Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Satish Vijayvargi: «Raqamli markirovkaning joriy etilishi O‘zbekiston hukumatining to‘g‘ri va zarur qaroridir!»

Satish Vijayvargi: «Raqamli markirovkaning joriy etilishi O‘zbekiston hukumatining to‘g‘ri va zarur qaroridir!»

Iqtisodiyotning muhim omili o‘rta biznesni rivojlantirishdir. Qulay qonunchilik va iqtisodiy muhit tufayli investitsiyalar oqimi va yangi korxonalar soni ortib borayotgan O‘zbekistonda ham bu mezonga qat’iy amal qilinmoqda.

2019-yilda investitsiyalar asosida tashkil etilgan va GMP (Good manufacturing practice) – atrof-muhitni muhofaza qilish, ichki bozorga sifatli mahsulotlar yetkazib berish va yangi ish o‘rinlari yaratish tamoyili asosida faoliyat yuritayotgan Serene Healthcare farmatsevtika kompaniyasi bunga yorqin misoldir.

Raqamli markirovkalash tizimining joriy etilishi O‘zbekistonda farmatsevtika biznesining rivojlanishiga qanday yordam berishi va uning hindistonlik hamkasbiga nisbatan afzalliklari haqida kompaniya asoschisi Satish Vijayvargi aytib o‘tdi.

— Janob Vijayvargi, «Serene Healthcare» kompaniyasi dori vositalarini markirovkalash tizimini joriy etish bo‘yicha pilot loyiha boshlangani haqidagi xabarni qanday qabul qildi?

— «Serene Healthcare» dunyo farmatsevtika bozorida 25 yildan ortiq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan Serene Group xoldingining bir qismidir. 2019-yilda Toshkentda zavod ochildi. Biz O‘zbekistonga investor sifatida keldik.

Raqamli markirovkalash tizimining joriy etilishi - men uchun bu eng yaxshi yangilik bo‘ldi! Raqamli markirovkaning joriy etilishi O‘zbekiston hukumatining to‘g‘ri va zarur qaroridir! Bu davlat o‘z xalqining sog‘lig‘ini himoya qila boshlaganidan dalolat berdi. Chunki bozorda 15-18 foizga yaqin kontrafakt mahsulotlar mavjudligi hech kimga sir emas. Masalan, O‘zbekistonda farmatsevtika bozorining umumiy aylanmasi 1 milliard dollar bo‘lsa, 150-180 million dollarni qalbaki dori vositalari tashkil etadi – bular ro‘yxatdan o‘tmagan, yaroqlilik muddati bo‘lmagan dori vositalari, eng muhimi – ular uchun hech kim javobgar emas!

Bu muammo, xalq salomatligini asrash, bozorda qalbakilikka yo‘l qo‘ymaslik borasida davlat tomonidan jiddiy o‘ylanayotgani bizni quvontirdi. Shuning uchun, bu biz uchun ajoyib yangilik bo‘ldi.

— Raqamli markirovkalash tizimining o‘zi haqida nimalarni bilasiz?

— Biz raqamli markirovkalash tizimi bilan tanishmiz — Hindistonda tizim 8 yildan ko‘proq vaqt oldin ishga tushirilgan, ammo qisman. Shuning uchun, bu biz uchun yangilik emas edi, biz uzoq vaqtdan beri raqamli markirovka bilan ishlamoqdamiz. Taxminan 7 yil muqaddam Hindistonda markirovka kodisiz dori vositalarini eksport qilishni taqiqlovchi qonun qabul qilingan edi. Shuning uchun mening vatanimda biron bir kompaniya dori-darmonlarni markirovkasiz eksport qilish huquqiga ega emas. Tizim tufayli biz aniq bilamizki, Hindiston soxta emas, balki haqiqiy mahsulotlarni eksport qilmoqda. Shuning uchun biz tizim qanday ishlashi, nima ekanligini, uning afzalliklari nimada ekanligini bilib oldik.

— Sizningcha, raqamli markirovkaning joriy etilishi O‘zbekiston farmatsevtika bozori uchun qanchalik muhim?

— MDH mamlakatlari orasida Rossiya Federatsiyasi birinchi bo‘lib dori vositalariga markirovka qo‘ydi. Ular tovarlar harakatining butun siklini, xususan, dorixonalarni kuzatishni joriy qildilar.

Hozir ko‘pchilik aniq raqamlarni bilmaydi – O‘zbekiston dorixonalarida qancha va qanday dori vositalari bor. Pandemiya davrida bozordagi dori-darmonlar soni haqida hech kim bilmas edi, kerakli statistik ma’lumotlar yo‘q edi. Bu yomon, chunki davlatda zaxiralar va ishlab chiqarish bo‘yicha aniq raqamlar yo‘q.


Raqamli markirovka ushbu katta muammoni hal qilishda yordam beradi. Shu bilan birga u qalbakilashtirishga qarshi kurashda yordam beradi. Agar biz agregatsiya ishlarini oxirigacha – distribyutordan tortib dorixonagacha olib borsak, pandemiyaga o‘xshash har qanday vaziyatda davlat va segment bozorda qancha mahsulot borligi va qanchasi qolganidan xabardor bo‘ladi. Pandemiya paytida hech qanday raqamlar yo‘q edi - bizga dori-darmonlarni olib kelish vazifasi berildi, ammo biz talab nima ekanligini bilmasdik. Markirovkalash tufayli Davlat soliq qo‘mitasi ham, CRPT Turon tizimining operatori ham, ishlab chiqaruvchilar/importchilarning o‘zlari ham bozordagi vaziyat qanday ekanini bilib oladi. Har bir dori turi uchun aniq raqam bo‘ladi. Agar, masalan, biz 100 ta quti dori olib kelgan bo‘lsak va dorixona 30 ta qutini sotgan bo‘lsa, unda markirovka tufayli biz 30 yoki 50 emas, 70 quti qolganligini aniq bilib olamiz. Bunday ma’lumotlar bizga har qanday pandemiya yoki boshqa qiyinchiliklarga tayyor bo‘lishga yordam beradi.

Shu bois, bu davlatning dori vositalarini markirovkalashni joriy etish borasidagi muhim va to‘g‘ri qarori, deb hisoblayman. Qozog‘iston va Ukrainada tizim hali to‘liq joriy etilmagan. Agar O‘zbekiston bu tizimni qisqa muddatda joriy etsa, bu tez orada kuzatuvni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

«Serene Healthcare» qisqa 22 kun ichida fabrikamizda markirovkalashni qanday boshlaganimiz haqidagi tajribamiz bilan bo‘lishish uchun doimo ochiq.

– Tajriba loyihasi qanday o‘tdi, ishlab chiqarishingiz qanday qiyinchiliklarga duch keldi va ularni qanday hal qildingiz?

— Tajriba loyihasi boshlanib, ishtirokchilar ro‘yxati davlat tomonidan shakllantirilganda kompaniyamiz bu ro‘yxatda yo‘q edi. Tajriba boshlanganidan so‘ng biz bu haqda internetdan bilib oldik va «O‘zfarmsanoat» bilan bu masalani muhokama qildik, nega tajriba loyihada «Serene Healthcare» yo‘qligini so‘radik.

Bizga tushuntirildiki, 322-sonli qarorda yirik mahalliy ishlab chiqaruvchilar ko‘rsatilgan, biroq tajriba hamma uchun ochiq va istagan har bir kishi ishtirokchi bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, tizim kodlarni qo‘llashni bepul sinab ko‘rish imkoniyatini taqdim etadi - ishtirokchilar eksperiment davomida bepul kodlar va jihozlarni olishadi.

Biz bu ma’lumotni oktyabr oyida oldik va o‘sha vaqtga kelib kerakli hajmdagi tovar aylanmasiga buyurtma berilgan edi. O‘zbekistonda raqamli markirovkalash uchun Data Matrix kodi tanlanganini bilmasdik, chunki shtrix kod Hindistonda qo‘llaniladi va biz allaqachon buyurtma berganmiz.

Tajriba loyiha 2022-yil 1-fevralda tugashi kerak edi, shuning uchun biz unda faol ishtirok etdik. Birinchi qadam – Agentlik bilan ishtirok etish bo‘yicha muhokama – tizimning o‘zi, amalga oshirish bosqichlari haqida ma’lumot oldi, operator bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Dastlab, «Serene Healthcare» o‘z oldiga maqsad qo‘ydi - zarur jihozlarni nafaqat tajriba muddati uchun, balki doimiy foydalanish uchun o‘rnatish. Shuning uchun, bu shunchaki tajriba emas, balki markirovkani mutlaqo ishga tushirish uchun uskunalar edi. Bizga rossiyalik integratorlar murojaat qilishdi, ammo narx borasida bu qimmat yechim edi. Shundan so‘ng biz hind firmalari bilan texnologiya va dasturiy ta’minot masalasini muhokama qila boshladik.

Ehtimol, eng muhim savol - bu markirovkalash kodlari bilan ishlashni boshlash uchun qanday uskunalar kerakligini - qanday dasturiy ta’minot (harakatlar algoritmi amalga oshiriladigan dastur) kerakligini tushunishdir. Ushbu vazifani tushunganimizdan so‘ng, biz Hindistonning turli kompaniyalari bilan faol muloqot qila boshladik.

Savol tug‘iladi - nega biz hind dasturchilariga murojaat qildik? Agar hind dasturchilari Google, Amazon va eng mashhur IT-kompaniyalarida yuqori o‘rinlarni egallab turishsa, ular menga hamyonbop narxlarda eng yaxshi yechimni tanlashda yordam berishi mumkin deb o‘yladim.

Qidiruv o‘z natijalarini berdi va biz Texnik Vazifani (TV) to‘g‘ri tushunadigan va yechim taklif qilgan jamoani topdik. Ushbu qarordan kelib chiqib, uskunalar xarid qilishni boshladik. Misol uchun, Germaniyada biz kameraga buyurtma berdik, Yaponiyada yana bir komponent sotib oldik - bir so‘z bilan aytganda, biz turli mamlakatlardagi barcha keraksiz komponentlarga buyurtma berdik - shundan so‘ng biz ularni yig‘ib, ishlab chiqarishimizga o‘rnatdik. Buning uchun Toshkentga Hindiston jamoasi uchib keldi. Turli mamlakatlardan uskunalarni tashish uchun ko‘p vaqt kerak bo‘ldi.

Barcha buyurtmalarni yanvar oyida qabul qilib oldik. Tajriba tugashiga bir oy qoldi va kompaniyamiz tajriba ishtirokchisi sifatida ushbu loyihani muvaffaqiyatli yakunlash uchun juda ko‘p harakat qildi. 22 kun ichida biz uskunani o‘rnatdik, dori-darmonlarimizga kodlar qo‘ydik va agregatsiya bosqichidan o‘tdik. Sinov vaqtida «CRPT Turon» MChJ vakillari va loyiha menejeri Diyor Rasulev ishtirok etishdi. Hamma xursand bo‘lib, – Yaxshi, loyiha «Serene Healthcare» ishlab chiqarish maydonchasida muvaffaqiyatli amalga oshirildi – deb aytishdi!

Bu qiyin bo‘ldi deb ayta olmayman va biz bir qancha o‘tkir muammolarga duch keldik! Va ishlab chiqarishni to‘xtatishning ham hojati yo‘q edi! Markirovka kodlarini qo‘llash va yig‘ish uchun uskunalar ishlab chiqarishning o‘zidan butunlay ajralib turadi. Markirovkalashni joriy qilish uchun biz ishlab chiqarishning o‘ziga to‘sqinlik qilmaydigan kodlarni chop etish uchun alohida xona ajratdik. Bundan tashqari, markirovkalash ishlab chiqarish hajmiga ta’sir qilmadi.

- «Serene Healthcare» tajriba loyihani muvaffaqiyatli yakunlagan birinchi ishlab chiqaruvchilardan biri edi. Buni qanday amalga oshirdingiz? Loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishga nima sabab bo‘ldi?

— «Serene Healthcare» bozorni oqlashdan, yer osti ishlab chiqaruvchilarisiz sog‘lom raqobat yaratishdan manfaatdor. Misol uchun, mening yillik aylanmam 5 million dollar bo‘lsa, qalbakilashtirish tufayli men mijozimni, uning ishonchini yo‘qotib, 1 millionga yaqin pul yo‘qotaman! Tizimni tatbiq etish xarajatlarini soxtalashtirish va qalbakilashtirishning o‘tkir muammosi tufayli biz ko‘rgan yo‘qotishlar bilan mutlaqo solishtirib bo‘lmaydi. Va eng yomoni, bu odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin!

Markirovkalashning afzalliklarini ko‘rib, biz eng yaxshi yechimni izlay boshladik. Sizning biznesingiz va fuqarolarning sog‘lig‘ini himoya qilish istagi qisqa 22 kun ichida loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishga yordam berdi!

— Bizga ma’lumki, Hindistonda ham xuddi shunday markirovkalash tizimi joriy qilingan. Iltimos, bu haqda gapiring. Hindistonda markirovkalash orqali qanday ijobiy natijalarga erishildi?

— Hindistonda markirovkalash tizimi hali to‘liq joriy etilmagan - to‘liq ishlab chiqilmagan - dorixonaga yig‘ish bosqichi tugallanmagan. Markirovkalangan mahsulotlar mamlakatda sotiladi, kod skanerdan o‘tkaziladi, lekin birlashtirilmaydi - va bu juda muhim bosqich.

O‘zbekiston tadbiq etish bosqichlarini to‘g‘ri tuzilishini tanladi – «CRPT Turon» MChJ yagona operatori timsolida markaziy xab tanlandi. Hindiston bu tizimni qariyb 8 yil oldin joriy qilgan, biroq endigina «CRPT Turon» kabi yagona Xab-operatorni tanlash ustida ish boshlagan. Shuni ta’kidlash kerakki, Hindistonda har bir shtat individualdir. Mamlakat aholisi 1,3 milliard kishidan oshadi. Afsuski, u yerda hamma uchun yagona tizimni joriy qilishning iloji yo‘q - har bir shahar yoki shtat tizimni o‘ziga xos tarzda amalga oshiradi. Har bir shtat o‘zining yagona markaziga ega bo‘lishi kerak. Va bu bosqich endigina boshlanmoqda.

Shu sababli, Hindiston barkodlarini faqat eksport uchun qo‘llashni boshladi, bu esa eksport paytida qalbaki mahsulotlar mavjudligini istisno qilish imkonini berdi. Ammo agregatsiya bosqichi yo‘q edi - hozir boshlanmoqda.

Markirovkalashning joriy etilishi Hindiston boshqa mamlakatlarga yetkazib beradigan dori vositalari turlarining eksport hajmi va statistikasini aniqlashga yordam berdi.

— 149-sonli VMQga muvofiq, dori vositalarini majburiy markirovkalash 1 sentyabrdan boshlanadi. Tizimning joriy etilishidan qanday umidlar bor?

— O‘zbekiston 1-sentyabrdan majburiy markirovkalashni albatta boshlashi kerak, deb hisoblayman – hech qanday kechikish bo‘lmasligi kerak! Bu muhim! Chunki tizim ishlasa, har bir ishlab chiqarish va har bir distribyutor o‘z ishlab chiqarishi, importi, sotilishi, zaxiralari va talabining real raqamlarini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Va bu shunchaki tizim masalasi emas - bu odamlar salomatligi masalasi!

Soxta va noqonuniy olib kirilgan dori vositalari, birinchi navbatda, fuqarolar uchun xavf tug‘diradi. Qalbaki dori vositalari tufayli halok bo‘layotganlar bor yoki yo‘qligini bilmaymiz.

Shuning uchun, markirovkalashni ishga tushirishni uzaytirish yoki kechiktirish istagi bo‘lmasligi kerak. Xuddi «Serene Healthcare» tizimni 22 kun ichida ishga tushirganidek, boshqa farmatsevtika kompaniyalari, agar xohlasalar, tezda o‘zlarining ishlab chiqarish liniyalariga markirovkani o‘rnatishlari mumkin! Uskunalar va tizimlar bizning liniyalarimizda allaqachon ishlamoqda. Ba’zi kompaniyalar ta’kidlaganidek, bu yerda hech qanday murakkab narsa yo‘q!

Bir nechta zavodlar allaqachon maslahat uchun bizga murojaat qilishdi, biz ochiqmiz va tajribamizni mamnuniyat bilan baham ko‘ramiz. 10 kun ichida biznikiga o‘xshash uskunalar yetkazib berish va tizimni boshqa farmatsevtika kompaniyasiga o‘rnatishni rejalashtirmoqdamiz. Dasturiy ta’minot tayyor, uskuna tayyor - faqat uni o‘rnatish qoladi.

Ishonamanki, markirovkalashni boshlash uchun hech qanday to‘siq yo‘q, faqat xohish kerak.

— Bozor ishtirokchilariga tilaklaringiz.

— Bozorga kirgan har qanday ishtirokchi o‘z dori vositalarining qalbaki ekanligini, bu salbiy omillar uning obro‘siga ta’sir qiladimi yoki yo‘qligini ko‘rishi kerak. Davlat farmatsevtika bozorini shaffof va toza qilishga harakat qilmoqda. Shuning uchun hamma uchun yagona talab - GMP standartlari o‘rnatildi.

Men tadbirkorman - men ishlab chiqarishni boshlash uchun ko‘p pul sarflayman, men pulni GMP standartini joriy etishga sarflayman va shundan keyin mahsulotimning miqdori va sifatini saqlab qololmasam va insofsiz ishlab chiqaruvchi mahsulotimni qalbakilashtirish yoki soxtalashtirishga yo‘l qo‘ysa - men shunchaki biznesimni yo‘qotaman.

Maslahatim shuki, O‘zbekistondagi barcha farmatsevtika korxonalari 1 sentyabrdan tizimini joriy qilishlari kerak. Bu, avvalo, xalq salomatligiga, tadbirkorlik rivojiga, davlat budjetiga ham foydali, albatta! Bir so‘z bilan aytganda - markirovkalash hamma uchun foydalidir! Shuning uchun farmatsevtika bozorining barcha ishtirokchilari birgalikda ishlashlari kerak - operator, agentlik bilan hamkorlik qilishlari kerak. Biz bir-birimizga yordam berishimiz kerak, chunki har birimiz 1-sentyabrdan boshlab dori-darmonlarni markirovkalashni boshlashdan manfaatdormiz.

Boshqa farmatsevtika kompaniyalaridagi hamkasblarimiz allaqachon biz bilan bog‘lanishdi - ular kelib, bizning markirovkalash variantimizni ko‘rib chiqdilar - biz hamma uchun ochiqmiz va tajribamiz bilan o‘rtoqlashishdan mamnunmiz.

Ikkita zavodda allaqachon markirovkalash yechimi o‘rnatilgan. Ishonchim komilki, tadbirkor har qanday yangilik uchun eng yaxshi yechim topadi - asosiysi, xohish va unga qiziqish!

— Javoblaringiz uchun rahmat!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring