Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Qachon aholi energiya bilan to‘liq ta’minlanadi? Yashil energiya: yaqin kelajakdagi loyihalar

Yildan yilga O‘zbekistonda aholi soni oshib bormoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyojni oshiradi. Yaqin yillar davomida O‘zbekiston muqobil energiya manbalarini yaratish uchun katta mablag‘ va investitsiya jalb qilib kelmoqda. Xo‘sh, bugungi kungacha O‘zbekistonda nechta muqobil energiya stansiyalari ishga tushirilgan? Ularning quvvati qancha? O‘zbekistonni elektr energiya bilan ta’minlash uchun qancha stansiya qurishimiz kerak? Shu va shunga o‘xshash savollarga javob olish maqsadida Energetika vazirligining Qayta tiklanuvchi energiya manbalari boshqarmasi boshlig‘i Umidbek Narzullayev bilan suhbatlashdik.

– Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida nechta shamol va quyosh stansiyalari qurilmoqda? 2023 yilda nechta quyosh va shamol stansiyasi ishga tushadi?

– Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida 2 ta yirik quyosh fotoelektr stansiyaci ishga tushirilgan. Ushbu stansiyalar xalqaro tajribaga ega kompaniyalar tomonidan qurilib, to‘liq foydalanishga topshirilgan. Birinchi stansiyamiz – Birlashgan Arab Amirligining «Masdar» kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyatining Karmana tumanida barpo etilgan. Ushbu stansiya 2021 yilning avgust oyida ishga tushirilib, yagona tarmoqqa elektr energiya yetkazib berishni boshlagan. O‘sha yilning dekabr oyida stansiya to‘liq ishga tushgan. Uning to‘liq quvvati 100 MVt. Stansiya taxminan yiliga 260 million kilovatt elektr energiya ishlab chiqaradi. Ya’ni, stansiya kunduz kuni  80 mingta xonadonni elektr energiya bilan ta’minlab bera oladi.

Ikkinchi stansiyamiz – Fransiyaning «TOTAL Eren» kompaniyasi tomonidan qurilgan. Ushbu quyosh fotoelektr stansiyamiz 2022 yilning may oyida ishga tushib, yagona tarmoqqa elektr energiya yetkazib berishni boshlagan. Stansiya quvvati 100 MVt bo‘lib, yiliga 60 ming kilovatt elektr energiya ishlab chiqaradi. Har bir stansiyamizda 300 mingtadan quyosh paneli o‘rnatilgan.

O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyasini qurgan samaralimi yoki shamol elektr stansiyasi?

– Juda yaxshi savol. Agar xalqaro moliya institutlari tomonidan jalb qilingan mutaxassislar tahlilidan kelib chiqsak, O‘zbekistonda ham quyosh stansiyasi, ham shamol elektr stansiyasi yaxshi samara berar ekan. Shamol elektr stansiyalarini asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Buxoro viloyatlarida qurish ancha samarali. Ya’ni bu viloyatlarda shamol salohiyati yuqori. Quyosh elektr stansiyasini esa deyarli barcha viloyatlarda qurish mumkin. Chunki O‘zbekiston hududida quyosh radiatsiyasi ancha yaxshi. Texnik salohiyat jihatdan O‘zbekistonda quvvati 5 ming kilovattlik quyosh stansiyasi, 190 gigavattlik shamol elektr stansiyasini qurish mumkin.

– Qish faslida ham quyosh elektr stansiyalari ishlay oladimi?

– Albatta, shu yilning yanvar oyida quyosh elektr stansiyalar 90 foizgacha ishladi. Ya’ni, 100 MVtli quyosh elektr stansiya 90 MVt quvvatni tarmoqqa uzatgan. Quyosh stansiyalarimizdagi panellar ikki tomonga o‘rnatilgan. Qish faslida quyosh stansiyasi 90 foiz quvvat bilan ishlashini ko‘rib, o‘zimiz ham hayron qoldik.

– 2023 yilda nechta quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan?

– Joriy yilning dekabr oyiga qadar 3 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 1 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shamol elektr stansiyamiz Navoiy viloyati Tomdi tumanida joylashgan. Stansiyaning umumiy quvvati 500 MVt bo‘lib, dekabr oyidan tarmoqqa elektr uzatishni boshlaydi. Uchta quyosh stansiyamiz – Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan. Ularning umumiy quvvati 900 MVtni tashkil etadi. Ushbu 4 ta stansiya «Mazdar» kompaniyasi tomonidan qurilmoqda.

– Mana shu stansiyalar qancha aholini elektr energiya bilan ta’minlaydi?

–   Shamol stansiyamiz to‘liq ishga tushsa, bir yilda 500 mingta aholini elektr energiya bilan ta’minlab bera oladi.

– Uzluksiz ta’minlaydimi?

– Uzluksiz deya olmayman. Chunki shamol o‘zgaruvchan. Shuni inobatga olib biz batareyalarni joriy qilmoqchimiz.

– Shunda stansiyalar ishga tushsa, qishloqlarda chiroq o‘chmaydimi?

– Stansiyalarning umumiy quvvati aniq bir hisobga yetganidan keyin qishloqlarda elektr energiya tanqisligi bo‘lmaydi deb aytsak bo‘ladi. Lekin shu stansiyalar ishga tushgan so‘ng tanqislik kamayib boradi.

– O‘zbekiston aholisini to‘liq elektr energiya bilan ta’minlash uchun qancha shamol va quyosh stansiyasi qurish kerak?

– Bizni o‘z rejamiz bor. 2026 yilgacha biz shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvatini 8 gegavattga oshirishimiz kerak. 2030 yilga kelib bu ko‘rsatkichni 15 gegavattga yetkazishimiz lozim. Quyosh va shamol elektr stansiyalari orqali aholini faqatgina kunduz kuni elektr energiya bilan ta’minlay olamiz. Lekin kechki payt bor, ob-havoning o‘zgaruvchanligi bor. Issiqlik elektr stansiyalarini hisobga olmasak, taxminan 40 gegavatt quyosh va shamol elektr stansiyasi kerak bo‘ladi. Shunda biz faqatgina kunduz kuni aholini elektr bilan ta’minlay olamiz. To‘liq ta’minlash uchun akkumulyator tizimini joriy qilish kerak.

– Joriy yilning 23 yanvar kuni Bosh vazir Abdulla Aripov Energetika vazirligi: Axmedxodjayev va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ rahbari Isaqulovga ikki hafta ichida Xitoyga borib, 2,0 gigavatt quyosh foto elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan muzokaralarni yakunlash hamda 15 fevralga qadar tegishli qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi topshirdi. Bu masala nima bo‘ldi?

– Hozirda xalqaro tajribaga ega bo‘lgan Xitoy kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Eng arzon tarif taklif etgan kompaniya bilan loyiha amalga oshiriladi. Bosh vazirimiz bergan topshiriqni amalga oshirish bo‘yicha ishlar ketmoqda.

– Hozir quyosh panellaridan olingan ortiqcha elektr energiyasini qanday sotsa bo‘ladi?

– 2022 yilda prezidentimiz tomonidan tegishli farmon qabul qilingan. Ushbu farmonda siz aytgan masalaning ishlash mexanizmi tushuntirib berilgan. Misol uchun, men uyimga quyosh panelini o‘rnatmoqchi bo‘lsam, onlayn tarzda energetika vazirligi huzuridagi «energiya tejash» jamg‘armasi tomonidan yaratilgan saytga kirib, o‘zimga ma’qul bo‘lgan kompaniyani tanlayman. Kompaniya uyga kelib, siz qancha elektr energiya iste’mol qilishingizni hisoblab, narxni chiqarib beradi. Ma’qul kelsa kompaniya bilan shartnoma tuzasiz. Kompaniya quyosh panellarini o‘zi o‘rnatib, ishga tushirib ketadi. Mahalliy kompaniyalar bilan shartnoma qilsangiz, siz davlatdan subsidiya olasiz. Ya’ni, quyosh panelining 30 foizi narxi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Quyosh panellarini sotib olib, uyingizga o‘rnatganingizdan keyin hudud elektr tarmoqlari bilan shartnoma tuzasiz. Agar siz yagona tarmoqdan elektr energiyani 295 so‘mdan sotib olsangiz, yagona tarmoq sizdan yashil energiyani 360 so‘mdan sotib oladi. To‘g‘ri, hozirda quyosh panellarining narxi O‘zbekiston sharoitida biroz qimmatroq. Lekin yaqin yarim yil ichida ancha ommalashadi. Chunki davlat tashkilotlari tomonidan, aholi tomonidan quyosh panellariga bo‘lgan qiziqish oshib bormoqda.

– Quyosh panelining o‘rtacha narxi qancha?

– 1 KVt elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi quyosh paneli 11 million so‘m. Bunda kompaniya quyosh panelini o‘rnatib, ishga tushirib ketadi.

Sardor Ali suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring