Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Hozirgi o‘ta murakkab va tahlikali vaziyatda birlashishimiz kerak»: Prezident xalqqa tabrik yo‘lladi

«Hozirgi o‘ta murakkab va tahlikali vaziyatda birlashishimiz kerak»: Prezident xalqqa tabrik yo‘lladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya bayrami munosabati bilan xalqimizga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni matbuot xizmati xabarida e’lon qilindi.

Tabrikning to‘liq matni:

Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Konstitutsiya milliy davlatchiligimiz, suverenitetimiz, shu kunga qadar erishgan barcha yutuq va marralarimiz, demokratik huquqiy davlat barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizning mustahkam poydevori hisoblanadi. Asosiy Qonunimizning jonajon O‘zbekistonimiz taraqqiyotidagi beqiyos ahamiyatini yuksak qadrlaymiz.

Albatta, bu yilgi bayram ijtimoiy-siyosiy hayotimizda, mamlakatimiz rivojida alohida ma’no-mazmunga ega. Bu, avvalo, shu yil 30 aprelda milliy tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi asosida Konstitutsiyamiz yangi tahrirda qabul qilingani bilan bog‘liq, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Hech shubhasiz, tom ma’noda xalqchil qomus bo‘lgan Asosiy qonunimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimiz ortga qaytmasligining mustahkam huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekistonning besh ustuni, ya’ni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi, uning mazmuni tubdan takomillashtirilib, yangi bob va moddalar bilan boyitildi.

Biz o‘z oldimizga qo‘ygan ezgu maqsadlarga yetishda Asosiy qonunimizda muhrlangan barcha qoida va tamoyillarni amalga oshirmoqdamiz. Jamiyatimizda Konstitutsiya va qonun ustunligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitga mos holda yo‘lga qo‘yishning ahamiyatini chuqur anglagan holda, bu borada tizimli ishlarni boshladik. Xususan, Asosiy qonunimizdan kelib chiqib, amaldagi qonunlarimizni yangi konstitutsiyaviy normalar bilan uyg‘unlashtirish yuzasidan jadal ishlar olib borilmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, qisqa muddatda 30 dan ziyod qonun va qonunosti hujjatlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilganini ta’kidlash lozim.

Konstitutsiya va qonun ustunligi tamoyili – bu barqaror taraqqiyotning asosiy mezoni. So‘nggi yillarda barcha islohotlarimizni ayni shu tamoyil asosida amalga oshirdik.

Yurtimizda yalpi ichki mahsulot hajmi oxirgi 6 yilda 1,5 martadan ortiq, tadbirkorlar soni 2 barobar va sanoatdagi o‘sish 40 foizdan ziyod oshgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Shuningdek, joriy yilda ijtimoiy sohaga ajratilgan mablag‘lar 134 trillion so‘mni tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 5,6 barobar ko‘paydi.

Keng ko‘lamli va tizimli islohotlarimiz natijalari xalqaro maydonda ham keng e’tirof etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Korrupsiyaga murosasiz munosabat bo‘yicha xalqaro indeksda 32 pog‘onaga, Matbuot erkinligi indeksida 28 pog‘onaga, Huquq ustuvorligi indeksida 13 pog‘onaga ko‘tarildi.

Aziz do‘stlar!

Biz inson qadr-qimmati va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha boshlagan islohotlarimizni yangi konstitutsiyaviy makonda yanada qat’iy davom ettiramiz. Xalqimizning xohish-irodasiga binoan Asosiy qonunimizda o‘z aksini topgan tamoyillarni to‘liq ro‘yobga chiqarishimiz va hayotimizning ajralmas qismiga aylantirishimiz lozim.

Shu munosabat bilan oldimizda turgan eng muhim ustuvor vazifalarni qayd etmoqchiman.

Birinchidan, Konstitutsiyamizda xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir, deyilgan. Ana shu qoidadan kelib chiqib, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlarimiz izchil davom ettiriladi.

Ikkinchidan, Konstitutsiyani jamiyat hayotining barcha jabhalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bevosita qo‘llash amaliyotiga o‘tishimiz zarur. Shundagina xalqimiz Asosiy qonunimizning hayotbaxsh kuchi va ta’sirini teran his etadi.

Bu borada barcha davlat idoralari, jumladan, sudlar faoliyatida konstitutsiyaviy normalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashni joriy etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi.

Uchinchidan, sud-huquq islohotlari yangi konstitutsiyaviy makonga uyg‘unlashtiriladi. Bu jarayonda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirish ustuvor vazifa bo‘lib hisoblanadi.

To‘rtinchidan, huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblikni ta’minlash bo‘yicha konstitutsiyaviy prinsipni ro‘yobga chiqarish maqsadida qonun hujjatlaridagi 150 dan ortiq ana shunday choralar to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. Jumladan, ayrim qilmishlarni jinoyatlar toifasidan chiqarish va jazo turlarini o‘zgartirish, fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy javobgarlikni bekor qilish borasida huquqiy islohotlar amalga oshiriladi.

Beshinchidan, Konstitutsiyamizda qat’iy belgilab qo‘yilganidek, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz bo‘lib, uning huquqlari
va qonuniy manfaatlariga zid keladigan har qanday harakatlarga qarshi kurashish, hech shubhasiz, eng dolzarb vazifalarimizdan biridir.

Ushbu yo‘nalishda asosiy e’tiborimiz bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan samarali huquqiy mexanizmlarni joriy etishga, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Bolalar ombudsmani va boshqa inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini takomillashtirishga qaratiladi.

Oltinchidan, barcha islohotlarimizda inson va uning manfaatlari markaziy o‘rinda turishi va xalqimiz farovonligi hamda qulay hayot kechirishini ta’minlash davlat organlari uchun bosh maqsad bo‘lishi lozim. So‘nggi yillarda shu maqsadda 300 ga yaqin davlat xizmatlari to‘liq raqamlashtirildi va aholiga 50 milliondan ortiq xizmatlar ko‘rsatildi.

Shu bois, fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda mavjud byurokratik to‘siqlarni keskin qisqartirish hamda ushbu jarayonlardagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirishimiz kerak.

Yettinchidan, biz “Yangi O‘zbekiston – ma’rifiy jamiyat” konsepsiyasi asosida konstitutsiyaviy ta’lim masalasiga ham alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Parlament tomonidan Konstitutsiyani o‘qib-o‘rganish bo‘yicha Milliy faoliyat dasturi qabul qilindi. Asosiy qonunimizni o‘rganishni bolalar bog‘chasidan boshlash, barcha darajadagi ta’lim muassasalari, aholining turli qatlamlari, ayniqsa, davlat xizmatchilari ushbu jarayonga to‘liq jalb etilishi lozim. Shuning uchun davlat xizmatiga ishga kirishda Konstitutsiya asoslari bo‘yicha imtihonlar o‘tkazish tizimini amalda tatbiq etishimiz zarur.

Sakkizinchidan, Konstitutsiya va qonun ustunligini ta’minlashda davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Bu masalada fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor beramiz. Xususan, so‘nggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlarning soni qariyb 40 foizga oshdi va ularni qo‘llab-quvvatlashga 700 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Shu bilan birga, fuqarolik jamiyatining muhim sharti bo‘lgan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz lozim hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha aniq amaliy choralarni ko‘rishda davom etamiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Dunyoning turli mintaqalarida ziddiyat va qarama-qarshiliklar, qurolli to‘qnashuvlar tobora avj olib bormoqda. Oldimizda yangi-yangi muammolar paydo bo‘lmoqda. Hozirgi o‘ta murakkab va tahlikali vaziyatda barchamiz yanada birlashishimiz kerak. Tanlagan yo‘limizdan qat’iy olg‘a borishimiz zarurligini asrlar davomida ko‘plab og‘ir sinov va mashaqqatlardan munosib o‘tgan mard va donishmand xalqimiz albatta yaxshi tushunadi.

Aminmanki, O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi biz uchun bu yo‘lda ulkan ishonch, kuch-g‘ayrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Biz Asosiy qonunimizga tayangan holda, mana shunday noyob Konstitutsiyamizning asosiy ijodkori bo‘lgan ko‘pmillatli, bag‘rikeng va olijanob xalqimiz bilan birga ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz!

Yangi O‘zbekistonni barchamiz birgalikda barpo etamiz!

Siz, aziz vatandoshlarimni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, hammangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring