaruv sifati bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi, «Atrof-muhit» va «Iqtisodiyot» toifalarida ham kuchli ko‘rsatkichlarga ega.

Xuddi shunday holat Kanadaning Vankuver shahriga ham xos. Vankuver umumiy reytingda 24-o‘rinda bo‘lsa-da, hayot sifati bo‘yicha 215-o‘ringa tushib ketgan. Shaharda faol hordiq chiqarish infratuzilmasi va umr ko‘rish davomiyligi yuqori bo‘lsa-da, uy-joy xarajatlarining o‘ta qimmatligi uning yakuniy bahosini sezilarli darajada pasaytirib yuborgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring